Tanzila Narbaeva haqida

Nima uchun mashhur?

O’zbekistonda Senat raisligiga saylangan ilk ayol. O’zA tomonidan o’tkazilgan «Yil tanlovi — 2019» bo’yicha O’zbekistonning yil odami deya e’tirof etilgan. «Shuhrat» medali, «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari sohibasi. XDP a’zosi. Bugun, 24 iyul

kuni uning tug’ilgan kuni.


Qanday mashhur bo’lgan?

Tanzila Narbaeva 1956 yili 24 iyul kuni Andijon viloyatining Shahrixon tumanida tug’ilgan. 1981 yilda Toshkent davlat universitetini bitirgan, pedagogika fanlari nomzodi. Ish faoliyatini 1974 yili Shahrixon tumanidagi 1-maktab yoshlari yetakchisi lavozimidan boshlab, 1975-1995 yillarda Toshkent shahrida maktabda o’qituvchi, direktor o’rinbosari va Toshkent shahar o’quvchilar uyi direktori, keyinchalik turli darajadagi davlat organlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan. Shu bilan birga Xalq demokratik partiyasida faoliyat olib borgan. 1995 -2010 yillar davomida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida turli lavozimlarda ishlagan. 2010-2016 yillarda O’zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, 2016- 2019 yillarda O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi raisi — Bosh vazir o’rinbosari lavozimlarida faoliyat ko’rsatgan. 2019 yil iyunda Oliy Majlis Senat raisi lavozimiga tayinlandi. Prezident Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, Tanzila Narbaevaning hukumatdagi faoliyati doirasida qilgan ishlari, ayniqsa, bolalar mehnatini yo’qotishdagi harakatlari alohida ahamiyatga ega. Senat raisining sevimli asarlari «Martin Iden», «O’tgan kunlar», «Muqaddima» (Ibn Xaldun). Kinofilmlari «Parazitlar», «Berlin-Oqqo’rg’on». Orzusi: Yangi O’zbekistonning gullab-yashnashini, farzandlarining baxtini ko’rish. 2 nafar qiz farzandi bor.


Mashhur nima deydi?

«Vatanparvarlik — bu avvalo oilani sevish demakdir. Chunki hammasi oiladan boshlanadi. Ikkinchidan, bu Vatanga xizmat qilishga har doim, har qanday vaziyatda tayyor turishdir. Qilayotgan ishga jonini berishdir».


«Men lavozim yoki biror vazifaga tayinlovlarda hamisha gender nuqtai nazaridan emas, balki professional tomondan yondashish tarafdoriman (Ammo, ayol bu kasb egasi bo‘lishi uchun u qo‘llab-quvvatlanishi kerak)».


«Men xotin-qizlar qo‘mitasida ishlaganimda biz ayollarni saylov jarayoniga tayyorlash borasida ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Biz siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishni istaydigan ayollarni saralaganimizda, ular butun dunyo mamlakatlari bo‘yicha 6000 dan ortiq ekani ma’lum bo‘ldi».


new.fikrat.uz