Amerika hindularining hikmatli so‘zlari

• Orqamda yurma, yo‘lboshching emasman. Oldimga o‘tma, muriding emasman. Senga ergashib yura olmayman. Yonimda yur. Seni ko‘rib turay, shunda ikkimiz teng bo‘lamiz.

• Ovlamoqchi bo‘lsang eng zaif kiyikni ovla. Sog‘lomlari nasl surdirishi zarur.

• Tinchlik va baxt har onda mavjud. Tinchlik va baxt har odimda bor. Ruhiyat masalalarida siyosatga o‘rin yo‘q.

• Boshqa birovning kamchiligi haqida gapirishdan oldin o‘z chorig‘ingning ichiga boq.

• Bitta dushman ko‘p, yuzta do‘st ozdir.

• Bir marta “mana buni ol” deyish, ikki marta “men beraman” degandan afzaldir.

• To‘xta, tingla. Tinmay gapiraversang hech nimani eshitolmaysan.

• Dushmanimni kuchli va jasur qil. Agar uni yengsam xijolat bo‘lmayman.

• Agar soya inson bo‘yidan uzun bo‘lsa, demak quyosh botayotgan bo‘ladi.

• Agar har kim bittadan muhtojga yordam bersa, yer yuzida ehtiyojmand qolmaydi. Har kun bir kishiga yordam ber!

• Ko‘zda yosh bo‘lmasa, ruhda kamalak hosil bo‘lmaydi.

• Ko‘zing bilan emas, qalbing bilan qaror qil.

• Bilim moziydir, hikmat esa istiqbol.

• Har bir kishi farqli tush ko‘radi. Buni eslab turishda hikmat bor.

• Xiyonat do‘stlik zanjirini zanglatadi; vafo esa yaltiratadi.

• Bahorda yerni asta bos, chunki tuproq unga xomiladordir.

• Insonning ichida biri yaxshi biri yomon ikkita it doim urishib yashaydi. Qaysi birini ko‘proq boqsang o‘sha g‘alaba qiladi.

• Inson tabiatdan uzoqlashgan sari qalbi ham qattiqlashib boradi.

• Inson ko‘zi aytgan so‘zlarni til talaffuz qila olmaydi.

• Burgutni uning pati bezagan o‘q bilan urib tushiradilar.

• Mag‘lubiyatni nomardlik bilan qozonilgan g‘alabadan ko‘ra afzal bil. Birinchisi bir muddat qiynaydi, ikkinchisi esa bir umr.

Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

ziyouz.uz