Alisher Navoiy haqida she’rlar

Alisher Navoiy

Umid Ali


U havoga qorishdi—mutloq


Va tuproqday singidi yerga.


Hayot otliq jonu jahoni


Olam-olam ortildi she’rda.


Ruhi qanday pokiza—ma’sum,


Bahor kabi dilafgor, mayin.


O’z-o’zingdan poklanasan Sen


Uning uchun yig’lagan sayin.


Bilki,


Mazmun—ko’ngling to’lgan payt—


Shuuringda jonlansa hayot.


Osmonda—ruh, Yerda—vujuding…


Havoda-chi…suzsa dil — bayot.



Alisherning onasi

Abdulla Oripov


Bilmam, qanday ayol bo‘lgan


Alisherning onasi.


Balki uning aqliga ham


Lol bo‘lgan zamonasi.


Balki uning ko‘zlarida


Bo‘lgan og‘ir bir xayol.


Balki g‘amgin bir zotdir u,


Balki sho‘xchan bir ayol.


Balki buyuk farzandiga


Terib kelgan chechaklar.


Balki tunlar unga bedor


Aytib bergan ertaklar.


Mayliga, u kim bo‘lmasin,


Yolg‘iz bir so‘z ma’nosi:


Alisherning onasi u,


Navoiyning onasi.



Navoiy sog‘inchi

Chorlasam deb: «Qaydasan Farhod?»


«Men borman», – der Yosuman kampir;


Qizil gulning o’rnida, hayhot,


Chayqaladi bir tup qalampir:


Netay, Hirot olisdir bugun,


Olisdadir Navoiy bobo, –


Hududlarga qoqilib nigun,


Tarix yig’lar asrlar aro…



Oybek va Navoiy

Abdulla Sher


O’zbekiston Oybek bilan xayrlashgan kun


Mangulikdan bir lahzaga keldi Navoiy, —


Tiriklarga sezdirmasdan siladi beun


Oybekning manglayini ruhi samoviy


Va so’ng uni olib ketdi bosib bag’riga


Abadiyat deb atalgan ruhlar shahriga.



So‘z mulkining sohibqironi

Barot BOYQOBILOV,


…Garchi aqlim oldi ne-ne daholar,


Nazm davlatida sizdek sulton yo‘q.


Padari buzrukdek qilmish duolar,


Sizdek menga aziz bir mehribon yo‘q.


Yo‘qdir turk nazmida siz qadar daho,


“Xamsa”dan buyukroq asar hamon yo‘q.


Yo‘qdir “Xazoin ul-maoniy” – yakto!


Sizsiz Xuroson-u buyuk Turon yo‘q.


Ne baxt, mukarramsiz aziz olamga,


Sizsiz nozimlarga davr-u davron yo‘q.


Qilichlar qudratin bermish qalamga,


Sizsiz ona zamin, toza osmon yo‘q.


Yo‘qdir sizni aziz bilmagan yurtdosh,


Sizsiz ulusimga sharaf-u shon yo‘q.


Yo‘qdir falak uzra balqigan quyosh,


Sizsiz bizga hayot, yorug‘ jahon yo‘q.


Sizdek bunyod etib oliy qasrlar,


Hazrati Insondan, balki shodmon yo‘q.


Havas qilsa arzir ellar, nasllar,


Mashriqda bundayin dorulamon yo‘q…


Siz millat ramzisiz, millat faxrisiz,


Sizdek shamsul millat, zebi jahon yo‘q.


Siz bilan toabad baland qadrimiz,


Tangri nazar qilgan Sizdek komron yo‘q.


Sizga shahar qurdik Navoiy debon,


Bundan ziyod balki, zo‘r armug‘on yo‘q.


Zamon Farhodlari ayladi bo‘ston,


O‘zbekday me’mor-u qo‘li gul jon yo‘q.


Yo‘qdir sizdek hoqon bu jahon aro,


Nazmda zabardast bir qahramon yo‘q.


Yo‘qdir piri komil bir doston aro,


So‘z mulkida sizdek Sohibqiron yo‘q!



Besh asrkim

Abdulla Oripovning “O’zbekiston” qasidasidan


Besh asrkim nazmiy saroyni,


Titratadi zanjirband bir sher.


Temur tig’I yetmagan joyni,


Qalam bilan oldi Alisher!


Dunyo bo’ldi, chamanim manim,


O’zbekiston – vatanim manim!



Navoiy buyuk siymo

Abdulla Oripov


Jahonki muqaddas neni ko’ribdi,


Bariga onasan, ey qodir hayot.


Besh yuz yil naridan boqib turibdi,


Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot.


Shu buyuk o’g’lingni ardoqlab dildan,


Xalqim, ta’zim etsang arzigay tamom.


Uning nomi bilan birga bitilgan


Dunyo daftarida o’zbek degan nom.


Boykaro irg’ishlab istak otida


Jahonga boqqanda misli bola sher,—


Hirot darvozasin bir kanotida


She’riy lashkarini tizgan Alisher.


Dunyoda biror nom holdirmoh uchun


Yurt buzish shart emas, degan gap-ku, rost.


Kimdir pesh qilganda nayzaning kuchin,


Alisher qalamni ko’rsatgan, xolos.


Tun bilan tong erur tashbehda udum,


Misoli zahru may, hajru shakar lab.


Kimnidir quyoshday eslasa mardum,


Kimnidir zulmatday yurarlar qarg’ab.


Nido tingla, bu kun, yurting tarafdan,


Ey, yiroq Hirotda maskan topgan er!


Ogoh bo’l, Alisher, sen ushbu gapdan:


Har ikki nabirang — biri Alisher.


Baytingga bir bora hovushgan har lab,


Takrorlab ketgusi mahshargacha to.


Qaratib turibsan bu yon, ne ajab,


Milliard martabali jahonni hatto.


Birovlar nazdida johil Osiyo


Fakat zavol ko’rib, ko’rmagan kamol.


Muso iltijosi yetdi-yu go’yo,


Hah Tur tog’i uzra ko’rgazdi jamol—


Jahon mehrobida paydo Alisher…


Shodmon qasida ayt sen ham, ey huyosh!


Besh yuz yil.unga ham nima gap axir,


Mingga hadam ho’ydi yigirma besh yosh.



Navoiy bobomlar

Tursunboy Adashboyev


Hirot tuprog`ida voyaga yetgan,


“Qush tili” yo`llarini munavvar etgan,


Yillar to`zonidan sog`-omon o`tgan


Navoiy bobomlar Buyuk odamlar.


“Xamsa”si ko`ngilni shamdek yoritgan,


Tilimizni ko`rkam , boy etgan,


Mag`rib-u mashriq ham iftixor etgan


Alisher bobomlar Qutlug` qadamlar.


Dostonlari chiqmagay yoddan,


So`rang Majnun ,Qaysdan ,Farhoddan,


Layli ,Shirin qaddi shamshoddan,


Navoiy bobomlar Buyuk odamlar


Mir Alisher otash zabondir,


Umri boqiy omon-omondir,


G`azallari fidoyi-jondir,


Navoiy bobomlar Qutlug` qadamlar.



Assalom Navoiy

Navoiyga bag’ishlangan sahna ko’rinishi uchun


Assalom, Navoiy, g‘azal sultoni


Yetubdur suhbatingiz olmoq mahali.


Siz-la diydorlashmoq zo‘r istak edi,


Muborak yoshingiz bir imkon berdi.


Buyuk tog‘lar ichra bo‘lib buyukroq,


Suyuk tog‘lar ichra bo‘lib suyukroq


Navoiy ko‘rinar ko‘zimga mening,


Nafasi urilar yuzimga mening



Navoiy bobom

Erkin Vohidovning “O’zbegim” qasidasidan parcha


— Menga Pushkin bir jahonu


Menga Bayron bir jahon.


Lek Navoiydek bobom bor,


Ko’ksi osmon, o’zbegim!



Navoiydan so’z ochsam agar

Hirot ichra tug’ildi ulug’ zot


Qozondi dunyoda ilmla zo’r ot


Taxallusi bo’ldi Navoiy ismi Alisher


Futun maydonida erlar aro er .


Toki yangrar hayot qo’shig’i


Ochiladi orzu eshigi


Tebranadi xalqim beshigi


Navoiydan so’z ochsam agar


Jahon umriga teng Navoiy umri


She’riyat ahlining bayroqdori ul


G’azal olamida nidosi amri


Qo’shig’I kuy bo’lib yangragay mangu


Kelajakka qo’yib poydevor


Tarix so’zlar ko’zgusiga bo’y


Nazm oqar azim shiddatkor


Og’ushiga tortib ketar oy



Navoiy bobomga she’r

Besh yarim asrdan o‘tsada zamon


Adolatga chorlar siz qurgan minor


O‘tsada necha yil necha bir zamon


Shoirlar bo‘ynida siz bergan tumor


Nizomiy qoliga qo‘liga urdingiz


So‘ng bu maydon ichra surdingiz


Go‘yoki besh doston besh haykal bo‘lib


She’riyat ko‘ksiga qasr qurdingiz.



«Sulton Navoiy”

Dil mulkidin dur tutgan sulton Navoiy,


Hikmat otliq nur tutgan osmon Navoiy.


Tafakkurning tog‘iga chiqmoq istasang,


Umring tilab qo‘l cho‘zgan imkon Navoiy.


Go‘zallikning mevasi ko‘kdan tushmagay,


Turkiy tilda bol bergan bog‘bon Navoiy.


O‘qinga ming rahmat uqganlar aytsin,


So‘z ila el qadriga qalqon Navoiy.


Besh yuz yillar besh ming bob kelgaydir illo,


Asrlarni qotirgan davron Navoiy.



Alisher Navoiyga bag’ishlov

G’afur G’ulom


Yuksak tog’ oralab o’kirgan sherning


Na’rasiga tengdir aksi sadosi,


Besh yuz yil yangradi tog’day Vatanda


Buyuk Alisherning asriy nidosi.


Daraxshon yulduzlar sari o’kirgan,


Bo’ynida zanjiru, qalbi ozod sher.


Ineoniy muhabbat mehri-la vafo,


Erku baxt timsoli ulug’ Alisher


Besh yuz yil hurmating saqlagan o’zbek


Kecha tug’ilding, deb qiladi faraz,


Yetuk kishilarni yana ming yillar


Xalq farzand ataydi, jondan — beg’araz.


O’zbek deb atalgan ozod ulusning


Otaxon shoiri, qadrli ustod.


Oshiqlar g’azaling kuyga solganda,


Ma’shuqlar dilining xonasi obod.