Halima Xudoyberdieva
BIR SADO KELADI
JIM-JIM KURTAKDAN


Halima Xudoyberdieva 1947 yil 17 mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida tug’ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1992). ToshDUning jurnalistika fakul`tetini tugatgan (1972). «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog’larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiq qor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Yuragimning og’riq nuqtalari» (1991), «Xo’rlik o’ti» (1993), «Bu kunlarga yetganlar bor» (Saylanma, 1994), «To’marisning aytgani» (1996), «Saylanma» (2000), «Yo’ldadirman» (2005) va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan. T. Minnullinning «Alla» p`esasi shoiraning avtorlashtirilgan tarjimasida O’zbek milliy drama teatri sahnasida ko’yilgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1990).

YURAGIMDA BARGLAR SHIVIRI
O’z dunyom ichida bog’larni yaratdim.
So’lib bitdilar.
Tafakkur kuchidan tog’larni yaratdim.
Nurab ketdilar.
Bog’larim o’rnida xazonlar, supurdim,
Barg, xazon.
Tog’larim o’rnida tepalar, jim turdim.
Dilda qon.
Kuydim men, ammo kul bo’lmadim, qaytalab
Tuproqqa to’kdim men, manglay ter, dil qonim.
Maysa, ko’k maysalar unda zap,
O, jonim!
Qiynading deysanmi, to’g’ri-ku,
O’ylasang menda ham gunox yo’q,
Shu kichik yuragim bo’lsa quv,
Yashasak beg’alva, ko’ngil to’q.
Begona tashvishu jabrga,
Uyquda o’tsa ham umr bir kun
Ketmoq shart so’nggi uy-qabrga.
Shunday, ha, mahkam bo’l, sen jonim.
Yelkaga
Hali ko’p yuklarni yuklarmiz,
Ko’p xazon bog’larni tiklarmiz,
Ko’tara olmasmiz yukni goh,
Va yoki tuyg’umda qular tog’.
Shunda yana yangidan
Tafakkurda tog’lar yaratishimiz,
So’lgan bog’lar o’rnida yashil-yashil,
Daraxtlari shovullab turgan bog’lar yaratishimiz kerak,
O, mening qattiq jonim!
Ishonamanki,
Sen chidab berasan bu talablarga jim.
Yuragimda barglar shivirlayotganga o’xshaydi,
Demak,
Yaratilajak bezavol bog’larimning
Ilk nihollari kurtak yozayapti,
Bog’lar gurkirab qad ko’tarayapti yuragimda,
Barglari yashil-yashil bog’lar…
