Toʻlan Nizom (1938)

Toʻlan Nizom 1938 yil 17 avgustda Andijon viloyatining Boʻz tumani Beshkal qishlogʻida tavallud topdi.

Andijon davlat pedagogika institutining oʻzbek tili va adabiyoti fakultetida tahsil oldi. Mehnat faoliyatini oʻqituvchilikdan boshlab, soʻngra tuman yoshlar qoʻmitasida yetakchi, maorif boʻlimi mudiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Andijon viloyat boʻlimining masʼul kotibi, pedagogika bilim yurti direktori vazifalarida ishladi.

Oʻn ikki yoshida ilk mashqlari tuman, viloyat gazetalarida chop etila boshladi. “Sening ertaklaring” nomli ilk sheʼriy toʻplami 1970 yilda nashr etildi. Shundan soʻng “Iftixor” (1981), “Quyosh yoʻli” (1984), “Andijonda bir qush bor”, “Oyqizlar”, “Sheʼr aytgim kelyapti, onajon”, “Choʻlpon”, “Humo”, “Intizorlik”, “Aks sado”, “Chaman ichra” “Muqaddas ruh” (1992) kabi sheʼriy majmualari, “Majnuntol yigʻisi” (1991), “Choʻlpon” (1992), “Girya”, “Ruhi ravonim”(1993), “Bobur” (1995), “Botmay qolgan oy” (1997) kabi dostonlari dunyoga keldi.

Bulardan tashqari, T. Nizom “Non hidi” (1998), “Ruhlar qasidasi”, “Alisher Navoiy” (2001), “Dovon”, “Avvalu oxir” (2002) “Poʻlat belbogʻ” (2015) kabi kitoblar muallifi hamdir.

Istiqlol yillarida shoir samarali ijod qildi. Qisqa davr ichida oʻttizga yaqin doston yaratdi. Bu dostonlar bir qator adabiy nashrlarda hamda shoirning “Vatan haqida qoʻshiq” (2009), “Oq gul” (2010) kabi toʻplamlarida eʼlon qilindi. Uch jildlik “Saylanma” si, “Tabibnoma” (2012) majmuasi ham muxlislar uchun munosib sovgʻa boʻldi.

Toʻlan Nizom 1998 yilda “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoniga, 2003 yilda “Mehnat shuhrati”, 2008 yilda “El-yurt hurmati” ordenlariga sazovor boʻldi. U xalqaro Bobur va Choʻlpon mukofotlarining ham sohibidir.


“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.