Uchqun Nazarov 1934 yili Toshkent shahrida tavallud topdi.
Toshkent teatr va rassomlik institutining rejissyorlik boʻlimida tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini Qoʻqon shahridagi Hamza nomli drama teatrining bosh rejissyori sifatida boshlab, keyinchalik kinorejissura bilan jiddiy shugʻullandi.
“Odamlar” nomli birinchi hikoyasi 1961 yilda, shu nomdagi birinchi kitobi esa 1962 yilda eʼlon qilindi. Shundan soʻng adibning “Gʻurur” (1965), “Fido” (1970), “Girdob” (1971), “Listopad” (rus tilida, 1976), “Jurʼat” (1977), “Chayraluu” (qirgʻiz tilida, 1980), “Vernost” (rus tilida, 1987), “Oʻzgalar uchun” (1988), “Chayon yili” (1990), “Yongʻin” (1996), “Paymona” (2010) kabi roman, qissa va hikoyalar kitoblari bosilib chiqdi. “Chayon yili” romani nemis tiliga tarjima qilindi (tarjimon I. Baldauf, 2002).
Uchqun Nazarov bir qancha sahna asarlari ham yaratdi: uning “Oyna” dramasi (1977) hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatrida muallifning oʻzi tomonidan sahnalashtirildi.
Uning ssenariysi va rejissyorligida “Surayyo” (1965), “Qiz va yigit” (1967), “Shiddat” (1970), “Karvon” (1972), “Alangali sohil” (1975) kabi badiiy filmlar tasvirga olindi.
Uchqun Nazarov Respublika Davlat mukofoti hamda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist” unvoni bilan taqdirlangan.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.