Said ibn Zayd

Saidning otasi Zayd ibn Amrning o‘zi bunday hikoya qiladi: «…Ibrohim (alayhissalom) keltirgan hanif dinni qidirib dunyoni aylana boshladim. Shom shaharlariga yetib kelganimda, bir rohib olimning xabarini eshitdim. Uning oldiga borib, boshimdan kechirganlarimni so‘zlab berdim. U menga: “Ey makkalik birodarim, Ibrohimning dinini istayotganingni bilaman”, dedi. Men: “Ha, men qidirayotgan narsa shu”, dedim. Shunda rohib: “Sen bugun yer yuzida yo‘q bo‘lib ketgan dinni izlayapsan. Haqiqat sening shahringda. Albatta, Alloh sening qavmingdan Ibrohimning dinini yangilaydigan kishini payg‘ambar qilib yuboradi. Agar uni topsang, undan ajralmagin”, dedi».


So‘ng Zayd Makkaga yo‘l oldi. Ammo Muhammad mustafo (sollallohu alayhi va sallam) bilan uchrashish Zaydga nasib etmadi. Chunki Makkaga yetmasidan bir to‘da a’robiylar uni o‘ldirdilar. Zayd oxirgi nafasini olayotganida: “Yo Alloh, agar meni bu yaxshilikdan mahrum etgan bo‘lsang, o‘g‘lim Saidni undan mahrum qilmagin”, dedi.


Alloh taolo Zaydning duosini ijobat qildi. Said Allohga imon keltirgan va Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning risolatini tasdiqlagan peshqadamlar orasida bo‘ldi. Chunki Said Qurayshning zalolatini inkor qiladigan oilada va butun hayoti davomida haqiqatni qidirib, haq ortidan quvib dunyodan o‘tgan otaning quchog‘ida ulg‘aygan edi.


Said yolg‘iz o‘zi musulmon bo‘lmadi, balki u bilan birga xotini, Umar ibn Xattobning singlisi Fotima binti Xattob ham imon keltirdi. Imoni sabab Said qavmidan ko‘p aziyat chekdi. Ularga bardosh berdi. Bardoshi tufayli u va xotini eng kuchli va jasur kishini zalolat botqog‘idan sug‘urib olishga – Umar ibn Xattobning musulmon bo‘lishiga sababchi bo‘ldilar.


Said ibn Zayd yigitlik quvvatini islom xizmatiga bag‘ishladi. U yoshi yigirmadan oshmasdan musulmon bo‘lgan edi. Islomning ilk onidan boshlab Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga bo‘ldi.


Said ibn Zayd (roziyallohu anhu)ga taalluqli bir hodisa Madina ahli yodida uzoq vaqt saqlanib qolgan: Arvo binti Uvays: “Said ibn Zayd (roziyallohu anhu) yerimning bir qismini o‘z yeriga qo‘shib oldi”, deb da’vo qildi. Musulmonlar orasida bu gapini tinmay qaytargan u ayol Madina voliysi Marvon ibn Hakamga arz qildi. Marvon bu masalani hal qilish uchun Said ibn Zayd (roziyallohu anhu)ning oldiga bir necha kishini yubordi. Unga bu juda og‘ir botdi va ularga bunday dedi: «Meni shu ayolga zulm qilyapti, deb o‘ylayapsizlarmi? Qanday qilib unga zulm qilaman?! Axir men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Kim bir qarich yerni zulm bilan egallasa, qiyomat kuni bo‘yniga yetti qavat yer tavqi la’nat qilib osiladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati), deganlarini eshitganman. Yo Alloh! Ayol meni zulm qildi, deb da’vo qilyapti. Agar yolg‘onchi bo‘lsa, uning ko‘zini ko‘r qil, men bilan talashayotgan yerdagi quduqqa uni uloqtir. O‘zing unga zulm qilmaganimni ko‘rsatadigan hujjatni zohir qil!».


Oradan ko‘p o‘tmay Madinaning Aqiq vodiysida avval hech kuzatilmagan kuchli sel oqdi. Sel nizoli yerni ajratib tashladi. Barcha musulmonlarga Said ibn Zaydning rostgo‘y ekanligi ravshan bo‘ldi. Shundan keyin bir oy o‘tmasdan ayol ko‘r bo‘lib qoldi va o‘sha yerni aylanib yurganida quduqqa yiqildi.


Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) aytadi: Biz yoshligimizda bir inson boshqasi bilan urushib qolsa: “Alloh seni Arvoni ko‘r qilganidek ko‘r qilsin”, deganini eshitar edik.


Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mazlumning duosidan saqlaning, chunki u bilan Allohning o‘rtasida parda yo‘q”, der edilar. Said ibn Zayd (roziyallohu anhu) tirikligida jannat bashoratini olgan o‘n sahobiydan biri edi.


“Novza” jome masjidi imom noibi Abdulahad Sobirov tayyorladi | Hidoyat.uz



SAID ibn ZAYD (taxminan 600-671) — sahoba, makkalik ilk musulmonlardan. Asharai Mubashshara ahlidan. Otasi Zayd Banu Adaviy urug‘idan bo‘lgan. Saidning bobosi johiliya davrida Makkadaga boshliqlardan hisoblangan.


Said ibn Zayd Umar (ra)ning pochchasi edi. Zavjasi Fotima bilan ikkisi Umar (ra)dan avval musulmon bo‘lishgan, Habashistonga ham birga ko‘chishgan.


Talha bilan birga Shomga jo‘natilgani uchun Badr jangida qatnashmagan. Lekin g‘animatlardan uning ulushi ajratilgan. Boshqa janglarda qatnashgan.


Xalifa Abu Bakr Siddiq davrida Shom fathida ishtirok etgan. Said ibn Zayd saxiy, ibodatga qattiq berilgan, taqvo sohibi, mujohid bir zot bo‘lgan.


Dunyo ishlariga ahamiyat bermagani uchun biror vazifa olmagan. Madina yaqinidagi Aqiq degan joyda vafot etgan. Said ibn Zayd Rasuli Akramdan to‘rt hadis rivoyat qilgan.


Islom ensiklopediyasidan



Hayotlik chog‘idayoq jannatga kirish bashoratini olgan sahobiylardan biri Said ibn Zayddir. Onasi Fotima. Otasi Zayd. Otasi Zayd haq din izlab, turli safarlar uyushtirgan, ko‘plab nasoro va yahudiy olimlar suhbatida bo‘lgan. Lekin olimlarning hech bir so‘zi uning ko‘nglini tinchlantira olmasdi. Nihoyat u Ibrohimning (a.s.) yo‘llari haniflikni tanladi.


Said otasidan haniflik ta’limotini eshitib ulg‘aydi. Rasululloh (s.a.v.) Islomni targ‘ib qilayotganlaridan xabar topib, uni o‘rganib chiqdi va manbalarda bashorati kelgan din ekanligiga ishonch hosil qildi. Rivoyatlarga ko‘ra, Said musulmonlar Arqamning uyida yig‘ilishni boshlashlaridan avval iymon keltirgan. Ayoli hazrati Umarning singillari Fotima edi. O‘z navbatida hazrati Umar uning singlisi Otikaga uylanganlar.


Kuyovi va singlisining Islomga kirganidan xabardor bo‘lgan Umar ibn Xattob darg‘azab holda ular Qur’on tilovat qilishayotgan uyga yetib keladi. Umar Saidni do‘pposlayotganini ko‘rgan Fotima erini akasining changalidan qutqarishga urinadi va o‘zi ham kaltak yeydi. Shundan keyin u bor kuchini to‘plab, akasiga qarata Islomdan hech qachon voz kechmasligini aytib xitob qiladi. Singlisining gapidan sergak tortgan Umar o‘zini o‘nglab, Rasululloh (s.a.v.)ning huzurlariga yo‘l oladi va Islomni qabul qiladi.


Hijrat qilingach, Rifoa ibn Abdulmunzirning (r.a.) uyida mehmon bo‘ldi. Rivoyatlarga ko‘ra, Abu Luboba bilan, boshqa rivoyatlarga ko‘ra esa, Rafi’ ibn Malik bilan qiyomatli do‘st tutingan.


Said Badrdan tashqari barcha janglarda ishtirok etgan. U Rasulullohning (s.a.v.) eng ishonchli sahobalaridan biri edi. Bir marta Rasululloh (s.a.v.) uni Talha bilan birgalikda Suriyadan qaytayotgan Quraysh karvoni haqida xabar olib kelish uchun Madina atrofiga jo‘natganlar.


Said umrining so‘nggi kunlarini Madinaga yaqin Aqiq vodiysidagi dalasida o‘tkazdi. O‘sha yerda hijriy 50 (ba’zi manbalarda 51) yilda vafot etdi. Abdulloh ibn Umar Saidning vafotidan xabar topgach, uning Aqiq vodiysidagi uyiga borib janozasiga bosh-qosh bo‘ldi. Saidning mayyiti Madinaga olib kelinib, Sa’d ibn Abu Vaqqos tomonidan yuvilib kafanlandi. Uning janoza namozini Abdulloh ibn Umar o‘qidi. Alloh rozi bo‘lsin!


Shoakmal Isroilov

«Irfon taqvimi»dan