Sa’d ibn Ubayd
Suyukli Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam), so‘ng hidoyat yulduzlari bo‘lmish sahobai kiromlarning fazilat va buyuklikka, go‘zal ibratlarga boy bo‘lgan hayot yo‘llari bizni hayratga soladi. Ular ega bo‘lgan go‘zal sifatlarni o‘zimizga singdirish qalbimizga yorug‘lik, ruhimizga tetiklik va kamolot baxsh etadi. Ana shunday zotlardan biri Sa’d ibn Ubayd (roziyallohu anhu)dir.
Sa’d (roziyallohu anhu)ni musulmonlar “Sa’d al-Qori” deb atashar edi. U zot (roziyallohu anhu) mayin, ohangdor ovoz sohibi edi. Uning qiroatidan qalblar to‘lqinlanar, Qur’onning ulug‘ligini his etardi. U qiroat boshlasa, qalblarni muloyimlik egallab olar, ko‘zlardan yoshlar to‘kilardi. U zot (roziyallohu anhu)ning qalbida joylashgan Allohning muborak oyatlari musulmonlarning ixlos va sadoqatini yanada oshirar edi. Zero, Sa’d (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hayotlik paytlarida Qur’onni to‘liq yod olgan sanoqli ansor sahobalarning biri edi. Uning bunday fazilatini yana ham ziynatlovchi go‘zal xislatlari bor edi. U zot (roziyallohu anhu)ning to‘g‘ri yo‘lda qat’iyat va matonat bilan sobit turishi, dovyurakligi, mohir chavandoz ekani barchaga ibrat edi.
Imom Sha’biy Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hayotlik paytlarida Qur’onni to‘liq yodlab olgan ansor sahobalar olti nafar ekanini ta’kidlaydi. Bular: Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit, Muoz ibn Jabal, Abu Dardo, Sa’d ibn Ubayd va Mujammi’ ibn Jariya (roziyallohu anhum) (Imom Bayhaqiy va Abu Dovud rivoyati). Abu Ubayd o‘zining “Qiroat” asarida mazkur ansoriy sahobalar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlaridan yodlab olganini aytib o‘tadi.
Abu Ahmad Askariy zikr etishicha, Avs qabilasidan faqatgina Sa’d (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hayotlik paytlarida aynan o‘zlaridan Qur’onni to‘liq yod olgan mashhur qorilardan bo‘lgan.
Sa’d (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning barcha safarlarida birga bo‘lganlar. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) vafotlaridan keyin ba’zilar murtad bo‘lib ketganlarida Sa’d (roziyallohu anhu) Yamomadagi uyida, imon-e’tiqodda sobit qoldi.
Hazrat Umar (roziyallohu anhu) musulmonlarga bosh bo‘lganlaridan so‘ng Iroq yerlari fath qilindi. Sa’d (roziyallohu anhu) kunduzlari muhorabalarda qatnashar, kechalari Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘lar edi. U zot (roziyallohu anhu) mohir chavandoz bo‘lishi bilan bir qatorda, elchilik vazifalarini maromiga yetkazib amalga oshirish qobiliyatiga ham ega edi. Aynan ushbu qobiliyati Fors bilan muzokaralarda yaqqol namoyon bo‘lgan. Musulmonlarning qo‘mondoni Sa’d ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhu) Sa’d ibn Ubayd (roziyallohu anhu)ni Fors shohi Kisroning voliylaridan bo‘lmish Ibn Munzir huzuriga elchi qilib yubordi. Sa’d (roziyallohu anhu) Ibn Munzirning huzuriga kirib, unga yozilgan maktubni berdi-da, musulmonlarning maqsadlarini birma-bir bayon qildi. Shunda Ibn Munzir: “Sen musulmonlarning kattasimisan?” dedi. Bu gapni eshitgan Sa’d (roziyallohu anhu): “Yo‘q. Lekin musulmonlar bir-birlari bilan xuddi bir tan kabidirlar. Ularning eng kichigi bergan omonlikka eng kattasi ham amal qiladi”, dedi va qaytib ketdi. Ammo ikki o‘rtada Qodisiya jangi bo‘lib o‘tdi. Ushbu to‘qnashuvning uchinchi kuni Sa’d ibn Ubayd (roziyallohu anhu) vafot etdi. Bu xabarni eshitgan hazrat Umar (roziyallohu anhu): “Biz uchun Sa’dning vafoti og‘irroqdir!” deya qayg‘u ichra qoldilar. Bu voqea hijriy o‘n beshinchi sanada bo‘lib o‘tgan edi.
Alloh Sa’d ibn Ubayd (roziyallohu anhu)dan rozi bo‘lsin!
“Rijalun va nisaun havlar Rasul” asari asosida Asadulloh Turg‘unov tayyorladi | Hidoyat.uz