Aslida Gyote kattalarning shoiri va uning nomi jahonning Shekspir, Bayron, Pushkin, Gyugo kabi klassiklari qatorida turadi. Hatto, uni olmonlarning Navoiysi desak ham bo‘ladi. Shoirning «Faust», «G‘arbu Sharq devoni» tsingari katta she’riy asarlari, «Yosh Verterning iztiroblari», «Vilgelm Meysterning o‘qish yillari» nomli nasriy asarlari, «She’riyat va haqiqat» degan tarjimai hol, ayni chog‘da she’r va hayot tadqiqiga oid katta kitoblari ikki asrdan beri o‘quvchilar qo‘lidan tushmay keladi. Har qanday buyuk ijodkor asar yaratarkan, yosh kitobxonlarni ham nazaridan chetda qoldirmaydi. Gyote ham bundan mustasno emas.
XVIII asrda yashab o‘tgan mashhur olmon adabiyotchisi Gotfrid Herder (1744-1803) xalq og‘zaki ijodiga, milliy tarix va xalq she’riyatiga yaqinlik adabiyotning taraqqiy etishiga unumli ta’sir o‘tkazishini ko‘p ta’kidlar edi. Uning o‘zi ham xalq qo‘shiqlari, dostonlarini el og‘zidan yozib olish bilan shug‘ullanar va bu sohaga katta shoir yozuvchilarni ham jalb qilgan edi. Bu ishning natijasi o‘laroq, «Qo‘shiqlarda xalq ovozlari» nomli to‘plam tayyorlab nashr ettirganda, bu hodisa olmon she’riyatida romantik harakatning shakllanishiga katta hissa qo‘shdi. Ana shu to‘plamga Gyote yozib olgan bir qator xalq qo‘shiqlari ham kiritilgan. Uning xalq og‘zaki ijodiyotiga, xalq qo‘shig‘iga qiziqishi, qo‘shiqlardagi samimiyat va obrazli tilning yorqinligi uni bir talay she’rlar yaratishga undadi. Ayniqsa, uning «Yovvoyi gul», «O‘rmon shohi» kabi balladalari va hikmatli she’rlari el orasida katta olqishlarga sazovor bo‘ldi. Quyida biz Gyotening o‘sha balladalari va bir qator hikmatli she’rlarini siz, mushtariylar e’tiboriga havola qilamiz.