Rufay ibn Mihron

Movarounnahrda birinchi bo‘lib azon aytgan tobein:

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) aytadi: “Ne’matlar uchun Allohga hamd aytgan va qilgan gunohi uchun istig‘for so‘ragan banda halok bo‘lmaydi”.

Mashhur tobein mufassir va muhaddis hamda go‘zal qiroat sohiblaridan biri Abul Oliya Rufay ibn Mihron Riyohiy Basriy Basra (hozirgi Iroqdagi yirik shaharlardan biri)da dunyoga keldi. Shu yerda o‘sib-ulg‘aydi va voyaga yetdi. Yoshligidan ilmu irfonga cheksiz muhabbat qo‘ydi.

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hayotlik vaqtlarida yosh bo‘lgan. Hazrat Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) davrlarida Islomga kirgan. Biroq tobein Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan ko‘risha olmagani uchun bir umr afsusda o‘tdi. Shu bois, u Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning sahobalari bilan ko‘proq birga bo‘lishga intilardi. Ularni juda hurmat qilar, sahobalar ham uni yaxshi ko‘rar edilar. Bir kuni Anas (roziyallohu anhu) qo‘lidagi olmani Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi)ga berganida: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning qo‘llarini ushlagan qo‘l tekkan olma”, deb olmani o‘pa ketdi.

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Hazrat Ali, Ibn Mas’ud, Abdulloh ibn Abbos, Ibn Umar, Ubay ibn Ka’b, Abu Ayyub Ansoriy, Abu Hurayra, Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhum) kabi sahobalardan dars oldi, ulardan hadis tingladi. Chunonchi, u quyidagi hadisni rivoyat qilgan: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim menga hech kimdan hech narsa so‘ramaslikka kafolat bersa, men unga jannatning kafolatini beraman”, dedilar.

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Qur’oni karim va Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadislarining bilimdoni edi. Abu Bakr ibn Dovud: “Qur’onni eng yaxshi biladiganlar orasida sahobalardan keyin Abul Oliyadan o‘tadigani yo‘q”, deb ta’riflaydi.

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning hadislarini biror biladigan kishi borligini bilsa, masofa qancha uzoq yoki borish qiyin bo‘lmasin, albatta tuyasini minib yo‘lga tushardi. Hadis o‘rganishdan avval roviyning namoz o‘qishini kuzatardi. Agar namozini to‘la-to‘kis ado etsa, u kishini ustoz tutib, rivoyatlarini yozib olardi, ammo namoz arkonlarini joyiga keltirib ado etmasa: “Namozga beparvo bo‘lgan odam boshqa ibodatlarga bundanda beparvo bo‘ladi”, deb qaytib ketardi.

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) talabalarga dars berardi. Ularga: “Bilmagan narsangizni so‘rab o‘rganing. Chunki uyatchang va mutakabbir ilm egalla olmaydi. Uyatchang so‘rashdan uyalib so‘ray olmasa, mutakabbir kibru havosi sabab so‘ramaydi”, der edi.

Shuningdek, tobein shogirdlariga Qur’on yodlashning qulay yo‘lini tushuntirib: “Qur’onni besh oyatdan yodlanglar. Shunda osonroq yodlab, yaxshiroq tushunasizlar”, degan.

Rivoyatlarga ko‘ra, Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayh) Movarounnahr o‘lkasida birinchilardan bo‘lib azon aytgan shaxs hisoblanadi.

Rufay ibn Mihron (rahmatullohi alayhi) huzuriga kelgan mehmonlarini samimiy kutib olar va: «Huzuringizga oyatlarimizga imon keltirayotganlar kelganlarida, ayting: Sizlarga salom(salomatlik)!» (An’om surasi, 54-oyat) oyatini tilovat qilardi.

Buyuk tobein milodiy sananing 712 yili vafot etdi. Alloh taolo u zotdan rozi bo‘lsin.

Davron NurmuhammadMuslim.uz