Said Ahmad. Ijod — iztirob farzandi

Zamonaviy o‘zbek nasrining ulkan yutuqlarini ­O‘zbekiston Qahramoni, Xalq yozuvchisi Said Ahmadning turli janrlarda yaratgan asarlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bir necha avlod kitobxonlar bu asarlardan olam-olam zavq va hayajon, ibrat va hayotiy saboqlar olgani sir emas. Adibning “Cho‘l burguti”, “O‘rik domla”, “Lochin”, “Tog‘ afsonasi”, “Muhabbatning tug‘ilishi”, “Iqbol chiroqlari” singari realistik hikoyalari adabiy majmualardan, saylanma va qo‘llanmalardan muqim joy olgan, o‘ziga xos nasr namunalari sifatida yosh qalamkashlar uchun badiiy ijod sir-sinoatlarini egallashda ijodiy tajriba vazifasini o‘tayotir. “Ufq” trilogiyasi, “Jimjitlik” romani, “Kelinlar qo‘zg‘oloni” sahna asari, o‘nlab hajviyalari ustoz yozuvchining avlodlarga qoldirgan boy adabiy merosi salmog‘ini, shukuhini yaqqol namoyon etib turibdi.

Adib asarlari qatorida ustozlari, zamondoshlari —mashhur yozuvchi va shoirlar Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir haqidagi ocherk­larni o‘qib o‘zbek adabiyoti tarixining o‘tgan asrdagi murakkab davri manzaralariga guvoh bo‘lamiz, atoqli ijodkorlar shaxsi va hayotiga, mashhur asarlari yaratilishiga bevosita aloqador qimmatli ma’lumotlar, voqea-hodisalardan xabar topamiz. Eng muhimi, bu kabi xotiralar, adabiy o‘ylar bayonida xalqimizning sevimli yozuvchisi Said Ahmadning salobatli siymosi, ulkan ijodkorlarga xos adabiy-estetik qarashlari, ijod bilan aloqador mazmunan teran fikr-o‘ylari — badiiy olami o‘zining ko‘lamdorligi bilan to‘la-to‘kis namoyon bo‘ladi. Quyida adibning ustozlari, shogirdlari, umuman, ijod sir-asrorlariga doir e’tiroflaridan ayrim parchalarni o‘qiysiz.

* * *

Aytilgan so‘z otilgan o‘q, deydilar. Otilgan o‘qni qaytib miltiqqa joylab bo‘lmaydi. Aytgan so‘zimizning orqasidan quvib tutib kelolmaymiz. Shuning uchun ham har bir so‘zimiz, har bir satrimiz uchun mas’uldirmiz.

* * *

Biz birdaniga osongina yozuvchi bo‘lib qolganimiz yo‘q. G‘afur G‘ulomning, Abdulla Qahhorning, Mirtemirning “shapalog‘i” bizni yozuvchi qilgan. Hech qachon xotirasi unutilmas bu ustozlar haligacha bizni “ta’qib” qilib keladi.

* * *

Umrimizning hammasi shiddatli, dolg‘ali yillarda o‘tdi. Ayriliqlar qaddimizni bukolmadi. Bu yo‘llarda qalbimizda xiyonatga joy bermay imonimizni salomat olib o‘tdik.

* * *

Oybek qancha uzoqlashsa shuncha yaqinlashyapti. Uzoqlashgan sari qadri oshyapti. Uzoqlashgan sari odamlar mehri uni bag‘riga tortyapti. Uzoqlashgan sari ovozi tiniq, yorqin eshitilyapti…

* * *

Oybek jismonan so‘ndi, lekin uning dahosi taratgan shu’la dillarimizni hamon yoritib turibdi.

Men ana shunday buyuk zot bilan ko‘p suhbatlarda bo‘lganimdan g‘ururlanaman, shunday allomaning nazari tushganidan quvonaman.

* * *

Shoirlikni havas qilgan yoshlar G‘afur akadan she’r qandoq qilib yoziladi, deb ko‘p so‘rashardi. Shunda G‘afur aka hazil qilib javob qaytarardi:

— She’rni yozish uchun avval qo‘lni yaxshilab atir sovun bilan yuvish kerak.

G‘afur aka hazilni juda yaxshi ko‘rardi. Bir kun undan, siz o‘z tengdoshlaringizdan qaysi yozuvchining asarlarini yaxshi ko‘rasiz, deb so‘radim. U kulmay, jiddiy turib javob qildi:

— O‘z tengdoshlarimdan G‘afur G‘ulomning she’rlarini yaxshi ko‘raman, o‘zimdan kichiklardan sening she’rlaringni yaxshi ko‘raman.

— Axir men she’r yozmayman-ku, — dedim kulib.

G‘afur aka ham kulib javob qildi:

— G‘afur G‘ulom yozgan eng yaxshi she’r­lar tug‘ilayotganda sen yonida turgansan. Yozmagan bo‘lsang ham G‘afur G‘ulomnikiga sheriksan.

* * *

G‘afur G‘ulom “Shum bola” qissasini salkam yigirma besh yil ishladi, desa yanglish bo‘lmaydi. Qissaning birinchi va ikkinchi qismlari 1936 yilda yozib tugatilgan. Uchinchi qismi qirqinchi yillarning oxirida tugatilgan. Oltmishinchi yillarning boshlarida qayta tahrir qilingan.

G‘afur aka hayotligida bosilib chiqqan oxirgi nashrini o‘pib ko‘ziga surtgandi.

— Tamom, endi bo‘ldi, — dedi ko‘zlari yashnab.

— Nega? — dedim. — Bir qiziqib ketsangiz, buyog‘ini ham yozvorasiz.

— Yo‘q. Buyog‘ini endi sizlar yozasizlar. Sen yozasan. Shum bola endi akademik, laureat, deputat…

* * *

Viloyatma-viloyat sanqib, tuman gazetalariga she’r sotadigan betayin shoirni G‘afur G‘ulom uchratib qoldi:

G‘.G‘ulom: — Hozir she’r qanchadan ketyapti?

Shoir: — Har xil. Tuman gazetalarida ikki so‘mdan besh so‘mgacha. Viloyat gazetalarida olti so‘mdan o‘n so‘mgacha ketyapti.

G‘.G‘ulom: — Bir yilda necha so‘mlik she’r sotasan?

Shoir: — Uch ming so‘mga yetib qolar.

G‘.G‘ulom: — Menga qara. Agar mutlaqo she’r yozmayman, she’r yozsam palon bo‘lay, deb tilxat bersang, o‘zim senga yiliga besh ming so‘mdan berib turaman. Xo‘pmi?

* * *

Abdulla aka shodligini ham, alamini ham oddiygina qilib aytib qo‘yaqolmasdi. Faqat Qahhorgagina xos bo‘lgan, eshitgan odam bir umr esidan chiqazolmaydigan qilib aytardi.

Yaxshilikni bilmaydigan bir yozuvchi to‘g‘risida shunday degan edi: “Bu odam to‘nkarilib qolgan qo‘ng‘izga o‘xshaydi, o‘nglab qo‘yadiganlarning qo‘lini sasitadi”. Jurnal yoki gazetani o‘z saviyasiga moslab olgan redaktorlar to‘g‘risida bunday degandi: “Redaktsiya eshigini o‘z bo‘yiga moslab qurib olgan, katta yozuvchilar bu eshikka sig‘maydi”. Talantsiz yozuvchilar to‘g‘risida: “Bu odam adabiyotga eshikdan emas, o‘g‘ri mushukka o‘xshab tuynukdan tushgan”, “Manavunisi ko‘chadan o‘tib ketaturib, oyog‘i toyib soyuz eshigining ichkarisiga yiqilgan. Haligacha chiqib ketolmaydi”, “O‘zi yozolmaydi, adabiyotda men ham borman, deb majlislarda ovoz chiqarib turadi”, derdi. Adabiyotga hadeb aralashaveradigan ba’zi bir lavozimli kishilar to‘g‘risida kuyib gapirardi. “Nima uchun jarrohga, bemorning u yeridan emas, bu yeridan kes, demaydi. Nima uchun uchuvchiga, samolyotning u murvatini emas, bu murvatini bura, demaydi, nima uchun arqondagi dorbozga manavunaqa yurish kerak, deb ko‘rsatmaydi. Adabiyotni oson ish deb o‘ylasa kerak, hadeb anaundoq yoz, manavundoq yoz, deb o‘rgataveradi”.

* * *

Abdulla Qahhorning “Ufq”qa bergan bahosi men uchun katta adabiyot yo‘liga bergan oq fotihasi edi.

Ustod Abdulla Qahhor nihoyat meni shogirdim, deb atadi. Bu men uchun hech bir boylik bilan o‘lchab bo‘lmaydigan bebaho sharafdir.

Har gal yozuv stolim yonida o‘tirarkanman, qo‘limga qalam olib birinchi satrlarni bitarkanman, hamon Abdulla Qahhor yelkamdan qarab turganga o‘xshayveradi. Uning sinchkov nigohi umr bo‘yi meni ta’qib qilib keladi. Men ham yozganlarimning hammasini xayolan uning nazaridan o‘tkazib turaman.

* * *

Shayxzoda bu dunyodan rohat ko‘rmay o‘tib ketdi. Lekin u baribir baxtli inson edi. Uni el shoirim derdi. Shayx akam, derdi. Yoshlar uni ustozim derdi. Yosh shoirlar to‘da-to‘da bo‘lib unga ergashib yurardilar.

U olim edi. U muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zgan saxiy inson edi. U g‘amda qolganlarga g‘amgusor edi. U suhbati jonon odam edi. U nolishni bilmasdi. Taqdir zarbalariga sabot bilan turib berardi. Bir so‘z bilan aytganda u dilbar inson edi.

Bir odamda shuncha fazilat bo‘lishi mumkinligini Shayxzoda timsolida ko‘rganman.

U olim shoir edi.

U shoir olim edi.

Bunday insonlar dunyoga kamdan-kam keladi.

* * *

Mirtemir juda kuchli shoir. Buni bilardik. U 1937 yili shaxsga sig‘inish balosidan zaha bo‘lgan odam edi. O‘zining chinakam talantini namoyon qilishdan hadiksirardi.

* * *

Yomg‘irdan keyin osmonda paydo bo‘ladigan kamalak jahondagi jamiki rang­larni yettita ipga chiyratma qilib tortib turganga o‘xshaydi. O‘sha yetti ipni yoyib yuborsangiz olam anvoyi ranglarga to‘lib ketadigandek.

Odam bolasi borki, shu ranglardan birini o‘ziniki qilib oladi. Butun taqdirini, tarjimai holini, orzu-umidlarini va nihoyat, olamni shu rang or­qali ko‘radi. Tabiati ham shu rang ta’siriga bog‘lanib qoladi.

* * *

Rassom asarini bo‘yoqlardan, bastakor tovushlardan yaratadi. Rassomga ranglarni aniq ko‘radigan ko‘z, bastakorga tovushlarni tiniq eshitadigan quloq kerak. Yozuvchiga-chi? Unga har ikkovi ham nihoyatda zarur.

* * *

Ne’mat Aminov tengqurlari orasida eng tilga boy, tilning ranglari-yu, ohanglarini juda yaxshi his qiladigan va uni nihoyatda mahorat bilan ifodalaydigan yozuvchidir. U adabiyotimizga faylasuf Buxoroning serma’no va quvnoq, shu bilan birga juda erka tilini olib kirdi.

* * *

Tog‘ay Murod qissalari sof milliy o‘zbek qissalari. Tog‘ay Murod qissalarida tasvirlangan odamlarga boshqa xalq libosini kiydirsangiz ham o‘zbekligi bilinib turadi. Ularning xulq-atvori ham boshqa xalqqa aslo o‘xshamaydi…

Tog‘ay Murod otni shu qadar mehr bilan ta’riflaydiki, adib qo‘shiq aytayotibdi, deb o‘ylaysiz. Adib ko‘ngli kitobxon ko‘ngliga ko‘chib o‘tadi. Ot minib adirlarda yelday uchgingiz, ot yollarini silagingiz keladi.

Nazarimda Tog‘ay Murod qissa bitmaydi, nazarimda, bor ovozi bilan qo‘shiq aytadi. Bu qo‘shiqda avj pardalar bor, nolishlar bor, savt bor.

* * *

Bilasizmi, romanga so‘nggi nuqtani qo‘yganimda ko‘nglim birdan bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolgan. Hozir, o‘ylab qarasam, o‘sha paytdagi holatim qizini uzatgan beva otaning uy ostonasida mung‘ayib, qarab qolishiga o‘xsharkan…

* * *

Qanday fazilatim borligini o‘zim ham bilmayman. Ammo mehmonsiz yashay olmasligimni bilaman. Odamlarga yaxshilik qilgim keladi. Ellikka yaqin yosh yozuvchiga oq fotiha bergan, gazeta, jurnallar orqali “oq yo‘l” tilagan ekanman. Kitoblariga so‘zboshi yozibman.

* * *

Dunyoda har ishning o‘z hisob-kitobi bor. Har bir aytilgan so‘zning javobi bo‘ladi. Dunyodan ko‘z yumib ketguncha hisob-kitob qilib qo‘yish kerak. Aytilgan gapga javob berib qo‘yish kerak.

* * *

Ustoz Abdulla Qahhor hazillashib: “Men qilgan mehnatni maymun qilganda u ham yozuvchi bo‘lib ketar edi”, degan. Nimagaki erishgan bo‘lsam, faqat mehnatim orqali erishganman. Mashhurlik masalasida bir nima deyishim qiyin. Kim biladi, u balki mas’uliyat deganidir. Mashhur kishi xalqning ko‘zida bo‘ladi. Har gapi, har bir harakati el nazarida turadi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 23-son

ziyouz.uz