Ahmad Yassaviy (1041-1167)

Islom dini paydo boʻlgandan soʻng uning doirasida, Qurʼon va hadis ahkomiga mos ravishda paydo boʻlgan tasavvufiy taʼlimotlar X – XI asrlarga kelib Movarounnahrda ham keng tarqala boshladi.

Tasavvuf – Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlarining maʼnaviy hayoti tarixidagi eng murakkab, oʻzaro ziddiyatlarga toʻlib-toshgan va muhim hodisalardan biri boʻlib, uning uchun tarkidunyochilik, bu dunyo boyliklaridan va nozu neʼmatlaridan voz kechish, Alloh vasliga yetmak uchun pok, halol, oʻz mehnati ila yashash, ixtiyoriy ravishdagi faqirlik xarakterli xususiyatlardan hisoblangan.

Markaziy Osiyoda tasavvufiy taʼlimotlarning paydo boʻlishi Yusuf Hamadoniy (1048–1140) nomi bilan bogʻliqdir. Yusuf Hamadoniy Marv va Buxoroda xonaqo va madrasa qurdirib, koʻplab tur-kigoʻy, forsigoʻy shogirdlar tayyorladi. Buxorodagi shogirdlari orasida Hasan Andoqiy, Abdullo Baraqiy, Ahmad Yassaviy va Abduxo-liq Gʻijduvoniy alohida ajralib turardi. Keyinroq bu toʻrt isteʼdodli shogird Hamadoniy maktabini muvaffaqiyat bilan davom ettirdilar.

“Yassaviya”, “Naqshbandiya” tariqatlari Hamadoniy taʼlimoti asosida shakllandi.

XII asrda Markaziy Osiyoda paydo boʻlgan ilk tasavvufiy tariqatning asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy 1041 yilda Sayramda, Shayx Ibrohim oilasida dunyoga kelgan. Uning vafot etgan vaqti koʻpgina qoʻlyozma manbalarda hijriy 562 (1166/67) yil deb yozilgan. Ahmad yoshligida onasidan, soʻng otasidan ajraladi. Uni bobosi Arslonbob tarbiyalab voyaga yetkazadi. Ahmad dastlabki taʼlimotini Yassida mashhur olim Shahobiddin Isfijobiydan oladi. Soʻngra bobosi Arslonbob qoʻrsatmasi bilan Buxoroga borib Yusuf Hamadoniydan taʼlim oladi. Ahmad Yassaviyning oʻzi “Ustoz Yusuf Hamadoniyning huzuriga 23 yoshida borganini va ul Hazratning tarbiyasiga noil boʻlgʻonligani” aytadi. U yerda tasavvufdan taʼlim olib, soʻng oʻz yurti Turkistonga qaytadi, oʻz taʼlimotini targʻib etib, shogird, muridlar tayyorlay boshlaydi.

Rivoyatlarga koʻra, Yassaviy 63 ga (Paygʻambar yoshiga) yetgach, yer ostida hujra yasatib, “chilla”ga kirgan, qolgan umrini toat-ibodat qilib, qimmatli hikmatlar yozib, riyozatlar chekib, yer ostida oʻtkazgan. Bir rivoyatga koʻra, u 125 yil, boshqa rivoyatga qaraganda, 133 yil umr koʻrgan.

Yassaviy madaniyatimiz tarixida ilk turkiyzabon mutasavvuf shoir sifatida maʼlumdir. Uning tasavvufni targʻib etuvchi turkiyda yozilgan sheʼrlari tilining xalqqa yaqinligi, ohangdorligi bilan tezda mashhur boʻlib ketdi.

Alisher Navoiy iborasi bilan aytganda, “Turkiston mulkining ulugʻ Shayx ul-mashoyixi” Hazrati Xoja Ahmad Yassaviy juda koʻp mutasavvuf donishmandlarni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Maʼlumki, “Yassaviya” tariqatidan keyin Markaziy Osiyoda ikki yirik tariqat paydo boʻladi: “Naqshbandiya” (Xoʻjagon), “Bektoshiya”.

Tasavvufdagi barcha yirik tariqatlarda boʻlganidek, “Yassaviya” tariqatining ham oʻziga xos muayyan qoidalari (odobi) boʻlib, bu taʼlimotdagi soliklar quyidagi qoidalarga amal qilishlari majbur boʻlgan: 1) Murid hech kimsani oʻz piridan afzal koʻrmasligi, unga doimo taslimiyat izhor qilmogʻi lozim; 2) Murid shunchalik zukko va idrokli boʻlishi kerakki, to oʻz shayxining rumuz va isho-ralarini mukammal anglay olsin; 3) Shayxning barcha akvoli (soʻzlari) va afʼoli (ishlari)ga murid sodiq boʻlib, unga mutlaqo mute va moʻtaqid boʻlmogʻi lozim; 4) Murid oʻz murshidi (piri)ning barcha topshiriqlarini chustu choloklik (chaqqonlik) ila sidqididdan bajarib, uni hamisha rozi qilib yurmogʻi zarur. Chunki rizoi Alloh uning (yaʼni Shayxning) zimnidadir: 5) Murid oʻz soʻziga sodiq, vaʼdasiga rosix boʻlib, murshidi koʻnglida hech qanday shaku shubha tugʻdirmasligi zarur; 6) Murid oʻz vaʼdasida vafodor, soʻzida ustuvor turmogʻi lozim; 7) Murid oʻz ixtiyoridagi barcha mol-mulkini, butun boru yoʻgʻini oʻz shayxiga nisor etmoq uchun doimo tayyor turmogʻi lozim; 8) Murid oʻz murshidining barcha sir-asrorlaridan ogoh boʻlib, uning ifshosini hech vaqt xayoliga keltirmasligi kerak; 9) Murid oʻz shayxining barcha takliflarini nazarda tutib, uning mushkilotini oson qilmogʻi, pandu nasihatlarini bajo keltirmogʻi shart; 10) Murid Xudo visoli uchun oʻz Shayxi yoʻlida butun molu jonini nisor etmoqqa tayyor turishi, uning doʻstiga doʻst, dushmaniga dushman boʻlib yashamogʻi shart.

“Yassaviya” tariqatining barcha aqidalari Ahmad Yassaviyning asosiy asari boʻlmish “Hikmat”da mufassal bayon etilgan. XII asrdagi turkiyzabon sheʼriyatning ajoyib namunasi boʻlgan, keyingi davrlardagi turkiy adabiyotga katta taʼsir koʻrsattan “Hikmat” asarida “Yassaviya” taʼlimotidagi poklik, halollik, toʻgʻrilik, mehr-shafqat, oʻz qoʻl kuchi, peshona teri va halol mehnati bilan kun kechirish, Alloh taolo visoliga yetishish yoʻlida Insonni botinan va zohiran har tomonlama takomillashtirish kabi ilgʻor umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilgan.

Bagʻdodda 922 yilning 22 mart kuni riyokor shayxlar va mutaassib ulamolar tomonidan xudosizliqda ayblanib dorga osilgan, soʻngra qoʻl-oyoqlari kesilib, tanasi kuydirilib, daryoga tashlangan mashhur mutasavvuf olim Mansur Xalloj (858–922) ni Yassaviy bir talay sheʼrlarida chuqur hurmat bilan tilga oladi, mazkur ilgʻor, dovyurak va jasur mutasavvuf donishmandga katta ragʻbat koʻrsatadi:

“Bilmadilar mullolar “Anal-haq” ning maʼnosin,

Qol ahliga hol ilmin Haq qoʻrmadi munosib,

Rivoyatlar bitildi, holin ani bilmadi,

Mansurdek avliyoni qoʻydilar dorga osib.


Shariatdur, deb olimlar buyurdilar,

Kofir Mansur oʻlmadi, deb kuydurdilar.

Axgar qilib kulin qoʻkka sovurdilar,

Togʻu tuzlar “Anal-haq”, deb turar ermish”.

Yassaviy ham oʻzining piri buzrukvori Shayx Yusuf Hamadoniyga oʻxshab mol-dunyo toʻplashga mutlaqo qiziqmaganini, kambagʻalparvar va gʻaribparvar boʻlib yashaganligini uning baʼzi bir hikmatlaridan ham bilsa boʻladi. Mol-dunyoga, boylikka va davlat orttirishga mukkasidan ketgan, xasis va ochofat kishilarni Yassaviy beayov tanqid qiladi:

Beshak biling bu dunyo barcha xalqdan oʻtaro,

Ishonmagʻil molingga, bir kun qoʻldan ketoro,

Oto, ono, qarindosh qayon ketdi, fikr qil,

Toʻrt oyoqlik choʻbin ot bir kun sango yetoro.

Darhaqiqat, Xoja Ahmad Yassaviy Markaziy Osiyodagi ilk tasavvufiy tariqat – “Yassaviya”ning asoschisi, nafaqat Xuroson va Mavorounnahr, balki turkiyzabon xalqlarning maʼnaviy tarixida keng maʼlum boʻlgan, mutasavvuf donishmand, insonparvar shoir hisoblanadi.