Bosh qonunimiz — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul
qilinishi muhim siyosiy, huquqiy xujjat sifatida jahonda yangi, suveren, istiqboli porloq davlat dunyoga kelganining o‘ziga xos shahodatnomasi bo‘ldi.
Inson o‘z hayotini borliqqa, uning qonunlariga e’tibor bermay tashkil eta olmaydi. Shuning uchun o‘zini kashf qilishda, o‘rganishda, uning xususiyatlarini, me’yorini kengroq bilishga intiladi.
Konstitutsiya atamasi qadimda siyosiy tuzum ma’nosini anglatgan. Konstitutsiya xuquqiy davlatning asosiy belgisi hisoblanadi. Unda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hususiyati, taraqqiyotning bosh mezonlari, mamlakat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari o‘z ifodasini topgan bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustaqil yurtning birinchi Konstitutsiyasi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1990 yil 20 iyunda bo‘lgan ikkinchi sessiyasida mustaqillik dekloratsiyasi qabul qilindi. Dekloratsiyada O‘zbekistonning davlat mustaqilligi e’lon qilindi. 1991 — yil 31 — avgustda O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida Qonun qabul qilindi. Bunda Mustaqillik Deklaratsiyasi va Bayonot asos bo‘lib xizmat qildi. Ushbu qonun 17 moddadan iborat. Bu hujjatda O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida qo‘ygan ilk qadamlarining huquqiy asosi yaratildi. O‘z mohiyatiga ko‘ra uni Muvaqqat Kichik Konstitutsiya deb ta’riflash mumkin. Mazkur qonunning yutug‘laridan biri birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi fuqoroligi joriy etildi.U shbu qonunda O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millatidan qat’iy nazar bir hil fuqarolik huquqlariga egaligi hamda ularning Respublika Konstitutsiyasi va Qonunlari himoyasida bo‘lishi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 12-chaqiriq,11-sessiyasida (1992yil, 8-dekabr) xuquqiy va ahamiyatga molik xujjat-Mustaqillik konstitutsiyasi qabul qilindi. U iqtisodiyotda, ijtimoiy-siyosiy munosabatlar va ma’naviy xayotda chuqur islohatlar o‘tkazish uchun puxta xududiy poydevor yaratdi.
Konstitutsiyada eng avvalo, o‘zbek millatining tarixiy an’analari, xududiy tafakkuri o‘z aksini topgan.
Mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi jaxon hamjamiyatining inson huquqlari sohasidagi yutug‘larini to‘la mujassam qiladi. Ushbu Konstitutsiya inson huquqlari sohasidagi barcha muhim qoidalarni: insonning yashash, erkinlik va shahsiy daxlsizlik huquqi, mulkdor bo‘lish huquqi va boshqa shu kabi huquqlarni o‘z ichiga olgandir.
Bizning Konstitutsiyamiz nafaqat yuridik hujjat, balki u milliy mafkuramizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy asosini tashkil etuvchi umuminsoniy g‘oyalarga xizmat qiladi.
Davlat va jamiyat rivojlanishining muhim yo‘nalishlarini va ularning tuzilishlarini belgilab beradigan, tartibga keltiradigan oliy yuridik hujjat konstitutsiyadir.
Mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan hamda rivojlangan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan.
O‘zbekiston Konstitutsiyasi jahondagi yirik siyosatshunoslar-ekspertlar tomonidan xalqaro me’yorlarga to‘la javob beradigan mukammal hujjat sifatida tan olingan.
Xalq manfaatlarini kafolatlovchi Bosh Qomusimiz boshqa yangi mustaqil davlatlar konstitutsiyalaridan tubdan farq qilib, o‘tish davrigagina mo‘ljallanmasdan, balki davlat va jamiyat faoliyatining barcha yo‘nalishlarini belgilab beruvchi dasuriy hujjat sifatida ham yuksak e’tiborga sazovardir.
Farovon turmushimiz rivojida, Vatanimiz va xalqimiz taqdirida Konstitutsiyaning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Konstitutsiyamizni nafaqat tariflaganda, balki qoidalarni moddama-modda ro‘yobga chiqarish asosida uni hayotimiz qomusi deb bilishimiz va qadrlashimiz katta ahamiyatni kasb etadi.
Konstitutsiyamizda xalqimizning huquqiy demokratik davlat adolatli fuqarolik jamiyati, erkin va farovon hayot qurishdek orzu-havasi o‘zining to‘la ifodasini topgan. Unda hayotimizning garovi bo‘lmish tinchlik, osoyishtalik, totuv hayotning asoslari belgilab berilgan. Fuqarolarning huquq va burchlari bir — biriga uyg‘unlashtirilgan. Eng muhimi, inson huquqi, inson erkinligi mustahkam muhrlab qo‘yilgan.
Konstitutsiyamizda eng oliy qadriyat sifatida asosiy e’tibor davlat va ijtimoiy tuzumga emas, balki inson manfaatlariga qaratilgan. Uning 13 moddasida O‘Zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi, deb belgilab qo‘yilgan.
Bundan tashqari inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari e’lon qilinibgina qolmasdan, shu moddaning o‘zida demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilishni ham mustahkamlangan.
Asosiy qonunda inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari mazmunini bevosita ochib beruvchi 34 ta modda mavjud. Uning muqaddimasidan tortib, yakunlovchi qoidalariga qadar inson to‘g‘risida, uning farovonligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik g‘oyalari singdirilgan. Har qanday davlat organining, har qanday mansabdor shaxsning faoliyati inson manfaatlariga bo‘ysundiriladi.
Mustaqillik yillarida biz halqimiz va davlatimizning Konstitutsiyasi ahamiyatini aniq tasavvur qildik va avvalo nimadan voz kechib, nimalarni qo‘lga kiritishimizni anglab yetdik. Shuni alohida ta’kidlash joizki shu bilan birga uni himoya qiluvchi qalqon jamiyatimizning asosiy xuquqiy poydevori hisoblanadi. Eng muhimi konstitutsiya tufayli O‘zbekiston Respublikasi yangi demokratik davlat sifatida dunyo siyosiy xaritasidan munosib o‘rin egalladi.
Prezidentimiz Islom Karimov konstitutsiyaning mohiyatiga ta’rif berar ekan, shunday deb ta’kidlab o‘tgan edi,-“Dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlarda hech bir fuqaro, hech bir odam o‘z ijtimoiy shaxsiy xayotini o‘z qonuniy manfaatlarini himoya qilishi konstitutsiyasiz tasavvur eta olmaydi”.
O‘tgan davr ichida Konstitutsiyamiz jiddiy hayot sinovlaridan o‘tdi. Halqimiz xayotida bu muhim xujjat asosida asrlar mobaynida yuz berishi mumkin bo‘lgan tengsiz o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Yurtimiz sho‘rolar davridan meros bo‘lib qolgan chuqur iqtisodiy tanazzildan qutildi, o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohatlar tufayli bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyot qaror topib bormoqda. Demokratiya tamoyillariga asoslangan milliy davlatchilik va huquq tizimi shakllantirmoqda, ijtimoiy-madaniy soha barqaror rivojlanib, kishilarimizning ma’naviy qiyofasi yangilanmoqda, ularning ongiga istiqlol g‘oyasi tobora chuqurroq singib bormoqda, mustaqil yosh davlatimiz xalqaro jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini egallamoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz manfaati yo‘lida xizmat qiladi. Asosiy qomusimiz hatto insoniyatni qamrab olgan ona tabiat, yer osti va yer usti tabiiy boyliklarigacha qonun himoyasida, chunki u ham inson uchun xizmat qiladi.
Konstitutsiyaning qabul qilinganligi munosabati bilan maktab, kollej, litsey, oliy o‘quv yurtlari hamda ziyo maskanlari bo‘lmish kutubxonalarda ham Konstitutsiyaga bag‘ishlab targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Respublika kutubxonalarining va ARMlarning vazifasi kitobxonlar diqqatini Konstitutsiyamizni o‘rganishga hamda o‘z huquq va burchlarini bilishga, qonun-qoidalarga rioya qilishga va uning davlatimiz siyosatida muhim o‘rin tutishini keng targ‘ib qilishdan iborat.
Bu ishda kutubxonalar va ARMlar adabiyotlar targ‘ibotining kitob taqdimoti, ilmiy-amaliy konferensiya , ilmiy-amaliy seminar, savol-javob kechalari, davra suhbati, bilimdonlar bellashuvi, mavzuli va munozara kechalari, uchrashuv kechasi, kitob ko‘rgazmasi, Konstitutsiya haqidagi nashrlarning obzori singari turli tuman usullaridan foydalanishlari mumkin.
Bunday tadbirlar turkumini tashkil etish uchun tarixshunoslar, huquqshunoslar, hokimiyat vakillari, idora xodimlari, huquqiy markaz hodimlarini jalb qilish mumkin.