Imron ibn Husayn hijratning yettinchi yili Islomni qabul qildi. Sevimli Payg‘ambarimizga yaqin yordamchi bo‘ldi. Bir necha janglarda ishtirok etdi va Makka fathi kuni Huzoa qabilasining bayroqdori bo‘ldi. Payg‘ambar xonadonida ilm olib, faqih bo‘lib yetishdi.
Imron ibn Husayn musulmon bo‘lgach, hayotini yaxshilikka xizmat qilishga bag‘ishladi.
* * *
Imronning otasi Husaynning musulmon bo‘lishi Rasulullohning ko‘zlarini yoshlatgan. Husayn hali Islomni qabul qilmasidan ilgari qurayshliklar uning huzuriga kirib: “Muhammadning so‘zlari bizlarga og‘ir botmoqda, u ilohlarimizni haqoratlamoqda”, deb aytishdi. Shunda ular Rasulullohning uylariga borishib, eshiklari yonida to‘xtashdi. Ichkariga faqat Husayn kirdi. Nabiy uni ko‘rishlari bilanoq: “Qariyaga joy beringlar”, deb buyurdilar. O‘shanda bir necha sahoba shu yerda edi. Rasululloh: “Imon keltir”, dedilar va Husayn imon keltirdi. So‘ngra: “Yo Rasululloh, mening qavmim va yaqinlarim bor. Ularga nima deyman?” deb so‘radi. Rasululloh : “Yo Alloh, ishim to‘g‘ri bo‘lishiga yo‘l ko‘rsat, foydali ilmimni ziyoda qil”, deb ayt, dedilar. Husayn hali o‘rnidan turmasidanoq islomni qabul qilgan edi. Shu payt uning yoniga Imron kelib, otasining boshi va qo‘l-oyoqlarini o‘pdi. Buni ko‘rgan Rasululloh yig‘ladilar. Sahobalar nimaga yig‘laganlarini so‘rashganida, u zot: “Imron qilgan ishidan yig‘ladim”, dedilar. Husayn o‘rnidan turib ketayotganida Rasululloh : “Uni uyiga kuzatib qo‘yinglar”, deya marhamat qildilar.
* * *
Imron ibn Husayn Allohga cheksiz muhabbatli, to‘g‘ri so‘z, taqvodor, sadoqatli inson bo‘lib, Alloh taolo unga tavfiq va hidoyat ne’matini bergan edi. Shunga qaramay, u: “Qani endi shamollar to‘zg‘itib yuboradigan qum zarralari bo‘lsam edi”, deb tinmay ko‘zyosh to‘kardi. Islomdan ilgari qilgan gunohlarini o‘ylab azob chekardi.
Kunlarning birida sahobalar Rasulullohdan: “Yo Rasululloh, sizning huzuringizda ekanimizda qalblarimiz erib, dunyodan uzoqlashamiz va xuddi oxiratni ko‘rib turgandek bo‘lamiz. Bu hol huzuringizdan chiqib ketgunimizcha davom etadi. Lekin oilamizga, bola-chaqamiz qoshiga qaytishimiz bilan bu narsalarni unutamiz. Buning sababi nima?” deb so‘rashdi. Rasululloh ularga: “Allohga qasam, agar mening huzurimdagi holingizda bardavom bo‘lganingizda edi, sizlarni farishtalar qarshi olardi. Lekin bir muddat dindor bo‘lib, yana bir muddat hoyu havas bilan yashaysizlar”, deb javob qildilar.
Bu hadisni eshitgan Imron ibn Husayn ta’sirlanib, xolis ibodatdan og‘ishmay yashashni maqsad qildi.
* * *
Xalifa Umar ibn Xattob Imronni Basra xalqiga yo‘l ko‘rsatish va din ilmlarini o‘rgatish uchun yubordi. Imron ibn Husaynni Basraga joylashishi bilanoq, shahar ahli uni qutlab, duosini oldi.
Hasan Basriy va Ibn Sirin: “Basraga Rasulullohning sahobalaridan Imron ibn Husayndan yaxshirog‘i kelmagan”, deb aytishgan. Bu ikki allomaning sahobiy haqidagi yuksak fikri uning darajasidan dalolatdir. Imron Basrada qozilik vazifasini adolat bilan ado etdi.
* * *
Imron taqvodor musulmon edi, qimmatbaho, chiroyli kiyimlar kiyardi. U zohidlik hamma narsadan o‘zini tiyib yashashda emas, balki yurakdadir deb bilardi. Abu Rajo aytadi: “Bir kuni Imron yonimizga biz hech qachon ko‘rmagan chiroyli yopinchiq bilan chiqdi. Shugina yopinchiqning puliga bir qancha kiyim sotib olish mumkin edi. Yaxshi kiyim kiyishini ko‘rib, hayron bo‘lganlarga Rasulullohning “Agar Alloh bandasiga ne’mat bersa, o‘sha ne’matni bandasida ko‘rishni yaxshi ko‘radi”, degan so‘zlari bilan javob qilardi. Imron xossatan namozga eng go‘zal kiyim kiyib kelardi. Bu ishi haqida so‘rashganida esa: “Nega endi yasanmasligim kerak, axir Rabbimning huzurida turibman-ku”, derdi.
* * *
Ali va Muoviya o‘rtasiga katta nizo tushganida, Imron ibn Husayn chetga chiqib olmadi, balki ovozining boricha musulmonlarni tinchlikka chaqirdi. U: “Bir musulmonga o‘q otganimdan ko‘ra, o‘lgunimcha tog‘da echki boqqanim yaxshidir”, deb aytardi.
* * *
O‘ttiz yillik og‘riqli kasallik bois Imronning imoni komillikka erishdi. U kasallikka sabrsizlik qilmadi va biror marta shikoyat qilmadi. Balki o‘tirganida ham, turganida ham, yotib qolganida ham ibodatda mustahkam bo‘ldi. Birodarlari dalda beruvchi so‘z aytganida, ularga kulib: “Nafsimga eng yoqimli bo‘lgan narsa Alloh uchun sevimli bo‘lgan narsadir”, der edi. Mislsiz sabr bilan katta namuna ko‘rsatgan Imron ibn Husayn hijratning ellik ikkinchi yili Basrada olamdan o‘tdi. Alloh undan rozi bo‘lsin.
Bushro tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalidan olindi.