Jinsiy gigiyena (ayollar uchun muhim tavsiyalar)

Ayollar uchun jinsiy gigiyenaga rioya qilish juda muhim. Chunki tana nozik aʼzolarining salomatligi ularni pokiza tutishdan boshlanadi. Qin mikroflorasida ozgina oʻzgarish ham bakterial vaginoz kasalligi kelib chiqishi ehtimolini kuchaytiradi. Oʻz navbatida vaginozning oʻz vaqtida davolanmaganligi jinsiy aʼzolar yalligʻlanishiga, hatto bepushtlikka olib kelishi mumkin. Quyida jinsiy gigiyenaga toʻgʻri amal qilish borasida mutaxassis, oliy toifali shifokor, akusher-ginekolog Nargiza Akbarovaning tavsiyalarini oʻqishingiz mumkin.


Jinsiy gigiyena (ayollar uchun muhim tavsiyalar)

Kamida ikki marta


Har kuni jinsiy aʼzolar ozodaligiga ahamiyat berish. Kuniga kamida ikki marta chayinish, oy kunlari hamda yozning jaziramasida uch-toʻrt marta yuvinish. Agar gigiyenaga rioya qilishning imkoni boʻlmasa, maxsus nam sochiqchalardan foydalanish talab etiladi.


Iliq suv


Jinsiy aʼzolarni yuvishda foydalaniladigan suv, albatta, iliq boʻlishi lozim. Qaynoq suv tashqi jinsiy aʼzolar terisi qurishiga, sovugʻi esa shamollashga sabab boʻladi.


Maxsus vositalar kerakmi?


Tozalik muolajalari uchun maxsus vositalardan foydalanish tavsiya etiladi. Ular tarkibida sut kislotasi mavjud boʻlsa, yana-da yaxshi. Odatda, qindagi sogʻlom muhitni laktobakteriyalar taʼminlab beradi va ular jinsiy aʼzoni tashqaridan xavf solishi mumkin boʻlgan turli infeksiyalardan himoyalaydi. Agar antibakterial, antiseptik xususiyatga ega boʻlgan vosita (masalan, atir)lar koʻp ishlatilsa, bakteriyalar muvozanati buzilib, jinsiy aʼzolarda kandidoz yoki disbakterioz yuzaga keladi. Jinsiy gigiyena uchun tozalash vositalarini dorixona va katta doʻkonlardan xarid qilishni maslahat beramiz. Shundagina qalbaki mahsulotdan himoyalana olasiz. Ushbu vositalarni, saqlash muddati 12 oy, deb qayd etilganini tanlang.


Zamon bilan hamnafas ­ – nam sochiqchalar


Jinsiy gigiyena uchun moʻljallangan maxsus nam sochiqchalardan foydalanganingizda, nozik terini bir yoʻnalishda, olddan ortga qarab, artish lozim. Qoʻl harakati, suvning oqimi hamda nam sochiqlardan foydalanayotganda shunday qilinsa, jinsiy aʼzolarga infeksiya kirishi ehtimoli kamayadi.


Mochalkaga oʻrin yoʻq!


Mochalkadan foydalanmaslik kerak. Intim aʼzolarni faqat qoʻl bilan yuvishni maslahat beramiz. Mochalka bilan nozik terini ishqalash natijasida jinsiy aʼzolar yuzasida tilinish va mikroyoriqlar paydo boʻlishi mumkin. Bu esa infeksiyalarga yoʻl ochib beradi.



ЎҚИНГ:   Parhez tutish jinsiy rivojlanishga zarar yetkazadimi?

Sochiqlar, sochiqlar, va yana sochiqlar


Oʻzingiz uchun alohida sochiq ishlating. Oila aʼzolaringizning har biri uchun alohida yuz-qoʻl va oyoqni artishga moʻljallangan shaxsiy sochiqlari boʻlishi shart. Shuningdek, tanangizdagi nozik joylar uchun ham alohida sochiq tutishni tavsiya etamiz.


Dushmi yo vanna?


Oy kunlarida faqatgina dush qabul qiling. Hayz kelganida imkon qadar hovuz yoki oqar suvda choʻmilish, vanna qabul qilish tavsiya etilmaydi. Bu kunlarda jinsiy aʼzolarni turli zararli xastaliklar tezda mahv etishi ehtimoli kuchlidir: hayz kunlarida bachadon boʻyni biroz ochiq boʻladi.


Eng koʻp qilinadigan xato


Hayz kunlari har bir ayol maxsus taglik hamda tamponlarni har 3-4 soatda almashtirish lozimligini yaxshi biladi. Lekin kundalik tagliklar haqida soʻz borganida aksariyat ayollar ularni kun davomida ishlatishlarini aytishadi. Biroq bu notoʻgʻri! Ularni ham uch-toʻrt soatda yangilab turish kerak. Negaki, kundalik tagliklarga ajralmalar yigʻilishi zararli bakteriyalar koʻpayishiga qulay muhit yaratadi. Bu esa infeksion xastaliklar paydo boʻlishi ehtimoli oshadi, demakdir.


Kiyimlar ahamiyati bormi?


Ichki kiyimlar qulay boʻlishi lozim. Ular yumshoq, tabiiy matodan tikilgan, badanni siqmaydigan va albatta, toza boʻlishi kerak. Nazarimizda, bu borada alohida toʻxtalish shart emas.


Suv purkash shart emas


Rezina “grusha” yordamida suv purkab yuvish muolajasini shifokor tavsiyasisiz aslo bajarmang. Odatda, sogʻlom ayol organizmi oʻz-oʻzini tozalay oladi. Bu usulni ayolning jinsiy aʼzolarida biror xastalik aniqlangudek boʻlsa, shifokorning oʻzi qoʻllagani maʼqul.


Dugonajonlar, oʻz sogʻligʻingizga aslo befarq boʻlmang!



Ekspert: Nargiza Akbarova, akusher-ginekolog.

Jurnalist: Dilnoza.

Manba: “Sugʻdiyona” gazetasi.