Mahmud az-Zamahshariy. «Nozik iboralar»dan

Yoki ilmli bo‘l, yoki ilmga tayanib ish tutadigan bo‘l, loaqal ilmni tinglab eshitadigan bo‘l, biroq to‘rtinchisi bo‘lma, chunki kasodga uchrab halok bo‘lasan (juvonmarg bo‘lasan).

* * *

Pastkash kimsaning o‘z nasl-nasabini maqtab, u bilan faxrlanishi, chanqoq kishining suv shu’lasi (sarobi) ni ko‘rib aldangani kabidir.

* * *

To‘g‘ri va haq yo‘ldan yurgan kishining yurishi arslon yurishidan ko‘ra ham mahobatliroq (haybatliroq)dir.

* * *

Tunu kunni o‘tkazaman-u, lekin bugungi kunim kechagi kunimdan yaxshiroq bo‘lmayotir, chunki zamona kundan-kunga halokatga tomon bormoqda, shunday ekan, kechagi kun bugungidan avloroq, bugungi kun esa ertagidan yaxshiroqdir.

* * *

Haqiqat va adolat bilan to‘g‘ri siyosat yurgizmagan har bir rahbar va boshliq qattiq azob-uqubat va baloga giriftor bo‘lur.

* * *

Agar biror qayg‘u-alam yuz bergani yoki ta’ziyali joyni eshitsang, darhol u yerga bor, agar ziyofatu mehmondorchilikka chaqirilsang, unda o‘zing o‘ylab ish tut (o‘zing bilasan).

* * *

Odamlarning eng xotiri kuchlisi ularning ichidagi eng unutuvchisidir, ko‘ngillarning eng yumshog‘i salobatligiyu shafqatlisidir.

* * *

Mol-mulkni behuda isrof qilish kufrona «ne’matdir», o‘ylamasdan boyligini sarflash to‘liq tanazzulga olib keladi.

* * *

Podshohning eng yaqin kishisi yaqinlarning ichidagi eng ulug‘idir, xavf-xatar paytlarida ularga (xavf-xatarga) yaqinrog‘idir.

* * *

Xudo ko‘rsatmasin, agar seni og‘ir qayg‘u-hasratlarning kuchli yellari o‘rab olsa, unda dod-faryodu fig‘onlaring foyda bermas.

* * *

Agar senga nisbatan o‘z birodaring biror xiyonat qilsa, unga yaqinlashishdan o‘zingni tiy, uning makru hiylasidan o‘zingni muhofaza etishga harakat qil.

* * *

Har qanday ishni boshlashdan avval Allohning rizoligini o‘yla, aks holda qilgan ishlaringning hammasi behuda bo‘lib, zoye ketadi.

* * *

Ahmoq kishi hikmat lazzatini bilmaydi, bamisoli tumov kishi gulning hidini sezmaganidek.

* * *

Biror mamlakat (hokimiyat) ishlarining orqaga ketishiga sabab — tuzuklariyu tartibotlarining susayishidandir.

* * *

To‘g‘ri va haq yo‘ldan yurgan kishining yurishi arslon yurishidan ko‘ra ham mahobatliroq (haybatliroq)dir.

* * *

Halol-pokiza kishi doimo xotirjamu tinchlikdadir, birovga xiyonatu yomonlik qiladigan kishi esa halokatga giriftordir.

* * *

O‘z birodaring so‘zini sukut saqlab tinglab, uning hurmatini o‘rniga qo‘y, garchi uni eshitishga rag‘bating va mayling yo‘q bo‘lsa ham.

* * *

Agar tilingning ortiqcha so‘zlashiga ega bo‘la olmasang, unda tizgining jilovini shaytonga topshirgan bo‘lasan.

* * *

Odamlar ichidagi eng yaramasi xasisidir, ularning ichidagi eng yalqovi — pastkashidir.

* * *

Pora faqat nohaqligu zolimlarga yordam berguvchidir.

* * *

Ko‘pchilik odamlar haqiqatdan yiroqdir, ularning talab va da’volari yolg‘onu bo‘hton (botil)dir, ya’ni aytgan so‘zlariyu ishlari o‘zlariga muvofiqdir.

* * *

Odamlarning eng aziz va hurmatlilari qayg‘u-hasratu tashvishli damlarda bilinur, go‘yoki bu tashvishlar ular (hurmatli kishilar) uchun tug‘ishgan opa-singildek yaqindir.

* * *

Savdogarning shuhrati va obro‘-e’tibori kissasida, olimning shuhratiyu obro‘-e’tibori yozgan kitoblarida (asarlarida).

* * *

O‘zini saxiy, mard va himmati baland ko‘rsatib, aslida xoru zor, haqir va qadri tuban bo‘lgan odamlardan qo‘rq, toki bir kun o‘zlarining xasisliklari birla ongsizlikdan mard odamni tuzoqlariga tushirgaylar.

* * *

Tilingdan chiqqan sadaqa (ya’ni pandu nasihating va mav’izayu hasanang) ba’zan qo‘lingdan (mol-dunyongdan) chiqqan sadaqangdan ko‘ra xayrliroqdir.

* * *

Arslon nafaqat chuqur qazish bilan ovlanib qolmay, ko‘pincha u hiyla bilan ham ovlanadi (qo‘lga tushiriladi).

* * *

Seni kechayu kunduz ziyorat qiluvchilarning ko‘pchiligi seni haddan ortiq ko‘klarga ko‘tarib maqtab, oxir-oqibat adovatga duchor qiluvchilardir.

* * *

Ko‘p so‘zlar borki, ular seni jangu jadalga solib, halokatga giriftor qiladi yoki ulardan qaytarsa ham yelka chuquringni gul kabi qizargan holga keltirgandan keyin qaytaradi (ya’ni ko‘p mashaqqatlardan keyin).

* * *

Eru zaminning ko‘rkamligi olimlar bilan bo‘lsa, osmonu falakning ziynati esa yulduzlar bilandir.

* * *

Muhammad payg‘ambar alayhissalomning tutgan yo‘llari mening yo‘limdir, baxtu saodatim ham, najotim ham shu yo‘ldir.

* * *

Quyosh nurlarini berkitib bo‘lmaganidek, haqiqatning chirog‘ini ham so‘ndirib bo‘lmas.

* * *

Yozilgan kitob nusxasining to‘g‘riligi ko‘z qorachig‘ining boqqaniga bog‘liqdir, rivoyatning inobatlisi (ishonchlisi) esa serob suvdan ham ortiqroq qondirar.

* * *

Zimmangda farz bo‘lgan narsani qarz va burch o‘rniga qo‘y. Bu hol qalbingu dilingga rohat baxsh etib, shonu sharafing va obro‘yingni saqlash uchun eng to‘g‘ri yo‘ldir.

* * *

O‘zi sazovor bo‘lmagan hamdu sanoyu maqtovlarni talab qilish uyatsiz, telba odamlarning odatlaridandir.

* * *

Seni kasodu inqirozga uchrashdan ogoh qiluvchi kishiga lutf bilan muomalada bo‘l, qo‘rqma, zarari yo‘q, ziyoni yo‘q, deb yupatuvchilardan uzoqroqda bo‘l.

* * *

Sening qilayotgan ishlaringdan dushmaning ogoh bo‘lib, ulardan ko‘z yumishi senga ilon chaqqandan ko‘ra ham zararli va mashaqqatli bo‘ladi.

* * *

Aql-idrok va shariatga amal qilib ish tutgan banda asl va ikkinchi darajali maqsadu matlablarini jam qilishi muqarrardir.

* * *

O‘tgan zamonlarda ilmu fazilat sohiblari podshohlaridan o‘z og‘irliklariga barobar oltin hadya olardilar, asta-sekin zamonlar o‘tishi bilan ularning qiymatlari kamayib, itlaru olmaxonlar (qarmoqlar) ulardan afzal bo‘lib, qoldi, ya’ni nodonlar olimlardan ortiq ko‘rnladigan bo‘lib qoldi.

* * *

Har bir vazir qaychi misolidir (agar qaychining bir tayanch tomoni bo‘lmasa ikkinchi tomoni hech narsaga qodir bo‘lmaydi), chunonchi Muso payg‘ambar vaziri Xorun bilan mukammal bo‘lgan.

* * *

Olijanob va himmatli odamning «go‘shtini» hasad ahli «eydi», go‘yo qurt-qumursqalar arslon bolasini yegani misoli.

* * *

Kimki adovatu xusumatni eksa, albatta u tashvishu mashaqqat o‘radi.

* * *

Vijdon azobiyu ta’nadan to‘g‘ri bo‘lmagan odamni (kimsani) ta’lim-tarbiya va qiynash ham to‘g‘rilashi amrimahol.

* * *

Mansab ilinjida bo‘lgan (qaram) kimsalarning tomirlari-kesilgandir, ular oladigan farmonlari esa bir-biriga zarba beruvchilardir.

* * *

Xastalik va muhtojlik — bular ikkalasi shunday bir baloki, hatto xutbon (eng taxir, achchiq ichimliklardan hisoblanadi) ichimligidan ko‘ra ham achchiqroqdir.

* * *

Kimniki qo‘lidan xayr-barakali va purhikmat ishlar kelmasa, uning nasabining sharifligi-yu, ulug‘ligi foyda keltirmas.

* * *

Kimki baxt-iqbolli, solih kishilarning etagiga yopishsa, u albatta murodu maqsadiga erishib, xayru baraka topar.

* * *

O‘z va’dasida turmagan, turli-tuman vaj-karsonlar ko‘rsatuvchi kimsa hech qachon mard va hnmmatli inson bo‘lolmaydi.

* * *

Qo‘rquvga mubtalo bo‘lgan kishi (quyon misoli) faqat qochishdan najot izlaydi.

* * *

Ilmu ma’rifatli odam takabburlik qiluvchi doimo nodon kimsalarning burnini to‘zon-tuproqqa to‘ldirur.

* * *

Odamlar turli-tuman bo‘ladilar, afsuski ularning aksariyati nopokdirlar.

* * *

Tog‘ tepasidagi qoyalarni ko‘chirish minnat eshitish yuklariga nisbatan yengilroqdir.

* * *

Sen yetmish yoshga kirgan bo‘lsang-da, hamon arslon misoli yirtqich hayvonsan, chunki, mol-dunyo hirsida mudom qo‘lingni (har tomonga) cho‘zasan.

* * *

Xotin zoti agar qalbing ular ishqiga giriftor bo‘lganini sezsa, burningni tuproqqa ishqaydi.

* * *

O‘tkir qilichning boshga tushadigan zarbasi ba’zi nodonlarning hukmi ostida mute (itoatda) bo‘lib yurishdan afzaldir.

* * *

Qilichga qin(g‘ilof) va yirtqich qushda o‘tkir tirnoq bo‘lishi shak-shubhasizdir (bu hikmat er kishida kerakli anjomlaru qat’iy azmu qaror bo‘lishi kerak degan ma’noni anglatadi).

Ubaydulla Uvatov tarjimalari

ziyouz.uz