Hojiakbar Shayxov (Hojiakbar Islom Shayx) 1945 yilda Xitoy Xalq Respublikasi, Shinjon viloyatidagi Chuguchak shahrida tugʻildi. Ota-bobolari asli toshkentlik boʻlib, oʻtgan asrning 20-yillarida taqdir taqozosi bilan, Sharqiy Turkistonga borib qolishgan, 1955 yildagina ona yurtga qaytishga muvaffaq boʻlishgan edi.
Hojiakbar Shayxov Toshkent Politexnika institutining energetika fakultetida tahsil oldi. Mehnat faoliyatini Oʻrta Osiyo elektr tarmoqlari qurilishi korxonasida muhandislikdan boshlab, 1981–1983 yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Elektronika institutida yetakchi muhandis vazifasida xizmat qildi.
1983 yildan “Yosh gvardiya” nashriyotida boʻlim mudiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, 1990 yildan “Sirli olam” jurnali va uning ilovasi “Qalb koʻzi” gazetasining bosh muharriri boʻlib ishladi.
Hojiakbar Shayxov “Rene jumbogʻi”, “Zalvorli odimlar” (1977), “Yettinchi operatsiya” (1979), “Gʻaroyib koʻlanka” (1980), “Olmos jilosi” (1983), “Soʻnggi ajdarning halokati”, “Hayotbaxsh xayollar” (1985), “Ajdodlar xotirasi” (1986), “Yonar daryo” (1986), “Maktab sahnasi” (1988), “Sehrli qiz” (1989), “Telba dunyo” (1990), “Tutash olamlar” (1996), “Jodugarning eri” (1999), “Ikki jahon ovorasi” (2001) kabi oʻttizdan ziyod ilmiy-fantastik hikoyalar, qissalar va romanlar, “Fan fidoyisi” (1987),”Zamin shaydosi” kabi (1990) publitsistik asarlar nashr ettirdi. Qator asarlari Fransiya, Chexoslovakiya, Vengriya, Ispaniya, Bolgariya, Hindiston va boshqa mamlakatlarda chop etildi.
Hojiakbar Shayxov adabiyotimiz oldidagi katta xizmatlari uchun 1997 yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.