Li Shan-In. Hikmatli mansuralar

Xitoy tarixida Tan sulolasi davrida yashab o‘tgan adib Li Shan-in (813-858) ijodida hikoyalar bilan birga qisqa qaydlar, aforizmlar ham keng o‘rin tutgan. Hayotiy tajriba, poetik kuzatishlar bu adibga zamona voqeliklarini butun rang-barangliklari, ekzotikasi, bo‘yoqlari bilan jozibali va ixcham shakllarda tasvirlash imkonini berdi. Shuning uchun ham uning mitti asarlarida o‘rta asrlardagi Xitoy adabiyoti, odob-axloq me’yorlari, xalqning turli qatlamlarining kayfiyati o‘zining to‘la ifodasini topa oldi. Uning aforis­tik ko‘z qarashlarida ham, fikr-mulohazalarida ham shu kabi jihatlar aniq ko‘rinib turadi. Quyida adibning ana shunday ixcham shaklda ifoda qilingan fikr-mulohazalaridan namunalarni e’tiboringizga havola qilayotirmiz.

Aslo qaytib kelmagay:

– xo‘jayinning uyida nimadir o‘g‘irlagan mehmon;

– aslzoda xonadonga yuborilgan oqibatsiz xizmatkor;

– qo‘lingda tayoq ushlab turganingni ko‘rgan it.

Saylab o‘tirmaydi:

– och odam oldiga badhazm ovqat qo‘ysang;

– yurib charchagan kishi qirchang‘i otlarni ko‘rsa;

– shoshib daryodan o‘tmoqchi bo‘lgan odam sohilda kemalarni ko‘rsa;

– to‘satdan boshlangan sharros yomg‘irdan qochmoqchi bo‘lgan kishi kapalarni ko‘rsa.

Yaramaydi:

– sababini aytmay bolani do‘pposlash;

– kimgadir hurmat-izzat ko‘rsataman deb haddan oshiq mulozamat qilish;

– yilning issiq kunida quyosh kuydirib turgan chog‘ hosil terishga borish.

O‘xshashlik:

– poytaxtdagi amaldor qovoqqa o‘xshaydi: o‘sayotgani bilinmaydi;

– amaldorning muhri chaqaloqqa o‘xshaydi: o‘zing bilan mudom olib yurishga majbursan;

– muzofotdagi amaldor arslonga o‘xshaydi: nima ish qilmasin, xalq yurak hovuchlab turadi.

Aqlli bo‘lib ko‘rinish g‘alatidir, chunki:

– she’riyatni tushunadigan ayol g‘iybatlarga sabab bo‘ladi;

– sharob chashnagiri bo‘lgan buddaviy rohib ichgan qasamini buzib qo‘yadi;

– o‘qish-yozishni biladigan, savodxon xizmatkor xato qilib, xo‘jayinidan gap eshitadi.

Bosh changallab qolasan:

– qorning og‘rib turganda mazali taom berishsa;

– quduq qaziyotganda chiqindi o‘raga duch kelsang;

– amaldorning qabulida o‘tirganda birdan kuraging qichiy boshlasa;

– sendan yaxshilik ko‘rgan kambag‘al qarindoshing qayta-qayta kelaversa.

O‘ziga o‘xshamay qoladi:

– imtihon mavzularini yodlay olmayotgan o‘quvchi;

– azada yig‘lamayotgan go‘yanda;

– idishlarni yuvishda xo‘jayinning foydasini ko‘zlamay qo‘ygan oqsoch ayol;

– mehmonlarni kuzataman deb uydan chiqib ketgan xo‘jayin;

– o‘quvchilarining mashq va bilimlarini tekshirmaydigan muallim.

Davlatmandlik va zodagonlik belgilari:

– erib oqqan shamlar;

– kashtan va olma po‘choqlari;

– Lichji qobiqlari*;

– baland ovozda kitob mutolaa qilish va musiqa ovozi;

– ayol boshidan sirg‘alib tushib qolgan oltin to‘g‘nag‘ich.

Agar shunday desang, odamlarni aldaysan:

– alkimyo odamlarga boylik keltiradi;

– qo‘shni viloyat amaldorlari vijdonan ishlaydi.

Ko‘nglingga yoqmay turar:

– o‘tmas pichoqni ishlatish;

– kiyimingning yirtiq joyidan o‘tgan shamol;

– go‘zal manzarani to‘sib tebranayotgan daraxt.

Naqadar og‘irdir eshitmoq:

– bozordagilarning janjalini;

– tul qolgan juvonning yig‘isini;

– mo‘ysafid otaning o‘g‘li jasadi ustidagi yo‘qlovini;

– imtihondan yiqilgan kishining chumchuqday chirqillashini;

– motam mahalida quvnoq musiqani.

Ahmoqona ibratlar:

– mehmon bo‘lib o‘tirib, janjal chiqarish;

– o‘zgalar suhbatiga burun tiqish;

– begona odamning to‘shagiga poyabzal bilan chiqish;

– qaynota-qaynonang oldida behayo latifa aytish.

Alam qilar ekan:

– muhtaram arbobni uyingga chorlaganingda, u kelmay qolsa;

– chaqirilmagan, yoqimsiz mehmon uyingga kirib kelsa;

– bozorda narsalar arzon sotilayotganda cho‘ntagingda hemiri bo‘lmasa;

– ziyofatda dushmaning bilan yonma-yon o‘tirib qolsang.

Qashshoq bo‘lishing turgan gap, agar:

– xotining yalqov bo‘lsa;

– erta yotib, kech tursang;

– qimor va sharobxo‘rlikni xush ko‘rsang;

– bir joyda qo‘nim topmay, ko‘chib yuraversang;

– qimmatbaho buyumlarni zavq ustida sotib olaversang.

Albatta, boyib ketasan, agar:

– hamma ishning qalovini topsang;

– go‘zal narsani ko‘rib, shunga o‘xshashga harakat qilsang;

– huda-behudaga qarz ko‘taravermasang;

– uydagi ayollar ahil bo‘lsa.

U aqlli, qobildir:

– o‘zini tuta bilsa;

– sirni saqlay olsa;

– donoga hamsuhbat bo‘lsa;

– ishga kirishayotib, xatolardan ogoh bo‘lsa;

– mast bo‘lib olib, og‘ziga kelganini gapiravermasa;

– moziyni tushunib, zamonani yaxshi anglasa;

– saxovatni unutmasa;

– yangi joyga borganda urf-odatini surishtirib bilib olsa;

– bilmaydiganini o‘rganishdan or qilmasa;

– nodon bilan o‘chakishmasa.

O‘g‘lingni o‘rgat:

– bobolarning yaxshi ishlariga;

– so‘z berdimi – bajarishga;

– halollik va hayolilikka;

– olti san’at turini mukammal bilishga**;

– dunyoga keng qarashga;

– sobit irodali bo‘lishga;

– bir ishga kirishar bo‘lsa, obdon o‘rganishga.

Qizingni o‘rgat:

– ayollar bajaradigan ishlarga;

– muloyimlik va hurmat-ehtiromga;

– o‘qish va hisob-kitobga;

– ehtiyotkorlikka;

– o‘ziga qarab yurishga (ozodalikka);

– g‘iybatga berilmaslikka;

– xizmatkorlarni hurmat qilishga.

O‘zingni tiy:

– taqillatmasdan begona uyga kirishdan;

– begona kishining sandig‘ini titish, xatini o‘qishdan;

– xo‘jayin ovqatga qo‘l uzatmasdan turib, tanovul qilishdan;

– nimanidir olish uchun dasturxonga chiqishdan.

Bular befoydadir:

– masalaning mohiyatiga yetmasdan boshqalarni urishish;

– o‘rinsiz taqlid qilish;

– bolalarga to‘la erkinlik berib qo‘yish.

Rus tilidan Muzaffar Ahmad tarjimasi

«Jahon adabiyoti», 2014 yil, 10-son

_____________

* Lichji – Janubiy Xitoyda o‘sadigan meva; mamlakatning boshqa viloyatlarida u juda tansiq hisoblangan.

** Xitoy bolalari qadim-qadimdan san’atning quyidagi olti turini bilishlari shart bo‘lgan: odob-axloq, musiqa, yoyandozlik, ot-arava haydash, kalligrafiya (husni xat) va arifmetika (hisob-kitob).

ziyouz.uz