Abulg`ozi Bahodixon va uning «Shajarai turk» asari
Abulg`ozi Bahodixon va uning «Shajarai turk» asari.
O`zbekiston tarixi Xorazm tarixisiz tasavvur etib bo`lmaydi. Chunki, O`zbek xalqi hamda uning davlatchiligi, madaniyati shakllangan beshiklaridan biri – bu qadimiy Xorazm vohasidir.
Xorazmda hukm surgan Shayboniylar sulolasi (1512-1688)ning ko`zga ko`ringan vakili, Xiva xoni (1644-1663), tarixchi olim, tabib Abulg`ozi Bahodirxondir.
Abulg`ozixon murakkab siyosiy-ijtimoiy rivojlanish jarayonida, qaltis vaziyatda, shiddatli kurashlar oqibatida Xiva taxtiga o`tirdi. U davlat boshlig`i sifatida feodal siyosiy tarqoqlikni tugatish, markazlashgan davlat hokimiyatini tuzish va uni mustahkamlash, mamlakat mustaqilligini ta`minlash uchun kurash olib bordi.
Abulg`oziy vafotidan so`ng, xon hokimiyati zaiflashib ketdi. Inoqlar, davlat siyosatida u yoki bu shahzodani «xon ko`tarish o`yini» natijasida, o`z ta`sirini kuchaytirib bordilar. «Shayboniy xonlaridan Abulg`oziy xondan keyin, — deb yozadi Mulla Olim Maxdum Xoji, — xonlar podshohligidan yolg`iz ismi podshohlikka qanoat qilib qo`llarida aslo hukumat va tasarruf bo`lmay, inoqlar ra`yicha ish va alarning kalomi ila takallum qilib … inoqlar xonbozlik qilur edilar».
Taniqli venger olimi H.Vamberi: «Abulg`oziy o`z hayotining barcha qirralari bilan birga bizga Boburni eslatadi», deb baho bergan edi. Agar shoir va olim Zahiriddin Muhammad Bobur XV asrda eski o`zbek-chig`atoy tilida olamshumul ahamiyatga ega «Boburnoma» asarini yaratib, o`zbek xalqi va uning adabiy tili taraqqiyotiga beqiyos hissa qo`shgan bo`lsa, Abulg`ozi XVII asrda turkiy tilidagi tarix fanining yorg`in uylduzi bo`lib qoldi. Uning bu boradigan xizmati markazlashgan davlat tuzish kabi buuykdir.
Bir necha tilni mukammal bilgan Abulg`ozi o`sha davr udumlariga ko`ra arab, fors tillarida emas, turkiy tilda ijod qildi. «Bu tarixni yaxshi va yomon barchalar bilsun» deb turkiy til birlan aytdim. Turkiyni ham andoq aytubmanki, bet yoshar o`g`lon tushunur». Uning ana shunday asarlaridan biri «Shajarai tarokima», deb atalib, bu asar turkmonlarning boshliqlari va beklari iltimosiga ko`ra «1658-1611 yillarda yozilgan», deb taxmin qilinadi. Ushbu asar 1958 yilda akademik A.N.Kononov (1900-1986) tarafidan tanqidiy matni, ruscha tarjimasi va ilmiy tadqiqi bilan Sankt-Peterburgda chop etilgan. Hozirda zamonaviy o`zbek tilida ham nashr etildi.
Abulg`oziyning ikkinchi asari «Shajariy turk va mo`g`ul» deb atalib, 1664 yilda yozila boshlagan va vafoti tufayli tomomlanmay qolgan. Asar Abulg`ozining vasiyati va o`g`li Anushaxonning topshirig`i bilan Mahmud ibn Muhammad Urganjiy tomonidan tugallangan.
Mazkur asar qisqacha muqaddima va 9 bobdan iborat bo`lib, Odam atodan to turklarning Mo`g`ulxongacha va undan Chingizxon, Shayboniyxongacha bo`lgan davrda ularning Movarounnahr, Sharqiy Turkiston, Mo`g`ulistonda hukm surgan avlodlari shajarasi, shu davrlardagi ba`zi ijtimoiy-siyosiy voqealar tasvirlanadi. Asarning so`nggi IX bobida Xorazmda hukm surgan Shayboniy sulolalar haqida so`z borib, eng qimmatli qismini tashkil qiladi. Unda tark-mo`g`ul qabilalari, ularning kelib chiqishi, nomlarining mazmuni, yashash joylari to`g`risida ma`lumotlar keltiriladi. Asardagi tarixiy-siyosiy ma`lumotlar ichida Shaybon ulusi, uning vujudga kelishi va chegaralari, XV asrning oxiri va XVI asrning boshlarida bu ulusning holati, Xorazmning XVI-XVII asrning birinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy ahvoli, Xiva xonligining Russiya, Qozoq hamda Buxoro xonliklari bilan munosabatlari yoritilgan o`rinlar O`zbekiston tarixi tarixshunosligining masala va muammolarini tadqiq qilishda juda qimmatlidir.
Mazkur asar Abulg`ozixonni tarixchi olim sifatida olamga tanitdi. U XVIII asrdan Yevropa tillariga tarjima qilina boshlandi. Nihoyat, 1992 yilda asar hozirgi zamon imlosida B.Ahmedovning so`z boshisi, mas`ul muharrirligida nashr etildi.
Yuqorida keltirilganlarning o`zi Abulg`ozi Bahodirxon va uning asarlari tarixshunoslik faniga ulkan hissa qo`shgan buyuk shaxs sifatida qaralishiga imkon beradi.