Bundan keyin Gomez birinchi marta Disney’dan tashqari Ramona and Beezus filmida suratga tushdi. 2010-yili Selena Gomez & the Scene ikkinchi, A Year Without Rain albomini chiqardi. Albom Billboard beshligiga kirib, ichidagi ikkita singl Top 40 chartga chiqdi. 2011-yilda Gomez pop-musiqachi Justin Bieber bilan munosabatda ekanligi tasdiqlangach, yana omma eʼtiboriga tushdi. Juft media tomonidan «Jelena» deb ataldi. Gomez oʻsha yili Monte Carlo (2011) va The Muppets (2011) filmlarida ijro etdi. 2011-yilda Selena Gomez & the Scene uchinchi, When the Sun Goes Down albomini chiqardi. Albomdagi «Love You Like a Love Song» singli hit boʻlib, unga RIAA tomonidan 4× platina unvoni berildi. Shu albomdan keyin Gomez musiqa taʼtiliga chiqishini va aktrisalikka berilishini eʼlon qildi. Keyin u Hotel Transylvania (2012) va Spring Breakers (2013) filmlarida rol oʻynadi, oxirgi filmda Gomez nisbatan ulgʻaygan ayolni tasvirladi.
Gomez musiqa taʼtilini 2012-yil oxirida yakunladi, yangi, Stars Dance solo albomi ustida ish boshlaganini bildirdi. 2013-yil aprelida chiqqan «Come & Get It» singli Billboard Hot 100 chartining tepa oʻnligiga koʻtarilgan birinchi Selena Gomez ashulasi boʻldi va RIAA tomonidan ikki karra platinaga baholandi. Albomning ikkinchi singli, «Slow Down» 2013-yil iyunida chiqarildi. Butun albom iyulda chiqdi. Musiqa va kinodan tashqari, Gomez yana filantroplik bilan shugʻullanadi: u atrof-muhitni himoyalash xayriya tadbirlarida ishtirok etib turadi.