Tashuvchi — shahar yo‘lovchilar transportida, temir yo‘l, havo, avtomobilь, daryo transportida va boshqa transportda yo‘lovchilarni hamda ularning mol-mulkini tijorat asosida tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi va buning uchun maxsus ruxsatnomaga (litsenziyaga) ega bo‘lgan yuridik shaxs.
Tashuvchi yo‘lovchilarning hayoti, sog‘lig‘i va (yoki) mol-mulkiga zarar etkazganlik uchun o‘z fuqarolik javobgarligini tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish boshlanguniga qadar sug‘urtalashi shart.
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasini tuzish uchun tashuvchining yozma shakldagi arizasi asos bo‘ladi. Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi 1 yil muddatga tuziladi. Yo‘lovchilarni va ularning mol-mulkini avtomobilda tashishni amalga oshiruvchi tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi 3 oydan 1 yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilishi mumkin.
Sug‘urtalovchi sug‘urta shartnomasini tuzishdan bosh tortishga haqli emas.
Sug‘urtani tasdiqlovchi hujjat shartnoma va sug‘urta polisi hisoblanadi. Sug‘urta polisi sug‘urta mukofoti tashuvchi tomonidan to‘langanidan keyingi 3 ish kunidan kechikmay beriladi.
Zarur hujjatlar:
ariza;
tashuvchining faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnomaning (litsenziyaning) tashuvchi tomondan tasdiqlangan nusxasi;
sug‘urta mukofotining hisob-kitobi, agar o‘tgan yilda tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi tuzilgan bo‘lsa.
Fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasida quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
shartnoma predmeti;
sug‘urta puli va sug‘urta mukofoti;
shartnomaning kuchga kirish sanasi va amal qilish muddati;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
taraflarning javobgarligi;
nizolarni hal etish tartibi;
shartnomani o‘zgartirish, bekor qilish va muddatidan oldin tugatish tartibi.
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta puli bitta yo‘lovchiga 44 mln. so‘m miqdorda belgilanadi, ulardan:
40 mln. so‘mi — yo‘lovchining hayoti yoki sog‘lig‘iga etkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun;
4 mln. so‘mi — yo‘lovchining mol-mulkiga etkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun.
Tashuvchining huquq va majburiyatlari
Sug‘urtalovchining huquq va majburiyatlari
Shartnomasining amal qilishi quyidagi hollarda muddatidan oldin to‘xtatiladi:
tashuvchi tugatilganda yoki qayta tashkil etilganda;
tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi sud qaroriga ko‘ra haqiqiy emas deb e’tirof etilganda.
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasining amal qilishi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda ham muddatidan oldin to‘xtatilishi mumkin.