Yaylovlar - chorva mollari uchun ozuqa bo‘lgan o‘simliklarning tabiiy qoplamiga ega erlardir.
Yaylovlar umummilliy boylik bo‘lib, davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
Yaylovlar cho‘ldagi, yarim cho‘ldagi, tog‘ oldidagi, tog‘dagi va tekislikdagi, suv bilan ta’minlangan hamda suv bilan ta’minlanmagan yaylovlarga ajratiladi.
Tog‘dagi yaylovlar mavsumiy bo‘lib, ulardan yilning faqat muayyan vaqtida foydalaniladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar er uchastkalarini ijaraga, shu jumladan ikkilamchi ijaraga olish yo‘li bilan yaylovlardan foydalanishi mumkin.
Yaylovlar ijara huquqi asosida ochiq elektron tanlov orqali jismoniy va yuridik shaxslarga berilishi mumkin.
Yaylovlardan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari:
Yaylovlardan foydalanuvchilar:
yaylovlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir chora-tadbirlarga muvofiq chorva mollarini o‘tlatish va pichan o‘rish;
yaylov infratuzilmasini barpo etishga doir ishlarni amalga oshirish;
yaylovlardan foydalanuvchilar birlashmasini tuzish huquqiga ega.
Yaylovlardan foydalanuvchilar:
yaylovlardan ularning belgilangan maqsadiga ko‘ra oqilona foydalanishi;
yaylov o‘simliklarini takror ko‘paytirishga ko‘maklashishga, o‘simlik qoplamini tiklashga, shuningdek yaylovlarning tanazzulga uchrashiga yo‘l qo‘ymaslikka doir chora-tadbirlarni amalga oshirishi;
yaylovlar almashinishini tashkil etishi va unga rioya qilishi;
yaylovlarda yong‘inlarning oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rishi, yong‘in o‘choqlarining o‘z vaqtida tugatilishini ta’minlashi;
yaylov o‘simliklari zararkunandalariga va kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirishi;
yaylovlarni saqlab qolishga qaratilgan belgilangan qoidalar, normalar va normativlarga rioya etishi shart.
Yaylovlardan foydalanganlik uchun haq er solig‘i yoki ijara haqi tarzida undiriladi.
Yaylovlardan foydalanish huquqi quyidagi hollarda tugatiladi:
yuridik shaxs tugatilganda;
jismoniy shaxs vafot etganda;
yaylovlar berilgan muddat tugaganda;
boshqa maqsadda foydalanilganda;
oqilona foydalanilmaganda;
yaylov erlari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda;
yaylovlardan foydalanishdan ixtiyoriy ravishda voz kechilganda.
Yuridik va jismoniy shaxslar yaylovlarni ifloslantirganlik, ulardan oqilona foydalanmaganlik, ularning tanazzulga uchraganligi va yaylovlar to‘g‘risidagi qonunchilikni boshqacha tarzda buzganlik natijasida etkazilgan zararning o‘rnini qoplashi shart.