Dmitriy Peskov haqida

Kim u?
Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi, obrazli aytganda, 1-darajali davlat maslahatchisi. U Qirg‘izistonning “Manas” ordeni va Rossiya Federatsiyasining bir nechta orden va medallari bilan taqdirlangan.

Zamondoshning hayot yo‘li
Dmitriy Peskov 1967 yil 17 oktyabr kuni Moskvada tug‘ilgan (52 yosh). Bu vaqtda uning otasi 19 yoshli talaba edi. Institutni bitirgach, yosh ota arab mamlakatlariga ishga yuboriladi. Dmitriyni esa buvisi tarbiyalaydi. Ammo bolakay 1-sinfga chiqish arafasida otasining yoniga jo‘nab ketadi. Institutga kirish arafasida yana Moskvaga qaytadi va ingliz tilini chuqur o‘rganish maqsadida ixtisoslashtirilgan maktabda o‘qiydi. Dmitriy ikkinchi urinishda o‘qishga kiradi, ammo o‘zi istaganidek arab mamlakatlarini o‘rganuvchi emas, balki to‘plagan ballariga ko‘ra, turk guruhida o‘qishga majbur bo‘ladi. O‘qish davomida u harbiy chaqiruvga chaqiriladi, biroq xizmat vaqtida betob bo‘lib qolgani bois orqaga qaytib, o‘qishini davom ettiradi. Institutni tamomlagach, Yaqin Sharqdagi diplomatik vakolatxonada ishlay boshlab, og‘ir kasallikka chalingunicha faoliyat yuritadi. 1996 yildan 1999 yilgacha tashqi ishlar vazirligida turli vazifalarda ishlagan. Jumladan, RFning Turkiyadagi elchixonasida birinchi kotib lavozimiga tayinlanadi.

1999 yil Peskov prezident Boris Yeltsin tashrifi arafasida Istambuldagi YeXHT sammitiga tayyorgarlik ishlari uchun tuzilgan guruhning a’zosi sifatidagi ishtirokidan so‘ng Prezident administratsiyasiga ishga taklif qilinadi. Kremlda ish boshlagan (turk va arab tillarini biluvchi) Peskov Bosh vazir Vladimir Putin va Turkiya bosh vaziri Byullent Ajavid o‘rtasidagi muzokaralarda tarjimonlik qiladi. Aynan shu paytda u bo‘lajak prezident bilan tanishadi. 2000 yilda u OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i lavozimini egallaydi. U Putinning davlat rahbari sifatidagi ishlarining asosiy tashkilotchisi va uning pozitsiyasini chel el OAVdagi targ‘ibotchisi edi.

2008 yilda Putin prezidentlikni Dmitriy Medvedevga topshirib, to‘rt yilga bosh vazir vazifasini bajarishga o‘tganida Peskov uning matbuot kotibi bo‘ladi. Putinning 2012 yilgi saylovlardagi g‘alabasidan so‘ng yana hammasi o‘z o‘rniga qaytadi. Peskov 2010 yil uchinchi turmush o‘rtog‘i, ikki karra dunyo chempioni, mashhur figurist Tatyana Navka bilan turmush quradi. Rafiqasining sovg‘a qilgan 37 mln. rubllik soati talaygina muhokamlarga sabab bo‘ladi. Kreml amaldorlarining ayollari orasida eng boyi hisoblangan Navkaning daromadi 250 million rubl deb baholangan. Putin intervyularidan birida Peskovning ko‘p hollarda “bo‘ron ko‘tarishini” aytib o‘tgan. Peskov esa Putinga bo‘lgan hurmatini ko‘rsatish uchun: «Hatto ayiq ham Putinni ko‘rganida o‘zini sipo tutib qoladi», degan.

Zamondoshning fikri

«Mening siyosatga aloqam yo‘q. Davlat xizmatchisi siyosatchi emas. Odamlar tanlaydiganlar siyosatchilardir».


new.fikrat.uz