So‘z so‘ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak. Tuzilgan jumlani yozuvchining o‘zigina tushunib, boshqalarning tushunmasligi katta ayb. Asli yozuvchilik aytmoqchi bo‘lgan fikrni hammaga barobar anglata bilishda, oraga anglashilmovchilik solmaslikdadir.
Qalam — o‘qlog‘i, adabiyot — ketmon bozori emas. Yo‘sinsiz ravishda xotiraga kelgan har bir so‘zdan jumlalar to‘qimoq fazilat sanalmaydi. So‘z qolip, fikr uning ichiga qo‘yilgan g‘isht bo‘lsin, ko‘pchilik xumdonidan pishib chiqqach, yangi hayot ayvoniga asos bo‘lib yotsin.
* * *
Yozuvchi turmushni har taraflama o‘rganishi, buning uchun uning har sohalaridan xabardor bo‘lishi kerak. Qisman boshimdan kechirganlarim mening yozuvchi bo‘lishimda katta rol o‘ynagan. Haqiqiy yozuvchi bo‘lishni istagan yoshlarimiz ham dastlab shu turmush ichiga kirishlari, uni bilishlari kerak.
* * *
Yozuvchi bo‘ladigan har biri kishi adabiyotdagi oqim va maktablarni yaxshi bilib olishi kerak. Eng yaxshi yozuvchilarning asarlarini bir necha qaytalab o‘qish zarur. O‘qiganda ham, yozuvchi nima demoqchi ekanini va o‘z fikrini qanday yo‘l bilan o‘quvchiga anglata olganiga diqqat qilib, surishtirib borishi kerak. Shundagina yozuvchilardan hunar o‘rganish mumkin.
* * *
Fikrning ifodasi xizmatiga yaramagan so‘z va jumlalarga yozuvchi aslo o‘rin bermasligi lozim. Shundagina iborani tuzatib bosishga yo‘l qo‘ymagan, mustaqil uslub va ifodaga ega bo‘lib, o‘zingizning qalamdagi istiqbolingizni ta’min qilgan bo‘lasiz. Kishiga ishonish va behuda kuchanish ma’qul gap emas. Birovga orqa qilib, o‘zingizga bo‘lgan talantning ruhiga fotiha o‘qiy ko‘rmangiz. Bir soatda emas, o‘n soatda yozish, bir qayta emas o‘n qayta tuzatish kishining yordamiga termulishga qaraganda ham foydali, ham umidlidir.
* * *
Hikoyani “sersuv” qiladigan narsalardan biri ko‘rsatish o‘rniga so‘zlab berishdir. Agar Ochumelovning buqalamun ekani uning so‘zlari orqali ko‘rsatilmay, avtor tomonidan ta’riflansa, dunyo-dunyo so‘z ketar edi. Chexov buni o‘zi aytib bermasdan, Ochumelovning o‘z so‘zi bilan qisqa satrlarda ko‘rsatadi-qo‘yadi.
* * *
Uslub degan narsa til bilishga bog‘liq bo‘lgan va har bir yozuvchi tilining xarakteri kabi bo‘lib tanilgan bir xususiyatdir. Yozishga malaka hosil qilingach, uslub ham o‘z-o‘zidan tug‘iladi.
* * *
Komediya deganda nima to‘g‘ri kelsa, shundan kulavermak emas, balki o‘zining tub shartiga muvofiq etib kulmak, uni yozganda mavzuni turmushimizning naq chirik bir joyidan olmoq va shu bilan barobar, adabiyot tarozusiga olib yozmoq kerakdir.
* * *
Kulgilikni yozganda, uni siz yasagan bo‘lib ko‘rinmang, balki o‘zi yasagan bo‘lsin. O‘z holini o‘zi arz qilsin. Toki, o‘quvchingizgina emas, hatto kulgida qolgan raqibingizning o‘zi ham mojarosiz siz bilan birgalashib kulishmakka majbur bo‘lsin.
Adabiyotda bir necha xil kulgi yo‘llari bo‘lsa ham, (masalan, piching, kesatish, kinoya, tag‘ofil va boshqalar) lekin eng mo‘tabari xarakter kulgisidir.
* * *
Adabiyot dunyosida ikki turli tanqid bor: jiddiy va hajviy tanqid. Jiddiy tanqid o‘zining kuzatgan nishonasi ustida o‘zgarishlar yasasa ham, ammo ko‘pincha avomga majhulroq bo‘lib o‘tadi. Aytish mumkinki, jiddiy tanqid bahs qilingan masalaning o‘z ahliga, ya’ni yuqori tabaqa ziyolilarga maxsus kabidir. Undan so‘ng, jiddiy tanqid turmushning har bir burchagiga kirib yurish uchun ham tanazzul etolmaydi. Bu jihat bilan qaralsa-da, u ommaviylik xususiyatidan yiroqdir.
Tanqidning ikkinchi xili bo‘lgan hajviy tanqid (satira ma’nosi bilan) ommaviy deyilsa bo‘ladi. Chunki kulgi tanqid turmush bo‘lib uchquvchi burgutdir. Hayot sharoitiga yaramagan zaif, qizranch, manfur, muzir, shuning singari unsurlar unga yemdir.
Hajviy tanqid avomning ruhiga yaqin va uning his etgan, ammo ifoda qila olmagan masalalariga tarjimondir. Xulosa: hajviy tanqidning tabiatidagi kulgulik unsuri avomning mahbubi, tag‘in to‘g‘risi, uning o‘z ijodidir.
* * *
Tarixiy romanning bir yaxshi xususiyati shundaki, u bir jihatdan badiiy asar sifatida kitobxonga maroq beradi, ikkinchi jihatdan o‘kuvchini bir qadar tarix bilan oshna qiladi…
* * *
O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilining kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar.
* * *
Hamma til ham ko‘shni tillardan “qarz” oladi. Busiz iloji yo‘q. Asar faqat o‘z tilidagina yozilsa shirasiz, quruq chiqadi. Yozuvchi o‘z xalqining tilini, folklorini kamol o‘rganishi shart va bir necha tillarni, ayniqsa yaqin qo‘shin tillarni bilishi fazilat. Shundagina tili boyiydi, asari jonlanadi.
* * *
Kitobni tushunib mutolaa qilish kerak. Ba’zan tushunib mutolaa qilishning o‘zi kifoya qilmaydi. Fikrlar tez unutilishi mumkin. Bunday hollarda ayrim zarur fikrlarni yod olish kerak bo‘ladi.
Yozuvchini, garchi shaxsan tanilmasa ham, asarlarini o‘qib, qanday tabiatli kishi ekanini g‘oyibona bilish, tasavvur qilish mumkin. Chunki u asarlarda asosan o‘z tabiatini, ruhini tasvirlaydi.