Viktor Tomilov. Kosa tagida nimkosa Kim bitta toshga ikki marta qoqilsa, uchinchi marta ham qoqiladi.* * *Batartib turmush uchun kurashib, o‘z uyida shikoyat daftari yuritishni yo‘lga qo‘ydi.* * *Agar dunyoni ag‘dar-to‘ntar qilmoqchi bo‘lsang, buning yo‘li oson: oyog‘ingni osmonga qilib, boshing bilan tursang bas.* * *O‘rmondagi e’lon: tsirkda ishlash uchun olim ayiq kerak.* * *Ko‘k rang tinchlantiradi: masalan, ko‘z ostidagi ko‘kariq…* * *Tushlar nafaqat umrni, balki ish vaqtini ham qisqartiradi.* * *Erning tortish kuchi hamma joyda bir tekisda emas: mansab orom kursilarida u sezilarli darajada kuchliroq.* * *Agar o‘zingizda kitobni ochishga yetgulik kuch topolmayotgan bo‘lsangiz, bemalol og‘ir atletika bilan shug‘ullansangiz bo‘ladi.* * *Bo‘ydoqlikning barcha huzur-halovatini his qilish uchun… uylanish kerak.* * *San’at qurbonlar talab qiladi, ammo qurbonlar hammavaqt ham spektaklga kelavermaydi.* * *Farishtadek yashash uchun shaytondek ishlash kerak.* * *O‘qishni boshlash hech qachon kech emas, hatto oliy o‘quv yurtini bitirgandan keyin ham.* * *E’lon: hammualliflar guruhiga muallif kerak* * *Ichishni tashlash o‘zi ozlik qiladi, sog‘lom fikrlashni ham o‘rganish lozim.* * *Kitob javoniga “dafn qilingan” kitobni dunyo yuzini ko‘rdi deb hisoblash mumkinmi?* * *Xotini uni katta odam deb hisoblaydi, chunki xotini olib bergan kiyimlari hamisha kattaroq keladi.* * *Pulni narigi dunyoga olib ketib bo‘lmaydi, ammo pul bilan orttirilgan shuhratni olib ketish mumkin.* * *Stolning fikri: oyoqlar va keng yelka bo‘lsa bo‘ldi, bosh hammavaqt topiladi.* * *— Eh! Mening hayotimga hech kim aralashmagandami! Nimalarga qodir ekanligimni ko‘rsatib qo‘yardim! — dedi xamir.* * *Yaxshi eshitish qobiliyati nafaqat musiqachilarga, balki jamoatchilikning fikrini bilishi lozim bo‘lgan odamlarga ham kerak.* * *Shuhratparast edi… jismoniy mashqlardan faqat yuqoriga tortilishnigina bajarardi…* * *Nog‘oraning asosiy afzalligi — ichi bo‘shligidir.* * *Ishlayotganlarga kamroq xalal berish — ishlab chiqarishni o‘stirishning katta zaxirasidir.* * *Bir ko‘z qisish bilan bitadigan ishlar bor, ammo kimga ko‘z qisishni bilish kerak-da…* * *Qo‘llar va oyoqlar tezroq boyib ketishni istab qolishganda, boshni qimmatroq bahoda sotishga harakat qilishadi.* * *Oltindan yasalgan baliq Oltin baliq bo‘lolmaydi.* * *O‘zing o‘tirgan shoxni kesishning nima keragi bor? Pishaver — o‘zlari qoqib tushirishadi.* * *Butun hayotida qiyshiq oynaga qarab kelgan odam to‘g‘ri oynadan o‘zini taniy oladimi?* * *Odam hamma narsaga qodir! Faqat odam bo‘lish qiyin.* * *Miqdor sifatga aylanadi, ammo yuqoridan berilgan ko‘rsatma bo‘yicha…* * *Qanday boy til!… U bilan har qanday miqdordagi pulni ifodalash mumkin.* * *Agar qo‘llar qisqa bo‘lsa, unda muvaffaqiyat oyoqlarning uzunligiga bog‘liq bo‘ladi.* * *Keng xalq iste’moli mollari fabrikasi parodiya janrida faoliyat ko‘rsatardi…* * *Uchar likopchani cho‘chitib yubormaslik uchun unga qoshiq ko‘tarib yugurib bormaslik kerak…* * *Qora kunga deb o‘g‘irlangan narsa o‘sha kunni yaqinlashtiradi.* * *Moddaning og‘irligi o‘lchanayogan joyga emas, kim o‘lchayotganiga bog‘liq.* * *Ayrim odamlar qayerga yiqilishi mumkinligini bilishadi va oromkursi hozirlab qo‘yadi.* * *Eshakning faxrlanish uchun asosi bor — uni tez-tez odam bilan tenglashtirib turishadi.* * *Ko‘z, qosh, burun ham milliy o‘ziga xosliklarga… og‘iz esa baynalmilal xarakterga ega.* * *Bo‘ri ham qo‘ylarni yaxshi ko‘radi, ammo o‘ziga xos tarzda…* * *Yozganlari shunchalar xom ediki, g‘ijimlab o‘choqqa solganda ham yonmadi.* * *Odamlarni bir-biridan masofa emas, fikrlar uzoqlashtiradi.Ruschadan Habib Siddiq tarjimasi.“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 12-sonziyouz.uz Aforizmlar 0 1 2 3 4 5 Жалоба 3 0 13-02-2024, 16:20