Abdulla Qodiriy 1894 yil 10 aprelda Toshkent shahrida tug‘ilgan. XX asr yangi o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandasi, o‘zbek romanchiligining asoschisi. 20-yillardagi muhim ijtimoiy-madaniy jarayonlarning faol ishtirokchisi. Musulmon maktabida (1904—06), rus-tuzem maktabida (1908-12), Abulqosim shayx madrasasida (1916—17) ta’lim olgan; Moskvadagi adabiyot kursida (1925—26) o‘qigan. Eski shahar oziqa qo‘mitasining sarkotibi (1918), «Oziq ishlari» gazetasining muharriri (1919), Kasabalar sho‘rosining sarkotibi (1920), «Mushtum» jurnali tashkilotchilaridan va tahrir hay’ati a’zosi (1923—26). «To‘y», «Ahvolimiz», «Millatimga», «Fikr aylagil» kabi she’rlari, «Baxtsiz kuyov» dramasi, «Juvonboz» hikoyasi yozuvchining dastlabki asarlaridir (1914-15). «Uloqda» hikoyasi (1916), «Kalvak Maxzumning xotira daftaridan», «Toshpo‘lat tajang nima deydir?» (1920) kabi satirik hikoyalar muallifi.«O‘tgan kunlar» (1924-26), «Mehrobdan chayon» (1929) romanlari, «Obid ketmon» (1934) qissasi yozuvchining ulkan mahoratini o‘zida mujassam etgan. Abdulla Shunosiyning «Fizika» (1928), N. V. Gogolning «Uylanish» (1935), A. P. Chexovning «Olchazor» (1936) asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Abdulla Qodiriy 1926 yilda «Mushtum»da bosilgan «Yig‘indi gaplar» maqolasi tufayli qisqa muddat qamalgan. 1937 yilning 31 dekabrida esa «xalq dushmani» sifatida ikkinchi bor qamoqqa olinib, 1938 yil 4 oktyabrda Toshkent shahrida otib tashlangan.Uning asarlari 1956 yildan boshlab oqlangan.Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti laureati (1991), «Mustaqillik» ordeni bilai mukofotlangan (1994).
Abdulla Qodiriy асарлари, китоблари