Rimliklarning hikmatli so‘zlari

Arastu – hamisha Arastu emas (ya’ni, donishmand ham xato qiladi).

Qashshoqlik va qarilik – kulfatlarning eng ulug‘i.

Bekorchilik – hamma qusurlarning doyasi.

Vaqtning qadriga yet!

Tejamkorlik xasislik degani emas.

Indamas itdan, tinch oqar suvdan qo‘rq.

Minnatdorlik tuyg‘usi minnatdorlikni tug‘diradi.

Duogo‘ylar duoga loyiq.

Azob aybsizlarni ham aybliman deyishga majburlaydi.

Vaqtida bergan ko‘p beradi.

Bittadan ortiq haqiqat yo‘q.

O‘z martabangdan roziliging – eng katta boyliging.

Haqiqatni – maydan, sog‘liqni – suvdan qidir.

Tez bergan ikki hissa bergan bo‘ladi.

O‘zingni mag‘rur va ko‘rkam tut.

O‘z ustingdan hukmronliging – eng oliy hukmronlik.

Baxtsizligingda ezgulikka umid bog‘la.

Tashqi qiyofa – aldamchi bo‘ladi.

Har kimning izzatini bil va izzat qil.

Vaqt har qanday yaraning malhamidir.

Vaqt g‘amni yemiradi.

Hamma keksalikni havas qiladi, keksaygach, undan noliydi.

Gumon ayblanuvchiga xizmat qiladi.

Dengizni ichib (qo‘ldan kelmas ishni bajarib) bo‘lmaydi.

Tozalik – sog‘liqning garovi.

Ko‘z qorindan ko‘ra ochroq.

Yillar hamma narsani, hatto xotirani ham olib ketadi.

Shahar asrlab bunyod qilinadi, lekin bir soatda vayron bo‘ladi.

Mehmon – mezbonning ezgu a’moli.

Mayin iltimos tosh yurakni ham eritadi.

Ko‘zdan nari – dildan nari.

Eng ezgu, eng katta sovg‘a – bu tabassum bilan berilgan sovg‘adir.

Ish muhim, so‘z emas.

Ezgu shuhrat boylikdan afzal.

Himmat himmatni chaqiradi.

Ishonch ishonchni tug‘diradi.

Va’da ijrosi bilan chiroyli.

Ilmsiz o‘tkazilgan vaqt odamni tiriklay go‘rga tiqadi.

O‘zgalarni bot-bot kechir, o‘zingni esa – hech qachon.

Do‘st — tug‘ishgandan afzal.

Do‘stlik – yaxshilar ahd-paymoni.

Rimda yashasang, rimlikday yasha.

Farog‘at istasang, tilingni jilovla.

Taxting mustahkam bo‘lsa, do‘stlar yoningda,

liqillab qoldimi, ularni topolmaysan.

Xasislik – bag‘ritoshlikning onasi.

Inson hayoti– kurash demak.

Bilim – kuch.

Ikki yomonlikdan kichkinasini tanla.

Qumdan arqon eshma.

Ba’zan sukut saqlay bilmaganimizdan afsuslanamiz.

Eng yengil va eng barakali daromad tejamkorlikdir.

Va’dangga vafo qil!

Qiz onasiga o‘xshagan bo‘ladi.

Har bir inson o‘zini maqtashlarini istaydi.

Ponani pona bilan chiqaradilar.

Erni dadil cho‘qi, nimadir topasan.

Kitob – do‘st, kitob – ustoz.

Izlagan topadi.

Sukut saqlagan gunoh qilmaydi (sukut – oltin).

Kim bo‘ysunmasa, bo‘ysundira olmaydi.

Yolg‘onchi bo‘lsang, so‘zingni esda tut.

Yaxshi nom — boylikdan a’lo.

Muhabbatning ko‘zi ko‘r.

Odam ko‘p, do‘st kam.

O‘zgalar bilan emas, o‘zing bilan ko‘p gaplash.

Tibbiyot — falsafaning tug‘ishgani.

Davrlar o‘zgaradi, shu asnoda biz ham o‘zgaramiz.

Ko‘plar ko‘pni biladi, ammo hech kim hamma narsani bilmaydi.

Chorlanganlar ko‘p, tanlanganlar kam.

Mish-mish har doim ham yolg‘on chiqmaydi.

Diling toatda, qo‘ling mehnatda bo‘lsin.

Fikr qila-qila donishmand bo‘lur.

Biz yeyish uchun yashamaymiz, yashash uchun yeymiz.

Biz karlarga qo‘shiq aytamiz.

Vaysaqi oldida qulog‘ingni ding qil.

Men seni yomon ko‘rganimdan emas, yaxshi ko‘rganimdan jazolayman.

Ayolning haqiqiy ziynati hayodir, libos emas.

Ilmning ufqi keng, hayot esa qisqa.

Har yaltillagan narsa oltin bo‘lavermaydi.

Ishning ko‘zini bilmagan gapni ham uddalay olmaydi.

Eshitmay turib hukm chiqarma.

Inson zotiga hech kim farzandchalik aziz emas.

Bir yomonning bir yaxshisi bor.

Yomon xotindan ortiq jazo yo‘q.

Kengashga taklifsiz borma.

Shoh – qonun emas, qonun – shoh.

Hech kim fikriga ko‘ra jazo olmaydi.

Did haqida bahslashmaydilar.

Hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun.

Hamma kim haqida yaxshi gapirsa, u xalq sevgan insondir.

Seni bir marta bo‘lsa ham aldagan insondan ehtiyot bo‘l.

Suvdan va olovdan mahrum qilish (bu jazo qadimgi rimliklarda eng og‘ir jinoyatlar uchun qo‘llangan va fuqarolik huquqidan mahrum etilganlikni bildirib, quvg‘in qilingan).

Takror – bilimning onasi.

Kerak narsani emas, zarur narsani xarid qil.

Odobli inson hamisha oddiy bo‘ladi.

Ota-onani hurmat qilish – tabiatning birinchi qonuni.

Shoirlik tug‘madir.

Shoir bo‘lib tug‘iladilar, notiq bo‘lib shakllanadilar.

Va’da berishdan oldin uning ustidan chiqishni o‘yla.

Keldi, ko‘rdi, yengdi (Yuliy Sezarning jangdagi zafariga doir iborasi).

Do‘st – hayotdagi eng yaxshi xazina.

Maqtovga loyiq insondan maqtov eshitish yoqimlidir.

O‘zganing g‘amidan quvonma!

Quvonch kuchga kuch qo‘shadi.

Aqlli bilan so‘zlashganda so‘zni kamroq ishlat.

Dalillar kuchi uning sanog‘ida emas, salmog‘ida.

Qul qancha bo‘lsa, dushman shuncha.

Shuhrat – ulkan rag‘bat.

Sog‘ taningga sog‘lom ruh tilab, ibodat qilsang arziydi.

So‘zlar uchib ketadi, yozilganlari qoladi.

Vijdon – mingta guvohdan ortiq.

Suqrot menga do‘st, lekin haqiqat undan a’lo.

Shubha – yarim donishmandlik.

Sekin shosh, hamma ishingni shoshmay bajar.

Qonun beshafqat, shuning uchun ham qonun.

Hamma narsangdan ayrilsang ham, ezgu nomingni saqlab qol. Uni yo‘qotar bo‘lsang, sen – hech kimsan.

Shoshma-shosharlik doim pand beradi.

Kimki rahmat aytishni bilsa, yanada ko‘proq narsaga ega bo‘ladi.

Uch narsadan qochish kerak: qahrdan, hasaddan, nafratdan.

Do‘stlarga ginangni xilvatda ayt, ko‘pchilik oldida maqta.

Aqlliga bir gap kifoya.

Ziqnada hamisha vaj tayyor.

Dushmandan ham o‘rganish mumkin.

Yaxshi odamlar fikri puldan ham qimmatli.

Yaxshi boshlanish – ishning yarmi.

Yaxshi qo‘shni – katta omad.

Boshqalar xatosini ko‘rib ko‘zi pishgan odam ishni puxta qiladi.

Qonun taqiq qilmaganni nomus taqiq qiladi.

Mansabni inson bezaydi, insonni mansab emas.

Inson niyat qiladi, ijobati qanchaligini Xudoning o‘zi biladi.

Insonga adashmoqlik xos.

Yupiterga berilgan izn buqaga berilgan emas.

Birovga aytganing – hammaga aytganing.

Olma shoxidan uzoqqa tushmaydi.

Til – insonning dushmani, jinlar va ayollarning do‘sti.

Men o‘zimga eng yaqin insonman.

Jamiki insoniy xislatlar menga ham yot emas.

Rus tilidan Elyor tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 10-son

ziyouz.uz