Sherali Jo’rayev 1947-yil Asakada tug’ilgan. U 1972-yil Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan. 1976-yil Mannon Uyg’ur nomidagi Toshkent davlat san’at institutini yakunlagan.
Sherali Jo’rayev o’zbek davlat estradasi (1972-1973), «Shodlik» ashula va raqs ansambli (1972-1979), Andijon viloyati filarmoniyasi (1979-1986), O’zbek davlat filarmoniyasi (1986-1996), «O’zbeknavo» birlashmasi (1999-yildan)da yakkaxon xonanda bo’lgan.
Sherali Jo’rayev qo’shiqlari asosini Sharq mumtoz (Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Sa’diy Sheroziy, Hofiz, Mashrab, Ogahiy, Jaloliddin Rumiy, Jome’ va boshqalar) va zamonaviy (Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqalar) shoirlarning she’rlari tashkil etadi. 2008-yil Jo’rayev uyida Rumiyxonlik kechalarini uyushtirgan. Sherali Jo’rayev o’zining uzoq yillik ijodi davomida 600 dan oshiq qo’shiq yozib, ijro etgan. Uning eng mashhur qo’shiqlari orasida «Bahor ayyomi» (Bobur she’ri), «Birinchi muhabbatim» (Abdulla Oripov she’ri), «Inson qasidasi» (Erkin Vohidov she’ri), «Karvon», «Meni kutgil» (Konstantin Simonov she’ri), «Oshiqlar sardori» (Rasul Hamzatov she’ri), «O’zbegim» (Erkin Vohidov she’ri), «O’xshamas» (Alisher Navoiy g’azali) kabi o’nlab, balki yuzlab qo’shiqlari bor.
Sherali Jo’rayev aksar qo’shiqlarining kuyini o’zi bastalagan (jumladan, «Birinchi muhabbatim», «O’zbegim», «Karvon», «Achchiq haqiqat», «Yaralgan», «Oshiqlar sardori», «Inson qasidasi», «Oshiq bo’ling» va boshqalar). Ba’zi qo’shiqlarining she’rini ham o’zi yozgan. Xususan, «Bobo Dehqon», «Zamon», «Qarashlarga», «Ona Turkiston», «Sohibqiron», «Do’st bo’lsang, yonimda tur», «Qayon ketmoqdasiz'» qo’shiqlari shular jumlasidandir.
1992-yilda O’zteleradiokompaniyasi Sherali Jo’rayev ijodiga bag’ishlangan «Bir ulug’ el bor jahonda» film-esse ishlagan. Qo’shiqchi Yevropa, Osiyo mamlakatlarida xizmat safarida bo’lgan.
Sh. Jo’rayev «Sherali va Oybarchin» filmiga ssenariy yozgan va o’zi ushbu filmda bosh rolni ijro etgan. Sherali Jo’rayevning ikki o’g’li va uch qizi bor. O’g’illari — Shohjahon va Zohirshoh Jo’rayevlar ham qo’shiqchilik yo’lini tanlagan.
Sherali Jo’rayev