Jarir ibn Abdulloh
Jarir ibn Abdulloh Bajaliy. Kunyasi Abu Amr. Otasi Abdulloh ibn Jobir Bajaliy. Onasi Bajila binti Sa’b (Mus’ab) ibn Ali.
Bir kuni sahobiylar bilan suhbatlashib o‘tirganlarida Payg‘ambar (a.s.): “Sizlarning oldingizga bu tarafdan xayrli inson kelmoqda. Uning yuzida farishtaning alomati bor”, dedilar. Shunda Jarir (r.a.) kirib keldi.
Jarir Yamanning mashhur Ahmas qabilasi boshlig‘i edi. Bir kuni qabila nomidan Rasuli akram (s.a.v.)ning huzurlariga kelganida, “Oldingizga bir qavmning ulug‘i kelsa, uni ehtirom qiling”, deb ustilaridagi ridoni Jarirga kiydirib qo‘ydilar. Bunga javoban ridoni o‘pib, ko‘zlariga surib: “Meni izzat qilgan bo‘lsangiz, sizni Alloh izzat qilsin”, dedi. Keyin ridoni Payg‘ambarimiz (a.s.)ning ustilariga tashlab qo‘ydi. Shunda Rasuli akram (s.a.v.) aytdilar: “Kim Allohga va qiyomat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, bir qavmning hurmatlisi kelsa, uni ikrom qilsin”.
Vidolashuv hajida Jarir (r.a.) Rasululloh (s.a.v.) bilan birga edi. Nabiy (a.s.) Madinaga qaytganlarida ximyariylar rahbari Zul-Kalb va Yaman hukmdori Zu-Amrni islomga chaqirish vazifasini yukladilar. Yarim yo‘lga yetganida Payg‘ambar (a.s.)ning vafot etganlarini eshitdi. Atrofidagilarga vazifani yakuniga yetkazishni topshirib, o‘zi Madinaga qaytdi.
Jarir (r.a.) Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga to‘siqsiz kira olar, u zotning ishonchlarini qozongan edi. Uni har ko‘rganlarida Payg‘ambar (a.s.) tabassum qilardilar.
Nabiy (a.s.) Jarirga maxsus vazifalar topshirardilar. Bu haqda uning o‘zi bunday deydi: «Rasululloh (s.a.v.): “Sen meni Zul-xalasadan xalos qilasanmi?” deb so‘radilar. “Ha”, deb javob berdim va ahmaslik bir yuz ellik otliq chavandozni olib keldim. Lekin men ot ustida mustahkam o‘tira olmas edim. Buni Rasululloh (s.a.v.)ga aytganimda, u zot qo‘llari bilan ko‘ksimga urib: “Yo Alloh! Uni sobit qil, hidoyatga boshlovchi va o‘zini ham hidoyat berilganlardan ayla”, deb haqimga duo qildilar. Shundan keyin biror marta otdan yiqilmadim».
Zul-xalasa – Yamandagi Xas’am va Bajila qabilalariga tegishli uy bo‘lib, ichida butlar bor edi. Uni “Yamanning Ka’basi” deb ham atashardi. Jarir o‘sha butlarning hammasini sindirib, yoqib yubordi. Payg‘ambar (a.s.) Jarir va hamrohlari hamda Ahmas qabilasini duo qildilar.
Rasululloh (s.a.v.)ning vafotlaridan keyin Jarir ancha mahzun bo‘lib yurdi. Shunga qaramay, sunnatlarini bajarib, har bir amalida u kishiga ergashgan holda hayot kechirdi. Abu Bakr (r.a.) xalifa bo‘lganidan keyin Jarirning Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida qanday mavqega ega ekanini bilgani sababli hurmatini joyiga qo‘ydi va o‘zi ham u kishidan rozi holda vafot etdi. Abu Bakr (r.a.) davrida Jarir Xas’am va Bajila qabilalari orasidan chiqqan murtadlarga qarshi jang olib bordi. Isyonlar bostirilgach, Najron mintaqasiga mas’ul bo‘lib turdi. Iroqdagi janglarda ishtirok etdi va bu jangdan keyin Xolid ibn Valid (r.a.)ga yordam berish uchun Yamomaga ketdi.
Hazrat Umar (r.a.) davrida Jaliladagi janglarda qatnashdi.
Hazrat Usmon (r.a.) davrida Kufa voliysi Mug‘iraga yordamchi sifatida Hamadonga vaqtinchalik hokim bo‘ldi. Sa’d ibn Os qo‘mondonligida Ozarboyjon fathida ham ishtirok etdi. Usmon (r.a.) Jarirga Furot yaqinidagi yerlardan berdi.
Yuzga yaqin hadis rivoyat qilgan bu ulug‘ sahobiy 51/671 yili vafot etdi. Alloh undan rozi bo‘lsin!
Salohiddin Siddiqov | «Irfon taqvimi»dan
Jarir ibn Abdulloh ibn Jobir ibn Molik ibn Nasr ibn Sa’laba Bajaliy Yamanning Bajiyla qabilasidan bo‘lib, u Abu Amr kunyasi bilan mashhur edi.
Jarir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) uzun bo‘yli, go‘zal qiyofali, juda so‘zga usta odam edi.
Imom Ibn Kasir: “Jarir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) hijratning o‘ninchi yili, Ramazon oyida musulmon bo‘lgan”, deydi. U bilan birga qavmidan ellik kishi birgalikda imon keltirgan. Jarir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)ning o‘zi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning vafot etishlaridan qirq kun oldin Islom dinini qabul qilganman”, degan.
Jarir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) orqali Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)dan uch yuzdan ziyod hadis rivoyat qilingan. Jarir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu)dan farzandlari: Munzir, Ubaydulloh, Ibrohim, nabirasi Abu Zurra ibn Amr, shuningdek, Sha’biy, Qays ibn Hozim, Humom ibn Horis, Abu Voil hadis rivoyat qilishgan.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Jarir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) bilan o‘tirganlarida ridolarini uning ostiga to‘shab: “Huzuringizga biror qavmning ulug‘ va hurmatli kishisi kelsa, unga izzat-ikrom ko‘rsatinglar!” deganlar.
Mug‘ira ibn Shibldan rivoyat qilinadi: «Jarir bunday dedi: “Madinaga yaqinlashganimda ulovdan tushib, yangi kiyimlarni kiydim. Masjidga kirsam, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ma’ruza qilayotgan ekanlar. Odamlar menga tikilib qoldilar. Yonimda o‘tirgan kishiga: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) men haqimda biror narsa aytdilarmi?” dedim. U bunday dedi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mana bu dara tomondan sizning huzuringizga yamanliklarning eng yaxshi kishisi keladi. U farishtadek go‘zaldir”, dedilar. Buni eshitib Allohga hamd aytdim» (Imom Ahmad rivoyati).
Jarir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) chiroyli kishi bo‘lgani uchun Umar (roziyallohu anhu): “Jarir bu ummatning Yusufidir”, degan.
Hazrat Ali (roziyallohu anhu): “Jarir bizga ahli bayt (o‘z oila a’zolarimizdek)dir”, degan.
Jarir ibn Abdulloh (roziyallohu anhu) Kufa shahrida yashagan. So‘ng Usmon (roziyallohu anhu) uni Hamazonga hokim etib tayinlagan. U bu vazifasida Ali (roziyallohu anhu) xalifaligining so‘nggi yillariga qadar xizmat qilgan. Umrining oxirida oila a’zolarini olib, Furot daryosi bo‘yidagi Qirqisiya shahriga ko‘chib ketib, vafot etguncha – hijriy 51 yilgacha shu yerda yashagan.
Bahodir Bahromjon o‘g‘li | Hidoyat.uz