Jak Iv Kusto hikmatlaridan

Imkonsiz tuyulgan ishlarni uddalashni muvaffaqiyat deyish mumkin.


Agar mantiqqa bog‘lanib qolganimizda, kelajak bizga afsus-nadomatlar olib kelardi. Mantiqdan muhimroq narsalar bor. Biz odamlarmiz. E’tiqod va umidga egamiz, mehnat qila olamiz.


Birinchi qadamni tashlashga qiziquvchanlik turtki beradi, uning ortidan esa ilm ergashadi.


Haqiqiy boylik – hayotning o‘zi va qizg‘in faoliyatdir.


Suvda yoki quruqlikda bajarayotgan amallarimizning qadr-qiymati boylikka intilish bilan emas, insonga hurmat ko‘rsatish bilan baholanishi kerak. Dengiz ustida ham, tubida ham asosiy tashvishimiz insoniyatning kelajagi bo‘lishi zarur.


Bolalik – umrning eng mazmunli davri.


Baliqning xatti-harakatlarini kuzatishning eng yaxshi yo‘li – baliq bo‘lish.


Girdob va hayot bir narsa ekanini unutib qo‘ydik.


Er inson qo‘lidan butun tarixiga nisbatan XX asrda ko‘proq aziyat chekdi.


Odam ahmoqlik qilishni istaganidagina aqlidan foydalana boshlaydi.


Dengiz – odamzotning yagona ilinji. Bu fikr har doimgidan ko‘ra bugun o‘z tasdig‘ini topyapti – chunki barchamiz bitta qayiqdamiz.


Men bir safar okean kasal, lekin hech qachon o‘lim to‘shagida bo‘lmagan, degan edim. Okeanda o‘lik joy yo‘q – unda hamisha hayot hukmron. Lekin u yildan yilga kuchsizlanib boryapti.


Agar tanlagan yo‘limizdan ketaversak, bizni ochko‘zlik adoyi tamom qiladi. Yo‘nalishni o‘zgartira olmasak, tez orada Yer yuzidan yo‘qolamiz, o‘rnimizni qurt-qumursqalar egallaydi.


Qanchalik keng bo‘lmasin, biror-bir akvarium, biror-bir sun’iy suv havzasi dengizdagi tabiiy sharoitni yarata olmaydi.


Orif Tolib tarjimasi

«Yoshlik» jurnali, 2016 yil, 8-son


ziyouz.uz