Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan jahon she’riyatining eng yorqin vakillarining bolalarga bag’ishlangan she’rlarini taqdim etamiz. Bugun, hech bo’lmasa, farzandingizni o’pib qo’yishni unutmang.
Gabriela MISTRAL
A L L A
Tun dorong’u, tun g’arib
Tun ichra koldi dengiz.
Men beshiging tebratib,
O’zni sezmayman yolg’iz.
Osmon olamda g’arib,
Oyni ham quchdi dengiz.
Seni qo’lda ko’tarib.
O’zni sezmayman yolg’iz.
Inson yer uzra g’arib,
Topilmas biron g’amsiz.
Sen bilan to’liq bag’rim,—
Emasman yakka-yolg’iz…
EZGULIK
Senga atab men aytsam qo’shik,
Butun zamin unutar g’amni.
Kulging misol muloyim, iliq
Tog’u toshlar, qirlar tikani.
Senga atab aytaman qo’shiq,
Dildan quvib og’ir o’ylarni.
Nafasingdan mehrga to’liq
Hatto ilon, qoplon uylari.
Zulfiya tarjimalari
Nozim HIKMAT
SENING BAYRAMING
Sening bayramingga loyiq
so’zlarni topayin qanday?
Gullasin olcha gullaganday
senda tiriklik, sog’lik.
Kap-katta qiz bo’lding, orlik,
eng sevinchli chog’ingdasan.
Hech so’nmasdan porillasin
ko’zlaringda baxtiyorlik.
Kunlar quyoshli, tansiq,
otang qirg’oqqa kelajak.
Senga keltirib berajak
tangalari oltin baliq.
Men esa ozgina cho’g’lik
she’rimni etaman armug’on.
Naq gulsan bu uyda, bolajon,
sendan taralar yorug’lik.
* * *
Dunyoni topshiraylik bolalarga, hech bo’lmasa bir kunga,
Ol alvon bir shar kabi beraylik o’ynasinlar.
O’ynasinlar qo’shiqlar kuylab yulduzlar orasida.
Dunyoni bolalarga topshiraylik.
Ulkan bir olma kabi, topshiraylik issiq bir non kabi,
Hech bo’lmasa bir kun to’ysinlar.
Dunyoni bolalarga topshiraylik.
Bir kun bo’lsa ham o’rgansin dunyo yo’ldoshlikni.
Bolalar dunyoni olajak qo’llarimizdan,
O’limsiz daraxtlar ekajaklar.
QIZBOLA
Oching, eshiklarni qoqqan menman,
eshiklarni bir-bir qoqyapman qars-qars.
Men sizning ko’zingizga ko’rinolmam,
o’liklarni ko’rish mumkinmas.
Men o’lganman Xirosimada,
yillar o’tdi, o’tdi sanalar.
Yetti yoshli qizdirman hamon,
ulg’aymaydi o’lgan bolalar.
Sochlarim tutadi olovlarda,
ikki ko’zim yondi, dovruldi.
Bir hovuch kukunga aylandim,
kukunim havoga sovruldi.
Men sizlardan yolg’iz o’zim uchun
hech bir narsa so’ramayman, yo’q.
Bir qoshiq shakar ham yeyolmaydi
qog’ozday yonib ketgan jujuq.
Eshiklarni qoqqan menman, oching,
qo’l qo’ysin har inson — har qishloq,shahar.
Bundan buyon bolalar o’ldirilmasin,
bundan buyon yeelsin shakar.
1956
«YO AYNI, YO HABIBI!»
Port-Saidlik* Mansurim o’n uch, o’n to’rt yoshida
oyoqyalang, boshyalang tufli moylab o’tirar
oynali, jing’iroqli qutichasin boshida.
Shippaklar, kavushlar, tuflilar, botinkalar —
chang bosgani, loy tekkani, dog’ bo’lgani —
hammasi qo’yiladi oynali qutichaga.
Cho’tkalar qanotlanar, porlar qizil duxoba.
Shippaklar, kavushlar, tuflilar, botinkalar
xursand: yap-yangi bo’lib,
yiltir-yiltir qilib
tushadi oynali qutichadan.
Mansurim qora-qura xurmo turshagi kabi.
Mansurim shirin bola.
Doim bir qo’shid aytar:
«YO ayni, yo habibi!»**
Port-Saidni yoqdilar***, o’ldirdilar Mansurni.
Tonggi gazetalarda ko’rdim fotosuratni:
o’liklarning orasida bir kichik o’lik.
YO ayni, yo habibi!
Xurmo turshagi kabi…
* P o r t-S a i d — Misrga qarashli port shahar.
** «YO ayni, yo h a b i bi»—«Ey yolg’izim, ey suyuklim!» degani, arab xalq qo’shig’idan.
*** 1956 yilda imperialistlar misrliklarning mustaqil siyosatidan achchiqlanib, Port-Saidga o’t
qo’ygandilar.
Miraziz A’zam tarjimalari
Pablo NERUDA
«SAVOLLAR KITOBI»DAN
Nima uchun samolyotlar
o’ynatgani olib chiqmas bolalarini?
Limonlarni tug’armikin
katta-katta zarg’aldoq qushlar?
Nega o’rgatishmas vertolyotlarga
bol yig’ishni oftob nuridan?
To’lin oy qaerda asrab yurarkin
un solingan tungi to’rvasin?
* * *
Agar o’lganimni payqamagan bo’lsam
unda vaqtni kimdan bilaman?
Ko’r odam qaerga qochishi mumkin
talaganda asalarilar?
Sariq ranglar tamom bo’lganda
biz nimadan yopamiz nonni?
* * *
Ayting-chi, atirgul yalang’ochmi,
va yo bu ularning libosimi?
Nima uchun daraxt yashirar
ildizining yaltiroqligin?
Qotil avtomobil tovba qilganin
eshitgan yo ko’rganlar bormi?
Yomg’irda sovqotgan poezddan ham
hasratliroq kimsa bormi olamda?
* * *
Tutun bulut bilan gaplasharmikin?
Umidlarni shabnam qilib sochish kerak — to’g’rimi shu?