Azmu jazm bilan ish tut (Amir Temur o‘git va yo‘riqlaridan)
Ishbilarmon, mardlik va shijoat sohibi, azmi qat’iy, tadbirkor va hushyor bir kishi ming-minglab tadbirsiz, loqayd kishilardan yaxshidir.
Kengash ikki turli bo‘lur: biri – til uchida aytilgani, ikkinchisi – yurakdan chiqqani. Til uchida aytilganini shunchaki eshitardim. Yurakdan aytilgan maslahatni esa qalbim qulog‘iga quyardim va dilimga joylardim.
Agar ikki xatarlik yoki bir xatarlik ishni qilishga to‘g‘ri kelgudek bo‘lsa, ikkovidan barobar qutulish chorasi topilmagach, bir xatarini ixtiyor etmoq kerak.
Davlat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilur.
Adolat va insof bilan Tangrining yaratgan bandalarini o‘zimdan rozi qildim. Gunohkorga ham, begunohga ham rahm qilib, haqqoniyat yuzasidan hukm chiqardim. Xayr-ehson ishlarim bilan odamlar ko‘nglidan joy oldim.
Qilmoqchi bo‘lgan ishlarini qilmasdan qoldirmasinlar. Agar biror ishni qilmaslikka so‘z berar ekanlar, yaqiniga ham yo‘lamasinlar. Xotirdan chiqmasinkim, Tangri taolo jasur kishilarni ardoqlaydi.
Azmu jazm bilan ish tutdim. Biror ishni qilishga qasd etgan bo‘lsam, butun zehnim, vujudim bilan bog‘lanib, bitirmagunimcha undan qo‘limni tortmadim.
Xarob bo‘lib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga yangi ko‘priklar qursinlar, yo‘l ustida har manzilgohga rabotlar qursinlar. Yo‘llarga kuzatuvchi va soqchilar qo‘ysinlar, har bir rabotga bir nechta odamni joylashtirsinlarki, yo‘llarni kuzatish va saqlash ishlari shularga tegishli bo‘lsin. Yo‘lovchilar mollarini g‘aflat bosib, o‘g‘irlatib qo‘ymasliklarining vazifasi ham o‘shalarning zimmasida bo‘lsin.
Hokimlar, sipoh va raiyatdan qaysi birining xalqqa jabr-zulm yetkazganini eshitsam, ularga nisbatan darhol adolatu insof yuzasidan chora ko‘rdim.
Har kimning qadr-qimmatini, tutgan mavqeini va har narsaning o‘lchovini belgilab olishing va shunga muvofiq ish yuritishing kerak.
Ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni o‘zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda bo‘lishga intildim.
Do‘st-dushmandan kimki menga iltijo qilib kelgudek bo‘lsa, do‘stlarga shunday muomala qildimki, do‘stligi yanada ortdi, dushmanlarga esa shunday munosabatda bo‘ldimki, ularning dushmanligi do‘stlikka aylandi.
Eng baland minora ham yerdan ko‘tarilgay.
Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo‘lini to‘sdim.
Shijoatli kishilarni do‘st tut, chunki Tangri taolo jasur kishilarni ardoqlaydi.
Hech kimga g‘azab bilan qattiq muomala qilmadim va hech bir ishda tanglik qilmadim, toki Tangri taoloning g‘azabiga duchor bo‘lmayin va ishimni buzib, holimni tang aylamasin deb.
Menga iltijo qilib kelgan badkirdor odamlar xoh menga yaxshilik qilgan bo‘lsinlar, xoh yomonlik, saltanat taxtiga o‘tirganimdan keyin ularni xayr-ehsonlarim bilan xijolatga qo‘ydim. Menga qilgan yomonliklarini qilmagandek ko‘rib, ularni yomon qilmishlari daftari ustiga afv qalamini tortdim.
Sarmoyasi qo‘lidan ketib qolgan savdogarga o‘z sarmoyasini qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli mikdorda oltin berilsin. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, unga ekin-tikin uchun zarur urug‘ va asbob tayyorlab berilsin. Agar fuqarodan birining uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, kerakli uskunalarni yetkazib berib, unga yordam berilsin.
Yaxshilarga yaxshilik qildim, yomonlarni esa o‘z yomonliklariga topshirdim. Kim menga do‘stlik qilgan bo‘lsa, do‘stligi qadrini unutmadim va unga muruvvat, ehson, izzatu ikrom ko‘rsatdim.
Yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin.
Hech kimdan o‘ch olish payida bo‘lmadim. Tuzimni totib, menga yomonlik qilganlarni Parvardigori olamga topshirdim. Sofdil kishilar, sayyidlar, olimlar va fozillarga dargohim doim ochiq edi. Nafsi yomon himmatsizlarni, ko‘ngli buzuq qo‘rqoqlarni majlisimdan quvib yubordim.