Kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi





Qarorga ko‘ra, tadbirkorlar kasanachilikni tashkil etganidan kamida 3 oy o‘tgandan so‘ng subsidiya olish uchun Aholi bandligiga ko‘maklashish markaziga yozma ravishda yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladi.




Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarining subsidiya ajratish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan so‘ng 5 ish kuni ichida:


talabgorga har bir kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi kasanachilik faoliyati uchun bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi;
tadbirkorlik sub’ektiga har bir kasanachiga asbob-uskunalar xarid qilib berish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi, biroq BHMning 15 baravarigacha miqdorida subsidiya ajratiladi.

Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi va tadbirkorlik sub’ekti o‘rtasida ijtimoiy kontrakt tuziladi.




Tuman (shahar) hokimliklari va aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi bilan birgalikda kelgusi yil uchun joriy yilning 10 dekabriga qadar ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarni kasanachilik yo‘nalishida kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantiradi.




Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari davlat buyurtmasi asosida nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasbga o‘qitilgan fuqarolarning malakasini baholash choralarini ko‘radi va u bilan bog‘liq xarajatlarni har bir band bo‘lmagan shaxs uchun BHMning 4 baravaridan ortiq bo‘lmagan miqdorda qoplab beradi.