Azim Suyun (1948–2020)

Azim Suyun 1948 yil 22 fevralda Samarqand viloyati Nurota tizma togʻlari etagida joylashgan Quduqcha qishlogʻida tugʻildi. Nakurt qishlogʻida Suyun bobo tarbiyasida oʻsib ulgʻaydi. Yosh Azim choʻpon otasi ortidan yurib, tabiat sirlari bilan oshno tutingan. Ayni shu omil boʻlgʻusi shoirning shakllanishiga taʼsir oʻtkazgan.

“…Keyin askar boʻldim, – deb yozadi u tarjimai holida, ‒ Toshkent davlat universtetining jurnalistika fakultetini bitirdim. Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, Oʻzbekiston Davlat matbuot qoʻmitasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Xalq soʻzi”, “Oʻzbekiston ovozi” gazetalarida xizmat qildim. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati boʻldim…”

Shu paytgacha shoirning “Mening osmonim” (1978), “Zarb” (1979), “Zamin taqdiri” (1981), “Xayolot” (1984), “Ziyo yoʻli” (1986), “Javzo” (1987), “Olis tonglar” (1989), “Kuyganim ‒ suyganim” (1992), “Qora koʻzing sening” (1994), “Sarbadorlar” (1994), “Saylanma” (1997), “Oʻzlik” (1999), “Sharq hikmati” (2000), “Ey, doʻst” (2005), “Vatan fasllari” (2007), “Muhabbat hayratlari” (2009), “Tanlangan asarlar” (7 jildlik, 2009) nomli kitoblari nashr etildi.

Azim Suyun turli davrlarda dolzarb mavzularda koʻplab maqolalar, suhbatlar, sheʼrlar, hikoyalar yozgan. Ularda uning nechogʻlik ijodiy izlanishlar olib borayotganligini koʻrish mumkin.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Azim Suyun “Oʻzbekiston belgisi” nishoni sohibi. U Butunjahon shoirlari Kongressi aʼzosi. Turkiya, Koreya, Rossiya, Hindiston va boshqa davlatlarda boʻlib oʻtgan xalqaro adabiy anjumanlar qatnashchisi hamdir.

Shoir 2020 yil 9 mart kuni olamdan oʻtdi.


“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobi asosida tayyorlandi.