Axborotlashtirish — yuridik va jismoniy shaxslarning axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun axborot resurslari, axborot texnologiyalari hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda sharoit yaratishning tashkiliy ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy jarayoni.
Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.
Asosiy tushunchalar:
axborot resursi — axborot tizimi tarkibidagi elektron shakldagi axborot, ma’lumotlar banki, ma’lumotlar bazasi, shu jumladan axborot tizimlarida ochiq shaklda joylashtiriladigan yoxud e’lon qilinadigan audio-, video-, grafik va matnli axborot;
axborot resurslarining yoki axborot tizimlarining mulkdori — axborot resurslariga yoki axborot tizimlariga egalik qiluvchi, ulardan foydalanuvchi va ularni tasarruf etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
axborot resurslarining yoki axborot tizimlarining egasi — qonun bilan yoki axborot resurslarining, axborot tizimlarining mulkdori tomonidan belgilangan huquqlar doirasida axborot resurslariga yoxud axborot tizimlariga egalik qiluvchi, ulardan foydalanuvchi va ularni tasarruf etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
axborot texnologiyasi — axborotni to‘plash, saqlash, izlash, unga ishlov berish va uni tarqatish uchun foydalaniladigan jami uslublar, qurilmalar, usullar va jarayonlar;
axborot tizimi — axborotni to‘plash, saqlash, izlash, unga ishlov berish hamda undan foydalanish imkonini beradigan, tashkiliy jihatdan tartibga solingan jami axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalari;
bloger — Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs.
Axborotlashtirish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va u maxsus vakolat bergan organ - O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi amalga oshiradi.
Axborot resurslari ulardan erkin foydalanish toifalari bo‘yicha hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot resurslariga va erkin foydalanilishi cheklab qo‘yilgan axborot resurslariga bo‘linadi.
Cheklanmagan doiradagi foydalanuvchilar uchun mo‘ljallangan axborot resurslari hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot resurslaridir.
Davlat sirlari to‘g‘risidagi axborotni va maxfiy axborotni yoki erkin foydalanilishi axborot resurslarining mulkdorlari tomonidan cheklab qo‘yilgan axborotni o‘z ichiga olgan axborot resurslari erkin foydalanilishi cheklab qo‘yilgan axborot resurslariga kiradi.
Hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish
Jismoniy shaxslarning shaxsiga taalluqli ma’lumotlar to‘g‘risidagi axborot maxfiy axborot toifasiga kiradi.
Axborot resurslari va axborot tizimlarini muhofaza qilish maqsadlari:
shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligini ta’minlash;
axborot resurslarining tarqalib ketishi, o‘g‘irlanishi, yo‘qotilishi, buzib talqin etilishi, to‘sib qo‘yilishi, qalbakilashtirilishi va ulardan boshqacha tarzda ruxsatsiz erkin foydalanilishining oldini olish;
axborotni yo‘q qilish, to‘sib qo‘yish, undan nusxa olish, uni buzib talqin etishga doir ruxsatsiz harakatlarning hamda axborot resurslari va axborot tizimlariga boshqa shakldagi aralashishlarning oldini olish;
axborot resurslaridagi mavjud davlat sirlari va maxfiy axborotni saqlash.
Axborotlashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.