Shamsi Tabriziy hikmatlari

• Olim eding, orif bo‘lding. Endi oshiq bo‘lishga majoling bormi?

• Hammasi qalbingga bog‘liq: qalbingni o‘zgartir, dunyoing ham o‘zgarsin.

• Ba’zan ortingga qarab qo‘y: shunda qayerdan kelganingni unutmaysan.

• Odamlar sharob ichib sarxush bo‘ladi. Ishq ahli esa ichmay turib mast bo‘ladi.

• Oshiqlarga uyqu haromdir.

• Ba’zan uzoqlashmoq kerak, yaqinlashmoq uchun. Ba’zan eslamoq kerak, eslanmoq uchun. Ba’zan yig‘lamoq kerak, ochilmoq uchun. Ba’zan sukut yaxshidir, tinglamoq uchun.

• Sevishni qalb buyurdimi yoki yolg‘izlik? Rosti, sevgi deganlari nima o‘zi? Bir shamni tutatmoqmi yoxud yonayotgan otashga teginmoqmi?

• Bu hayotda har kim bo‘lishing mumkin, ammo eng muhimi INSON bo‘lmog‘ingdir.

• So‘zlar haqiqat emas, bor yo‘g‘i og‘izdan chiqqan tovushlardir. Haqiqatni anglamoq uchun yashamoqqa ehtiyoj bor.

• Go‘zal gulni, osuda kechani, durust do‘stni hamma xohlaydi. Muhimi, gulni tikani bilan, kechani asrori bilan, do‘stni dardi bilan qabul qila olmoqlikdir.

• Qalb eshigimizni qoqqanlarga qalbimizni ochdik…

• Oldin ishqni anglaylik…

• Ko‘lmak yelvizakda ham chayqalaveradi. Ummonlarning to‘lqini muhabbatning mahobatidandir. Angladimki, teran va asrorangiz bo‘lgan narsalar sokin bo‘ladi. Angladimki, sokin bo‘lgan nasalar teran va haybatli bo‘ladi.

• Sevmaganga chumoli ham yuk, sevganga fillar ham chumolidek gap. Agar inson oshiq bo‘lsa va ishonsa tog‘ni ham yelkasida tashiy oladi.

• Huzun ishqni aynishdan asraydi.

• Yaramdan ham mamnunman, yorimdan ham.

• Yetarki, sen bo‘l! Xoh yor bo‘l, xoh yara. Lutfing ham boshim ustida, qahring ham…

• Ilm uch narsadan iboratdir: zokir til, shokir qalb va sobir badan.

• Senda undan ham bor, bundan ham bor. Falon bormi dedilar, bor. Fismadon bormi dedilar, bor. Yaxshi, SENda SENdan nima bor, Mavlono?!

• Har narsaning me’yori yaxshi. Odobning esa ortig‘i.

• Do‘st degani gulday bo‘lmog‘i kerak: ham yaprog‘i, ham tikani bilan.

• Qalbingni kin va hasad ila kirlatma. Chunki ularni yuvib ketkazolmaysan.

Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

ziyouz.uz