Alber Kamyu «kundaliklar»idan

Erkinlik, bu — yolg‘on gapirmaslik huquqidir.


* * *


Nega men san’atkorman, faylasuf emasman? Chunki men g‘oyalar orqali emas, so‘zlar vositasida fikrlayman.


* * *


Hayotning buyuk savoli — odamlar orasida qanday yashash.


* * *


Tragediya.

L.: Dunyoni qayta yaratish — arzimas vazifa.

S.: Dunyoni emas, odamni qayta yaratish darkor.


* * *


Faqat obrazlar orqali tafakkur qilish mumkin. Agar faylasuf bo‘lishni xohlasang, romanlar yoz.


* * *


Grenye kommunizm haqida: “Adolat idealini deb bema’niliklarga rozi bo‘lish kerakmi”. “Ha”, deb javob berish mumkin, bu — go‘zal. “Yo‘q”, deb ham javob berish mumkin, bu — vijdonan bo‘ladi. — Butun masala ana shunda.”


* * *


Erkin matbuot yaxshi ham, yomon ham bo‘lishi mumkin. Erksiz matbuot faqat yomon bo‘ladi.


* * *


Kamdan-kam odam san’atni anglashga qodir.


* * *


Yozish — minnatsiz yumush demakdir.


* * *


Manu qonuni:

“Ayolning dudog‘i, yosh qizning ko‘ksi, go‘dakning duosi, qurbonlik olovi hamisha pokiza”.


* * *


O‘limda o‘yin va qahramonlik o‘zining haqiqiy ma’nosiga ega bo‘ladi.


* * *


(1936), mart.

Mening shodligim chegarasiz.


* * *


31    Mart.

Menda shunday tuyg‘u borki, go‘yo men bir maromda tubanlikdan ko‘tarilayotgandekman…


* * *


May.

Jazoirda kun og‘ayotganda ayollar naqadar go‘zal.


* * *


Ayolning ayovli va sipo do‘stligi.


* * *


XX asrning eng kuchli ehtirosi — malaylikdir.


* * *


Eng xavfli yo‘ldan ozish: hech kimga o‘xshamaslik.


* * *


Men hech narsadan ko‘z yummaslikni afzal bilaman.


* * *


Hamisha haq bo‘lishga intilish — aqlning tarbiya topmaganligi belgisidir.


* * *


Har qanday odamning hayotida buyuk tuyg‘ular kam, mayda hislar ko‘p bo‘ladi…


* * *


Ha, mening vatanim bor: frantsuz tili.


Rus tilidan Mahmud Sa’diy tarjimasi


ziyouz.uz