Ruqayya Zaynabdan keyin dunyoga keldi. U ham ota-onasining ko‘z qorachig‘i edi. Ruqayya va Ummu Gulsum ikkovlari xuddi egizaklardek o‘sdilar. Bir-birlarini juda sevardilar. Bu sevgi va mehr opalari Zaynab uzatilganidan so‘ng yanada kuchaydi. Go‘yo taqdir ularning hayotini mushtarak bir yo‘lga chizgandek bir-birlariga qattiq bog‘lanib qolgan edilar.
Abu Lahabdan sovchilik
Zaynab (roziyallohu anhu) Abul Os ibn Robi’ bilan turmush qurganidan so‘ng Ruqayya va Ummu Gulsumning ham bo‘ylari yetib qoldi. Abu Tolib ularni birodari Abu Lahabning o‘g‘illari Utba va Utaybaga so‘rab keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga shunday javob berdilar:
— Ey amaki, qarindoshchilikni siylayman, biroq menga biroz muhlat bering. Bu masala yuzasidan kizlarim bilan gaplashay.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) xonadon ahliga Abu Tolibning maqsadidan gap ochdilar, Hadicha onamiz va qizlariga ahvolni tushuntirdilar.
Hazrati Hadicha (roziyallohu anhu) bu gaplarni eshitib o‘yga cho‘mdilar. Chunki Abu Lahabning xotini Ummu Jamil qahri qattiq, tili achchiq va o‘ylamay ish qiladigan xotin ekanini bilar edilar. Shuning uchun qizlarining bu xonadonga kelin bo‘lishlarini xoxlamay turardilar. Biroq ra’ylarini qaytarmaslik uchun indamadilar. Qizlari ham buni his qilib jim o‘tirardilar. Shunday tarzda, qatiy qaror qabul qilindi. Shafqatli ota qizlariga barakot tiladi. Ularni aziz va jamil bo‘lgan Allohning panohiga topshirdi.
Payg‘ambarlik davri
Makka osmonida bir nur ko‘rindi. Bugun Makkani oydinlatib, qorong‘ulikni tarqatib yubordi. Bu nur Rasulullohning(sollallohu alayhi va sallam) payg‘ambarlik nuri edi.
Hazrati Hadicha (roziyallohu anhu) qizlari Ruqayia va Ummu Gulsumni o‘ylar edi. Ummu Jamil va uning so‘zidan hech chiqmaydigan Abu Lahab xonadonida qizlarining holi ne kechadi?
Qurayshiylar Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) xususida aniq bir to‘xtamga kelish uchun to‘plandilar. Oralaridan biri:
— Siz Muhammadning ishiga halaqit bermoqchimisiz? U holda qizlarini qaytarib yuboringlar, u qizlari bilan ovora bo‘lib qoladi, — dedi.
Abu Lahab Hazrati Payg‘ambarning qizlari bilan oila qurgan o‘g‘illariga:
— Agar Muhammadning qizlarini qo‘ymasangiz, boshim boshingizga harom bo‘lsin, — dedi.
Ikki qiz ham otalik uylariga qaytib keldilar.
Ummu Jamil va Abu Lahab bu ishlari bilan cheklanib qolmadi. Nabiyga (alayhissalom) doimiy ravishda aziyat yetkazaverdilar. «Abu Lahabning qo‘llari qurigan — halok bo‘lgay! (Aniqki,) u quridi — halok bo‘ldi! Mol-mulki va kasb qilib topgan narsalari unga asqotgapi yo‘q! Yaqinda uning o‘zi ham, uning o‘tin orqalagan, bo‘ynida pishiq toladan (eshilgan) arqon bo‘lgan xotini ham (lovullab turgan) alangali do‘zaxga kirajak!» (Masad, 1-5).
Qiyinchiliklar
Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) samimiy va vafodor zavjasiga: «Endi bizga uyqu yo‘q, ey Hadicha…» dedilar.
Ruqayya va Ummu Gulsum uylaridagi muhit o‘zgarib qolganini sezdilar. Uyda xursandchilikdan asar ham qolmaganday, g‘am-qayg‘u butkul hukmrondek ko‘rinar edi. Biroq opa-singil ota-onalari bilan birga bu qiyinchiliklarga bardosh berdilar.
Kurayshiylarning taxmini bekor bo‘ldi, sevinchlari uzoqqa bormadi. Ular o‘ylaganidek, qizlarining uyga qaytib kelishi bilan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) buyuk vazifalarini ado etishdan to‘xtab qolmadilar. Alloh taolo solih, asl bir oilaga mansub, boy va yumshoq tabiatli kuyov berdi. Bu kishi Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) nasab, mavqe va boylikda Qurayshning eng oldi kishilaridan edi.
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Ruqayyani Usmonga (roziyallohu anho) nikohladilar va ularga barakot tilab, Alloh taologa duo qildilar.
Quraysh mushriklarining musulmonlarga aziyatlari yanada ortdi. Ularga juda yomon munosabatda bo‘la boshladilar. Shuning uchun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) fitnaga duchor bo‘lishmasin deb sahobalarning Habashistonga hijrat qilishlariga izn berdilar.
Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) bilan zavjasi Ruqayya ham yo‘l hozirligini ko‘ra boshladilar. Ruqayyaning ko‘zlari yosh, kalbi g‘am-alam bilan to‘la edi. Ayriliq oldidan otasini, onasini va qarindoshlarini bir-bir quchoqladi. Aytmoqchi bo‘lgan gaplarini aytolmay, so‘zlari bo‘g‘ziga tiqildi. Uning butun holati go‘yo:
«Oiladan, vatandan ayrilish juda og‘ir. Ruh bilan tananing ajralishiga o‘xshaydi. Alloh bu ishimizdan rozi bo‘lsin. Ishonchimiz yo‘lida jonimiz fido bo‘lsin», deyayotgandek edi.
Usmon (roziyallohu anhu) ham juda xafa edilar. Sabrli mo‘mina Ruqayya unga yuzlanib, taskin berish uchun:
— Alloh taolo biz bilan va Shu muborak Baytning atrofidagi tuprog‘imizda qolayotgan kishilar bilan birgadir, — dedi.
Hazrati Usmoning (roziyallohu anhu) kayg‘usi tarqaldi. Habashiston tomon yo‘lga tushdilar.
Najoshiy yurtida
Muhojirlar ko‘p ikromlarga noil bo‘lib, Najoshiy himoyasida yashadilar. Ularga istaganlariday harakat va ibodat erkinligi berilgan edi.
Bir kun Makka mushriklarining musulmon bo‘lgani haqida yolg‘on xabar keldi. Buni eshitib, hasrat chekayotgan ba’zi muhojirlar oilalariga qovushish orzusi bilan orqaga qaytmoqchi bo‘ldilar.
Bir qismi esa Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qaytishga ruxsat bergunlariga qadar shu yerda qolishga qaror qildilar.
Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) va Rukayya ham Makkaga kaytganlar bilan birga edilar. Vatan tuproqlariga oyoqbosar-bosmas, bolalik va yoshlik yillari o‘tgan yerlarni ko‘rib, ularning ko‘zlari sevinch yoshlariga to‘ldi.
Ruqayya uzoq ayriliqdan so‘ng onasini ziyorat qilish uchun ota uyiga tashrif buyurdi. Biroq onasini ko‘rolmadi. Hamma jim edi, hech kim javob bermasdi. Ammo ko‘z yoshlarini tutib turolmadilar. Oqayotgan ko‘zyoshlar unga eng to‘g‘ri javobni bergan edi. Ruqayya ham yig‘ladi. Bu musibat ham Allohning qazo va qadari edi. Bu alamga ham bir mo‘mina kabi sabr etdi.
Madinaga hijrat
Ruqayyaning Makkada qolishi uzoqqa cho‘zilmadi. Mushriklarning tazyiqi kundan-kun ortib borardi. Musulmonlar Madinaga hijrat etdilar. Hazrati Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ham ular bilan birga edilar. Ruqayyaga olam-olam quvonch keltirgan o‘g‘li Abdulloh Madinada tug‘ildi. Ruqayya bu farzandni o‘tgan kunlardagi musibat, siqinti va iskanjalar badaliga berilgan mukofot deya qabul etdi.
Lekin mo‘min kishi doimo imtihon qilinadi, unga balolar yuborilib, sinaladi.
«U sizlarnipg qaysilaringiz chiroyliroq — yaxshiroq amal qilguvchi ekaningizni imtihon qilish uchun o‘lim va hayotni yaratgan Zotdir. U qudratli va mag‘firatlidir» (Mulk, 2).
Go‘dak belanchakda uxlayotganida bir xo‘roz yuzini cho‘qib odqi. Yarasi og‘irligi uchun bir necha kundan so‘ng o‘ldi. Ruqayya bu musibatning og‘irligiga chiday olmadi, hushidan ketdi. Isitmasi ko‘tarilib, bezgakka chalindi.
Suyukli eri Usmon (roziyallohu anhu) uning yonidan hech ayrilmadi. G’am-qayg‘uni yengillatishi uchun Alloh taologa tinmay duolar qildi.
Sevganidan ayrilgan ota
Madinada ansor va muhojirlar Shomdan qaytayotan qurayshiylarga qarshi hujumga tayyorlanayotgan edilar. Usmon (roziyallohu anhu) ham jangga chiqmoqchi bo‘ldi. Lekin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga xasta zavjasi Ruqayianing yonida qolishni buyurdilar.
Ruqayyaning ahvoli og‘irlanshb borardi. Kasallik kuchaydi. Nihoyat, dudokdar orasidan chiqayotgan nafas uzilib qoldi. Ruh tanni tark etgan edi.
Sevimli yoridan ayrilib qolgan Usmon (roziyallohu anhu) uning peshona va qo‘llaridan o‘pib, asta yuzini yopar ekan, Badrdan kelgan chopar musulmonlarning zafarini e’lon qildi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Usmonning (roziyallohu anhu) uyiga kirdilar. Ruqayyaning o‘limi haqidagi xabar qattiq ta’sir etgan edi. Ruqayyaning xonasida yig‘lab o‘tirgan nevaralari Fotimani shafqat ila oxista o‘rnidan turgazib, yenglari bilan ko‘z yoshlariny artdilar.
Hozir bo‘lgan ayollar o‘zlarini tutolmay, yig‘lab yubordilar. Umar (roziyallohu anhu) qamchisi bilan ularni urmoqchi bo‘ldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning qo‘lidan ushlab:
«Ko‘zdan va qalbdan nima kelsa, Allohdan, Uning marhamatidandir. Ko‘l va tildan bo‘lsa, shaytondandir», deb uni qaytardilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Baqi’ qabristoniga borib qizlari Ruqayyaning haqqiga duo qildilar. Kabr ustiga o‘z qo‘llari bilan toza tuproq tashladilar. So‘ng yana ortga qaytdilar.
Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ikki hijrat sohibi bo‘lgan qizlari Ruqayyadan Alloh taolo rozi bo‘lsin. Imoni, hijrati va hayoti davomida ko‘rgan musibatlari uchun eng go‘zal shaklda ajr-mukofotlar bersin. Omin.
«Qahramon mo’mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.