Hikmat yog‘dusi

Ne tilaging bo‘lsa, Allohdan tila,

Yo‘qsa ishing to‘xtar, uzayar ohing.

Har ishni boshlagin Alloh nomi-la:

“Bismillahir rohmanir rohim…”

* * *

Allohga hamd bo‘lsin, cheksiz beadad.

Uning hukmidadir osmonu zamin.

Maqtovga loyiq zot Allohdir faqat:

“Alhamdulillahi robbil ’alamin…”

* * *

Borligiga keltir imon,

Tog‘u toshlar bunga shohid.

Alloh birdir, bunga inon:

“Innama ilahun vahid…”

* * *

Shafqat, marhamat-la yorlaqar bizni,

Maxluqotlar rizq-ro‘zin yetkazur doim.

Taqdir etgan Udir har ishimizni:

“Zalika taqdirul azizir-rohiim…”

* * *

U iroda etsa mutlaq bo‘ladir,

Unga pinhon emas har yon, har iqlim.

Hatto ko‘nglingdagi sirni biladir:

“Vahuva bikulli shay’in aliym…”

* * *

U qulni kechirgay, U rahm qilar,

Go‘zal ismlari Raufu Rohiym.

Tavba qilganlarni bilgin afv etar:

“Innahu huvattavvaburrohiym…”

* * *

Alloh va’dasidir: yetkazar rizqing,

Shubhasiz, bu qulga buyuk marhamat.

Namoz o‘qi. Zakot ber qodir bo‘lsang:

“Va aqimus-solata va atuz-zakat…”

* * *

Inson tafakkurda, harakatda hur,

Amallarda sokin, xotirjam bo‘ling.

Alloh qilganingiz har ishni ko‘rur:

“Vallohu basiyrun bima ya’malun…”

* * *

Uning izmidadir zaminu samo,

Har ish amri ila bo‘ladi sodir.

U har ishga mohir, qodir doimo:

“Vallohu ’ala kulli shay’in qodir…”

* * *

Alloh sabr aylagan qulni sevadi,

Mo‘min yuksaladi sabr etgan sayin.

Alloh sabrlilar bilan birgadir:

“Innalloha maas-sobiriyn…”

* * *

Allohga ko‘p shukr aytgan baxtiyor,

Zero, U har damda – sizdan xabardor.

U bilar chin shokir banda asli kim.

“Fainnalloha shakirun aliym…”

* * *

Uning oyatlari ko‘p,

Kofiy bunga ko‘k va suv.

Undan o‘zga Tangri yo‘q:

“La ilaha illa hu…”

* * *

Kim u o‘zin sanar juda quvvatli?

Axir hamma uchun hisob bor, hisob.

Allohning azobi, qattiq shiddatli:

“Va innalloha shadidul azab…”

* * *

U afv etguvchidir, kechirgay albat,

Nadomat chekib, chin tavba qilaylik.

Alloh gunohlaring aylar mag‘firat:

“Innalloha g‘ofurur rohiym…”

* * *

Yomonlikka yaxshilik qilsang ajr bor,

Yaxshilik, go‘zallik – shiori dinning.

Alloh ehson etgan qullarni sevar:

“Innalloha yuhibbul muhsiniyn…”

* * *

Fasod bir ilondir, boshin darhol ez,

Fasodchining ishi oxiri barbod.

Alloh fasodchini yomon ko‘radi:

“Vallohu la yuhibbul fasad…”

* * *

Insonlar barchasi bir asldandir,

Bo‘lsa ham biri oq, biri qoratan.

Bir millat bo‘lgani shundoq ayondir:

“Kanan – nasu ummatan vahidatan…”

* * *

Mumkinmi bir nima Undan yashirmoq?

U hammasin ko‘rar, bilar – qolmas sir.

Hamma ishimizni ko‘rmoqda Haq-rost:

“Innalloha bima ta’maluna basiyr…”

* * *

Eng to‘g‘ri qarorni Sen berasan, Sen,

Ey ulug‘ Allohim, ey ulug‘ Rabbim.

Har neni eshitib ham bilasan Sen:

“Innaka antas-sami’ul aliym…”

* * *

Musulmon hech kimni urmas va so‘kmas,

Qidirmas kimsani qiynamoq yo‘lin.

Shubha yo‘qdir, Alloh zolimni sevmas:

“Vallohu la yuhibbuz-zolimiyn…”

* * *

Sabr etgan doimo murodga yetar,

Ey mo‘minlar, siz ham murodga yeting.

Alloh ham sabrli qullarin sevar:

“Vallohu yuhibbus-sobiriyn…”

Turk tilidan Abdumurod Xolmurodov tarjimasi,

“Hikmat yog‘dulari” kitobidan olindi.

ziyouz.uz