Aslini olganda, maslahat berishni yoqtirmayman. Negaki, biror kimga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdan avval uning hayoti, turmush tarzi, xarakteri bilan yaqindan tanishish kerak. Lekin har qanday vaziyatda ham inson o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotmasligi lozim. Ishonch – ko‘p eshiklarni ochishga qodir. Qanday eshikni chertishimizdan qat’iy nazar, uni ochayotganda muomala, tarbiya va o‘zimizga nisbatan ishonchimizga tayanamiz.
«Ayni dam shashtim pasayib, ishonchim sustlashib borayapti, nima qilay?» deganlarga tavsiya emas, hayotiy qarashlarimdan kelib chiqqan fikrlarim bilan bo‘lishmoqchiman.
Bilimingizni oshiring! Ko‘proq kitob mutolaa qiling. O‘z ustingizda ishlang, ilmli inson qoqilmaydi, dunyoqarashi kengaygani sayin o‘ziga bo‘lgan ishonchi ham ortib boraveradi. Kimningdir asossiz fikrlarini tinglash charchatadi, to‘g‘rimi? Sizga nisbatan ham ana shunday kayfiyatda bo‘lishlarini istamasangiz, dadillashing.
Hurmatingizni biling! Ichki dunyongiz, tashqi qiyofangiz, qarashlaringizni hurmat qiling. Zero, bular ham o‘zingizga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Shu bilan birga atrofingizdagilar ham hurmatingizni joyiga qo‘yishadi.
O‘zingizga e’tiborli bo‘ling! Bilimli, o‘ziga ishongan ayol hamisha go‘zal ko‘rinadi! Tan olaylik, «chiroylisiz» degan so‘zdan o‘zimizga nisbatan ishonchimiz ortadi. Darrov qaddimizni tik tutib, boshimizni baland ko‘taramiz. Turmush o‘rtoјimiz, farzandlarimizning e’tirofi esa o‘n chandon ishonchimizni oshiradi. Shunday ekan, tashqi ko‘rinishingizga ahamiyatli bo‘ling!
Mehrli bo‘ling! Mehr-muhabbatingiz, e’tiboringizni atrofingizdagilardan qizg‘anmang. Shunda barcha sizni qadrlaydi, qadr ko‘rgan insonning esa o‘ziga ishonchi oshadi.