Hazrati Fotimaning (roziyallohu anhu) tavalludi butun Makkada katta shov-shuv bo‘lgan bir yuqea — Ka’baning qayta ta’mirlanish vaqtiga to‘g‘ri kelgan edi. O’shanda Hajarul asvadni o‘z o‘rniga qo‘yish borasida kutilmagan ixtilof chiqadi. Masala shu darajada jiddiylashadiki, hatto qabilalar to‘rt kun mobaynida o‘zaro urushga tayyorgarlik ham ko‘radilar.
Bu vaziyat Makka peshvolarini qayg‘uga soladi. Nima bo‘lsa ham, mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish lozim edi. Nihoyat, Umayya ibn Mug‘ira al-Mahzumiy shunday taklif bilan chiqdi:
«Ey Quraysh ahli! Bu masalada oralaringizdan bir kishini hakam qilinglar. U esa bugun Masjidul Haramning darvozasidan kirib keladigan birinchi kishi bo‘lsin».
Bu taklif barchaga ma’qul tushadi va hayajon bilan kutish onlari boshlanadi. Bir ozdan keyin o‘ttiz besh yoshlardagi chehrasi nurli Muhammad Amin kirib keladilar. U zotni ko‘rgan Kuraysh ahli behad sevinadilar:
«Mana, Abdulmuttalib o‘gai Abdullohning farzandi Muhammad Amin. Biz u beradigan har qanday qarorga rozimiz».
Hazrati Muhammad mavzuni xotirjam tingladilar, mulohaza qildilar. So‘ngra ridolarini yerga soldilar. Hajarul asvadni uning ustiga qo‘yib:
«Har qabilaninig raisi ushbu libosning bir uchidan ushlab ko‘tarsinlar», dedilar. O’zlari ham birga ko‘tarib borib muborak qo‘llari bilan toshni Ka’ba burchagiga joylashtirdilar. Bu xabar tez orada Makkaga yoyildi. Muammo xamirdan qil sug‘urgandek oson hal qilinib, Quraysh ahli Hazrati Muhammaddan benihoya mamnun bo‘ladi. Hattoki ba’zi arab shoirlari bunday odilona hakamlikni madh etuvchi she’rlar ham yozishdi.
O’sha kuni Hazrati Muhammad ko‘tarinki kayfiyatda uylariga kaytadilar va to‘rtinchi qizlarining tavalludi xushxabarini eshitadilar. Sevinchlariga sevinch qo‘shiladi. Kizlariga Fotimai Zahro deb ism qo‘yadilar.
Fotima ham otalariga juda o‘xshar edi. Opasi Zaynabnint beg‘ubor sevgisi, mehr-muhabbati bilan voyaga yetdi. Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam)qizlarining tarbiyasi, kamoli va farog‘ati uchun ko‘pincha rohatlarni tark etar edilar.
Hali kichkina bola bo‘lgani uchun Fotima ko‘chaga faqat otalari bilan birga chiqar edi. Doimo Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) yonlarida yurishi uning go‘zal axloq bilan xulqlanishiga sabab bo‘ldi. Xuddi shuningdek, u muhtarama zot, onalari hazrati Hadicha onamizdan ham juda ko‘p yaxshi xislat va fazilatlarni oldi. Hazrati Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) Hiro g‘orida vahiy nozil bo‘la boshlagan paytlarda Fotima endigina besh yoshga qadam qo‘ygan edi.
Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) suyukli qizlari otalarining hayotlaridagi tarixiy hodisaga shunday kichik yoshlarida shohid bo‘ldilar. Tabiiyki, bu saodatli voqealar u muhtaramalar tarbiyasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Makka mushriklarining musulmonlarga qilgan zulmlariga qarshi bo‘lgan Fotima (roziyallohu anhu) aziyatlarni yengish uchun jon fido qilishga ham tayyor edi. Holbuki, u hali ojiza, kichkinagina bir kizcha edi.
Islomga da’vatning dastlabki yillarida mo‘minlarga qilingan shafqatsizliklar, jumladan, Abu Tolib mahallasida Hoshim o‘g‘illari bilan birgaliqda o‘rab olinib, ularga ko‘rsatilgan turli azobu uqubatlar, ochliklar Fotimaning (roziyallohu anhu) sog‘lig‘iga qattiq ta’sir o‘tkazdi.
Hayotining bahoridayoq shuncha tashvish, dard-alam ichida yana bir og‘ir imtihonga ro‘baro‘ bo‘ldi. Mushtipar onasi Hadicha (roziyallohu anho) foniy dunyoni tark etdilar.
Hijratdan avvalgi o‘n uch yillik Makka hayoti haqiqatdan ham mo‘minlarga, xususan, Nabiyga (alayhissalom) juda og‘ir kechdi. Bu vaqt mobaynida Fotima turli voqea-hodisalarga guvoh bo‘ldi. Ko‘pchilik mo‘minlar qatori u ham Habashistonga hijrat qildi. Otalariga qilingan haqsizliklarni ko‘rib, ko‘p yig‘ladi. Hatto bir kuni Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) Fotimaga: «Ey qizginam! Yig‘lama, albatta Alloh otangni ularning zararlaridan himoya qiladi», dedilar.
Hazrati Fotima (roziyallohu anhu) onalarining o‘rnini bilintirmaslik uchun doimo Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) yonlarida bo‘ldilar. Sarvari Olam (sollallohu alayhi va sallam) ham doim qizlariga mehr-shafqat ko‘rsatdilar. Shubhasiz, yosh Fotima bunday mehr-muhabbatga muhtoj edi.
Mushriklarning jabr-zulmi kuchaygach, musulmonlar Madinaga hijrat qildilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qizlari Fotima bilan Ummu Gulsumni olib kelish uchun ishonchli sahobalarni Makkaga yubordilar. Shunday qilib, Fotima o‘n sakkiz yoshida Makka bilan vidolashdi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Hazrati Oyishaga (roziyallohu anhu) uylanganlaridan keyin sahobalardan Fotimaga sovchilar kela boshladi. Fotima otalarining xizmatlarida turgani bois sahobalar shu paytgacha bunga jur’at qila olishmagan edi.
Avvalo, Hazrati Abu Bakr (roziyallohu anhu) va keyinroq Hazrati Umar (roziyallohu anhu) og‘iz soldilar. Lekin Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) buyuk bir nazokat ila uzr bayon qildilar. Hazrati Umar (roziyallohu anhu) bu sharafni Hazrati Aliga (roziyallohu anhu) loyiq ko‘rib, taklifini unga aytdilar. Ammo Hazrati Ali:
«Hazrati Abu Bakr va hazrati Umardek zotlarga rad javobini bergan Rasululloh mening taklifimni qabul qilishlari mumkinmi?» degan andishada edi. Hazrati Umar (roziyallohu anho) Hazrati Alini Nabiyning (alayhissalom) kuyovi bo‘lishga eng munosib zot ekanliklarsha ishontirdilar.
Hazrati Ali (roziyallohu anhu) Payg‘ambar (alayhissalom) huzurlariga bordilar. Ammo uyalganlaridan ziyorat sababini ayta olmadilar. Shunda Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) :
«Abu Tolib o‘g‘lining qanday ehtiyoji bor ekan?» dedilar. Bo‘lajak kuyov tortina-tortina gap boshladilar:
«Rasulullohning qizlari Fotimaning qo‘lini so‘rab keldim». Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) muborak chehralarida mamnuniyat hislari namoyon bo‘ldi.
Ertasiga Hazrati Ali (roziyallohu anhu) takror Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bordilar. Nabiy (alayhissalom):
— Mahr uchun yoningizda biron narsa bormi? — deya so‘radilar. Ali (roziyallohu anhu):
— Yo‘q, ey Rasululloh, — dedi.
— Falon kuni sizga bir zirh bergan edim, o‘sha qani? Hazrati Ali (roziyallohu anhu) xursand bo‘lib:
— O’zimda turibdi, ey Nabiyulloh, — dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sarpo, sovg‘a-salom olishlari uchun uni sotishga buyurdilar. Hazrati Usmon (roziyallohu anhu) zirhni 470 dirhamga xarid qildilar.
Alloh Rasuli (sollallohu alayhi va sallam) pulning bir qismini xushbo‘yliklar olish uchun Bilolga (roziyallohu anhu) qolgan qismini Ummu Salamaga berib, Fotima uchun kiyim-kechak xarid qilishni buyurdilar.
So‘ngra Sarvari olam (alayhissalom) Anas (roziyallohu anhu) orqali Hazrati Abu Bakr, Umar, Usmon, Talha, Zubayr va ansorlardan yana shuncha kishini huzurlariga chorladilar. Fotimaning qoshiga borib:
«Ey Fotima! Ali senga uylanmoqchi, bunga nima deysan?» dedilar. Muhtarama qizlari qattiq hayo va ibolari bois sukut saqlab, hech qanday javob bermadilar. Bu esa rozilik alomati edi. Bu asnoda chaqirilgan sahobalar ham yetib kelishdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ularga shunday dedilar:
— Tanho hamdu sanoga loyiq, qudrati ila butun mavjudotni yaratgan Allohga behad shukrlar bo‘lsin. Shubhasiz, Alloh taolo oila qurishni va qarindosh-urug‘larni hurmatlashni amr etdi: «U suvdan — nutfadan insonni yaratib, so‘ng uni nasl-nasab egasi va kuda-anda qilib qo‘ygan Zotdir. Darhaqiqat, Parvardigoripgiz (har ishga) qodirdir» (Furqon, 54) Endi maqsadga kelsak, Haq taolo amriga ko‘ra, Fotimani Aliga nikohlab beraman. Agar rozi bo‘lsa, to‘rt yuz misqol kumush evaziga vojib bir amal va qoim bir sunnat ila Fotimani Aliga uzatayotganimga sizlarni shohid qilyapman. Alloh ularning mol-dunyolariga baraka berib, nasllarini aziz qilsin. Mana shuni sizlarga ma’lum qilib, o‘zimga va barchangizga Allohdan mag‘firat tilayman».
So‘ngra Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bir tovoq xurmo keltirib, mo‘tabar mexmonlarga tortiq qildilar. Bu orada Hazrati Ali (roziyallohu anhu) ham yetib keldilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tabassum ila:
«Ey Ali! Men to‘rt yuz misqol kumush evaziga Fotimani senga nikohladim», dedilar. Hazrati Ali (roziyallohu anhu) shukr sajdasini ado qildilar. Sarvari koinot (sollallohu alayhi va sallam) Hazrati Ali va Fotimaning haqqiga: «Alloh oilangizga baraka va xursandchilik bersin. Sizlarga solih farzandlar ato etsin», deb duo qildilar.
Hazrati Ali (roziyallohu anhu)benihoya xursand bo‘ldilar. Zero, hayotlarida eng buyuk voqea yuz bergan — Payg‘ambarlar xotamining (sollallohu alayhi va sallam) qizlariga uylanish sharafiga muyassar bo‘lgan edilar.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) xufton namozidan keyin Hazrati Alining (roziyallohu anhu) uylariga borib, tahorat qildilar va ikki yoshga baxt tiladilar. Qizlarini erining xizmatini mukammal bajarishga va hech qachon uni xafa qilmaslikka buyurdilar. Kuyovlariga esa shunday nasihat qildilar: «Ey Ali, zinhor qizishma. G’azablangan paytingda o‘tir. Parvardigorning bandalariga nihoyatda sabr va tahammul ila muomala qilishini unutma. Senga: «Allohdan qo‘rq», deyilgan paytda jahlni tark etib, sabrli bo‘lishga harakat qil».
Barcha mo‘minlar ushbu nikohdan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Xususan, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) suyukli amakilari Hazrati Hamza (roziyallohu anhu) juda sevinganidan, ikkita qo‘chqor so‘yib, Alloh yo‘lida Madina xalqiga tarqatdilar.
Hazrati Ali (roziyallohu anhu) Sarvari olamning (sollallohu alayhi va sallam) benazir iltifotlariga musharraf bo‘ldilar. «Alloh har bir Payg‘ambarning zurriyotini uning nasabidan yaratgandir. Mening zurriyotim esa Alinig nasabi ila davom etadi», dedilar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) .
Oradan bir yil o‘tgach, ilk nabiralari dunyoga keldi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) juda sevindilar va o‘zlari yuvintirib, kiyintirdilar. Unga Hasan deb ism qo‘ydilar. Keyinchalik shahidlar sultoni, Karbalo yigiti hazrati Husayn tug‘ildilar. Uchinchi o‘g‘illari Muhsin esa go‘dakligidayoq vafot etdi. Alloh taolo bu muborak xonadonga Bani Hoshimning guli Zaynabni (roziyallohu anho) ehson etdi.
Hazrati Payg‘ambarimiz(sollallohu alayhi va sallam) qizlarini juda sevar va buni har doim ta’kidlar edilar. Shuning uchun ham, ularga oxirat uchun tayyorgarlik ko‘rishni unutib ko‘ymaslikni, aks holda, o‘z qizlariga ham kafil bo‘lolmasliklarini eslatib turardilar. Bir kuni odamlarga shu mavzuda ma’ruza qildilar:
— Ey quraysh ahli! Oxiratga tayyorgarlik ko‘ringlar. Alloh beradigan hech bir jazoni men sizlardan uzoqlashtira olmayman. Ey Abdumannof o‘g‘illari! Alloh bergan hukmga hech qachon qarshi kelolmayman. Ey Abdulmuttalib o‘g‘li Abbos, ey Abdumutgalib qizi Sofiya, ey Muhammad qizi Fotima! Alloh beradigan hech bir jazoni men daf qila olmayman. Ey Fotima! Mening mol-mulkimdan nimani xohlasang, olgin, marhamat. Faqat oxiratda men hech bir yordam qilolmayman!
Yana bir kuni suyukli qizlariga bo‘lgan mehrlari insonlar orasida adolat bilan hukm berishlari uchun hech qachon mone’lik qilmasligani ko‘rsatdilar. Rivoyat qilinishicha, Kuraysh ahlidan bir ayol o‘g‘irlik qiladi. Ayolning oilasi Usoma ibn Zayddan (roziyallohu anho) yordam so‘raydi. Ma’lumki, Usoma va uning onasini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) juda yaxshi ko‘rar edilar. Shuning uchun u kishini vosita qilib, Hazrati Payg‘ambarimizdan (sollallohu alayhi va sallam) shafoat tilamoqchi bo‘lishadi. Usoma ibn Zayd (roziyallohu anhu) Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kirib, u ayolning qo‘lini kesmasliklarini iltimos qiladi. Bundan juda g‘azablangan Sarvari olam (sollallohu alayhi va sallam) :
«Allohning amrini bajarmasligim uchun mendan shafoat so‘rayapsanmi?» dedilar va shunday ma’ruza qildilar:
— Sizdan avvalgilarni ham mana shunday narsalar halok etdi. Ular oralarida obro‘li bir kishi o‘g‘irlik qilsa, unga tegmas, faqir bir bechora bunday ishga qo‘l ursa, uni darrov jazolashar edi. Allohga qasamki, agar Muhammadning qizi Fotima ham o‘g‘irlik qilsa, albatga, qo‘lini kesar edim».
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bir kuni qizlariga shunday iltifot etdilar:
«Ey Fotima, Alloh sen rozi bo‘lgan kimsalardan rozi bo‘lur, aksincha, sen g‘azablangan kimsadan esa g‘azablanur!»
Abu Sa’labadan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) biror safardan qaytsalar, avvalo, masjidga kirib, ikki rakat namoz o‘qir, so‘ng qizlari Fotimani (roziyallohu anhu) ziyorat etib, keyin zavjalarining huzurlariga kirar edilar.
Al-Musavvir ibn Mahrima (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasulullohning minbarda turib, shunday deganlarini eshitdim:
«Fotima mendan bir parchadir. Unga aziyat bergan menga jafo qilibdi. Uni bezovta etgan mening halovatimni buzibdi».
Vido hajidan keyin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) betob bo‘ldilar. Fotima (roziyallohu anhu) bu xabarni eshitgach, darhol otalarining huzuriga bordilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) qizlarini tabassum ila kutib oldilar. So‘ngra kuloqlariga nimanidir shivirladilar. Fotima(roziyallohu anho) birdaniga qattiq xafa bo‘lib, yig‘ladilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) takror bir narsa deb shichirlagan edilar, bu gal tabassum qildilar.
Oyisha onamiz(roziyallohu anho):
«Hech qachon yig‘i bilan tabassumni bunchalik bir-biriga yaqin ko‘rmagan edim», deydilar va Fotimadan (roziyallohu anhu) buning sababini so‘raydilar:
— Ey Fotima, ayting-chi, sizning birdaniga kattiq xafa bo‘lib yig‘lashingizga sabab nedir?
Fotima (roziyallohu anho):
— Rasulullohning sirlarini fosh qilolmayman! — deb javob berdilar. Lekin Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin Oyisha onamiz takror so‘raganlarida, nihoyat, bu holning sababini aytadilar:
— O’shanda otam menga Jabroilning (alayhissalom) har yili o‘zlari bilan Kur’onni bir marta o‘qiganini, bu yil esa bu ishni ikki marta takrorlaganini, bundan esa umrlari nihoyasiga yetib qolganini anglaganlarini aytdilar. Shuning uchun yig‘lagan edim. So‘ngra esa: «Oilamizdan mening yonimga eng avval sen borasan, men senga qanday go‘zal salaf bo‘lyapman», degan edilar. Shu tufayli tabassum qildim».
Otalarining vafotlaridan juda qattiq xafa bo‘lgan Fotima (roziyallohu anhu) u zotning bu xushxabaridan bir oz bo‘lsa ham tasalli topdilar. Uy ishlari bilan ovora bo‘lib, eri va farzandlarining xizmatlarini qilib kunlar, oylar o‘tdi.
Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan chamasi olti oy keyin Fotima kasallanib, shu xastaliklari tufayli hijratning 11-yili ramazonning uchinchi kuni seshanba kechasi yigirma to‘qqiz yoshlarida vafot etdilar.
Rivoyatlarga ko‘ra, janozalarini Hazrati Ali (roziyallohu anhu)yoki Hazrati Abbos (roziyallohu anhu) o‘qidilar. Fotima (roziyallohu anho) Madinadagi Baqi’ qabristoniga dafn etildilar.
Nabiylar xotamining (sollallohu alayhi va sallam) guli, Hazrati Alining (roziyallohu anhu) zavjalari, Hasan va shahidlar sultoni, Karbalo qahramoni Husayn va Zaynabning onasi Hazrati Fotimani (roziyallohu anhu) Alloh rahmat qilsin! Omin.
«Qahramon mo’mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.
FOTIMA binti Muhammad (taxminan 605/606-632/633) -Muhammad (sav)ning kenja qizlari. Fotimaga e’tiqod qilish shialar o‘rtasida keng tarqalgan. Shia imomlari va musulmon mamlakatlaridagi ko‘pchilik sulolalar (Idrisiylar, Fotimiylar, Sa’diylar va b.) shuningdek, barcha sayyidlar Fotima va uning eri Ali ibn Abu Tolib avlodlari deb hisoblanadi.
Fotima go‘zal bo‘lgani uchun Zahro (Guldek) deb laqablanadi. Fotimani Alidan 5 farzandi (uch o‘g‘il (bittasi yoshligida vafot etgan) 2 qiz) bo‘lgan. Hasan, Husayn, Ummu Kulsum va Zaynab. Muhammad (sav) vafotlaridan olti oydan so‘ng olamdan o‘tgan Fotima Madinada dafn etilgan. Makka va Madinaga borgan shia ayollari Fotima qabrini ziyorat qiladi.
Islom ensiklopediyasidan