Mehnat nizolari




Ish beruvchi va xodim o‘rtasida yoxud xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) o‘rtasida mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qo‘llash masalalari bo‘yicha, shuningdek yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini o‘zgartirish masalalari bo‘yicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar mehnat nizolaridir.





Mehnat nizolarining turlari:

Ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi quyidagi masalalar bo‘yicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar yakka tartibdagi mehnat nizolaridir:


mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qo‘llash;
xodim uchun yakka tartibdagi yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud yakka tartibdagi mehnat shartlarini (shu jumladan mehnatga haq to‘lashni) o‘zgartirish.

Yakka tartibdagi mehnat nizolariga quyidagi nizolar ham kiradi:


ish beruvchi va mazkur ish beruvchi bilan ilgari mehnatga oid munosabatlarda bo‘lgan shaxs o‘rtasidagi nizo;
ish beruvchi va mazkur ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzish istagini bildirgan shaxs o‘rtasidagi nizo, agar ish beruvchi ushbu shaxsni ishga qabul qilishni rad etgan bo‘lsa.

Xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) o‘rtasidagi:


yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini (shu jumladan, mehnatga haq to‘lashni) o‘zgartirish masalalari bo‘yicha;
jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomasini, shuningdek qonunchilikka muvofiq xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni tuzish va o‘zgartirish masalalari bo‘yicha;
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini qo‘llash masalalari bo‘yicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar jamoaviy mehnat nizolaridir.



Mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qo‘llash masalalari bo‘yicha yuzaga keladigan nizolar da’vo xususiyatiga ega nizolar (huquq to‘g‘risidagi nizolar) jumlasiga kiradi. Da’vo xususiyatiga ega bo‘lgan yakka tartibdagi va jamoaviy nizolar mehnat nizolarini ko‘rib chiquvchi organlarda ko‘rib chiqiladi. Da’vo xususiyatiga ega bo‘lgan mehnat nizolarini ko‘rib chiqishning har qanday bosqichida taraflarning ixtiyoriy roziligi asosida ular tomonidan o‘zaro maqbul echimga erishish maqsadida nizoni mediator ko‘magida bartaraf etish tartib-taomili qo‘llanilishi mumkin.



Yangi mehnat shartlarini belgilash va mavjud mehnat shartlarini (shu jumladan mehnatga haq to‘lashni) o‘zgartirish, jamoa kelishuvlarini, jamoa shartnomasini yoxud qonunchilikka muvofiq xodimlarning vakillari bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki hujjatlarni tuzish, o‘zgartirish masalalari bo‘yicha yuzaga keladigan jamoaviy hamda yakka tartibdagi mehnat nizolari da’vosiz xususiyatga ega bo‘lgan nizolar (manfaat haqidagi nizolar) jumlasiga kiradi. Da’vosiz xususiyatga ega bo‘lgan jamoaviy va yakka tartibdagi mehnat nizolari yarashtiruv-vositachilik tartib-taomillarini yoki mediator ko‘magida nizoni tartibga solish tartib-taomillarini qo‘llash orqali hal etiladi.