Tajribali og‘ir atletikachimiz Ruslan Nurudinov Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritish bilan birga Olimpiada rekordini yangilab, O‘zbekiston yoshlari nimalarga qodir ekanini butun dunyoga yana bir karra namoyon qildi.
Vatan sha’nini ulug‘lash – inson qalbidagi orzu-maqsadlarning eng ulug‘i. Sportchilarimizning Rio Olimpiadasida erishayotgan olamshumul yutuqlarini xalqimiz katta hayajon va shodlik bilan kutib olmoqda. Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida, odamlar kayfiyatida bayram shukuhi, g‘alaba sururi, faxr-iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urmoqda.
Hasanboy Do‘stmatov, Diyorbek O‘rozboyev, Rishod Sobirov, Rustam To‘laganov va Elmurod Tasmurodovning g‘alabasi shukuhi qalblarimizda jo‘sh urib turgan bir paytda xalqimiz yana bir quvonchli voqea – og‘ir atletikachi Ruslan Nurudinov Olimpiada shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilganiga guvoh bo‘ldi.
Nufuzli musobaqaning og‘ir atletika bo‘yicha vazni 105 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlarida ishtirok etgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon va Osiyo chempioni, Butunjahon Universiadasi g‘olibi Ruslan Nurudinov O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga yana bir oltin medalni keltirdi.
Chempionlikka asosiy da’vogarlardan hisoblangan va o‘z vazn toifasida dunyo atletlari o‘rtasida yetakchilik qilayotgan Ruslan Nurudinov shtangani dast ko‘tarishda 194, siltab ko‘tarishda 237, ikkikurash natijasiga ko‘ra 431 kilogramm natijani qayd etib, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi. Uning siltab ko‘tarishda ko‘rsatgan natijasi Olimpiadaning yangi rekordi sifatida e’tirof etildi.
G‘olib sportchimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangradi.
Ruslan Nurudinov