Baro ibn Molik

Azizlar, kelajak satrlardan Alloh taoloning yordami ila ulug‘ hayotlarini o‘rganadigan sahobiy roziyallohu anhuning to‘liq ismlari Baro ibn Molik ibn Nazr al-Ansoriy, an-Najjoriy al-Madaniydir. U kishi mashhur sahobiy, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xodimlari Anas ibn Molik roziyallohu anhuning ota bir- ona bir akalaridir.

Baro ibn Molik roziyallohu anhuning otalari Molik mushrik holida iymonga kelmay o‘lib ketgan. U kishining onalari mashhur sahobiya Ummu Sulaym. Baro ibn Molik roziyallohu anhu o‘gay otalari Abu Talha roziyallohu anhuning tarbiyalarini oldilar.

Baro ibn Molik roziyallohu anhuga Alloh taolo pahlavonlik, chavandozlik va jangchilik sifatlarini bergan edi. Shuning uchun ham Islomni qabul qilgan kunlaridan boshlab o‘zlarini mazkur sifatlarini sayqallab, ular ila Islomga xizmat qilishga hozirlana boshladilar.

NABAVIY JANGLARDA

Baro ibn Molik roziyallohu anhuning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan birinchi bor ishtirok qilgan janglari Uhud urushi bo‘ldi. O‘shanda u kishi jangchilarning eng kichik yoshdagisi bo‘lganlar. Undan keyin «Xandaq» jangida faol qatnashdilar.

Asta-sekin boshqa janglarda ham ishtirok etdilar. U kishi Hudaybiya sulhida qatnashib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga rizvon bay’atini qildilar. Shuningdek, Makka fathi, Hunayn va boshqa barcha janglarda ishtirok qildilar.

Baro ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hodiylaridan biri edilar. Hodiy degani, tuyani yetaklab baytlarni ohangga solib aytib ketadigan kishidir. Baro ibn Molik roziyallohu anhuning ovozlari shirali edi. U kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning safarlarida erkaklarga hodiylik qilar edilar. Ayollarga Anjasha nomli sahobiy hodiylik qilardi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Baro ibn Molik roziyallohu anhuning fazllari haqida bir hadisi sharif aytib ketdilar.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qanchadan-qancha sochi to‘zigan, g‘ubor bosgan, ikki jandani kiygan borki, gar Allohga qasam ichsa, uni bajo qilur. Baro ibn Molik o‘shalardandir», dedilar». Termiziy rivoyat qilgan.

Albatta, bu katta fazl, ulug‘ maqom edi.

HAZRATI ABU BAKR DAVRLARIDA

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning paytlarida Baro ibn Molik roziyallohu anhu o‘ta yosh bo‘lganlaridan boshqa bahodir katta sahobalar soyasida uncha yaqqol ko‘zga tashlanmagan bo‘lishlari ehtimol. Ammo Baro ibn Molik roziyallohu anhuning qahramonliklari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyingi yurishlarda tillarda doston bo‘ldi.

Birinchi xalifa hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu davrlarida hammaga ma’lum Ridda urushlari boshlandi. Islomdan qaytib, murtad bo‘lgan arab qabilalari bilan hayot-mamot janglari bo‘ldi. Ana o‘sha janglarda Baro ibn Molik roziyallohu anhuning jangchilik sifatlari o‘zining butun qomati ila maydonga chiqdi.

MURTADLARGA QARSHI LASHKARLAR TAYYORLASH

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Usoma roziyallohu anhuning lashkari dam olib bo‘lgandan keyin Madinai Munavvaraning tashqarisiga askargoh qurdilar. Vaziyatni chamalab ko‘rib, murtadlarga qarshi urush olib borish uchun o‘n bitta lashkar tuzdilar va ularga qo‘mondonlar tayin qildilar hamda ularning vazifalarini belgiladilar.

1. Xolid ibn Valid lashkari. Tulayha ibn Xuvaylid al-Asadiyga boradi. Undan forig‘ bo‘lgandan so‘ng Molik ibn Nuvayraga o‘tadi.

2. Ikrima ibn Abu Jahl lashkari. Yamomadagi Musaylima al-Kazzobga boradi.

3. Shurhabiyl ibn Hasana lashkari. Ikrimaga yordamga boradi.

4. Muhojir ibn Abu Umayya lashkari. Al-Anasiyning askariga qarshi boradi. Keyin Kinda tomon o‘tadi.

5. Huzayfa ibn Muhson al-G‘alaqoniy lashkari. Dubaa ahli tomon boradi.

6. Arafja ibn Harsama lashkari. Muhra ahliga boradi. Keyin o‘zlaridan avvalgi lashkar ila birlashadi. Har kim o‘z amirligini qilaveradi.

7. Suvayd ibn Muqarrin lashkari. Yamanning Tuhamasiga boradi.

8. Al-Alaa ibn al-Hazramiy lashkari. Bahraynga boradi.

9. Turayfa ibn Hojir lashkari. Bani Salim va havazonliklarga boradi.

10. Amr ibn Oss lashkari. Quzo’aga boradi.

11. Xolid ibn Sa’id ibn Oss lashkari. Shom taraflarga boradi.

MUSAYLAMA XABARI

Bani Haniyfa elchilari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelganda ularning ichida mashhur buzg‘unchi Musaylamatul Kazzob ham bor edi. Bu nabokor avvalroq Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga maktub yuborgan edi. Maktubda quyidagilar aytilgandi:

«Allohning Rasuli Musaylamadan, Allohning Rasuli Muhammadga. Ammo ba’d; Men bu ishda senga sherik bo‘ldim. Bu ishning yarmi bizgadir. Uning yarmi Qurayshgadir. Quraysh adolat qiladigan qavm emaslar».

O‘shanda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam unga quyidagi javobni yozgandilar:

«Bismillahir Rohmanir Rohim. Allohning Rasuli Muhammaddan, Musaylamaga. Hidoyatga ergashganlarga salomlar bo‘lsin. Ammo ba’d; Albatta, yer Allohning mulkidir. Uni O‘z bandalaridan kimga xohlasa, o‘shanga meros qilur. Oqibat taqvodorlarnikidir».

Bani Haniyfa elchilari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganlarida Musaylamani u Zotdan kiyimlari bilan to‘sib turgan edilar. Bu kazzob shu yerda ham o‘z nabokorligini qilgandi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘z sultonlari ostidagi narsaning bir qismini berishlarini so‘ragandi. Shunda u Zot qo‘llaridagi cho‘pni ko‘rsatib: «Senga mana shu cho‘pni ham bermayman», degandilar.

O‘sha Musaylama al-Kazzob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin o‘z diyoridagi murtadlarga bosh bo‘lib, Islom davlatiga katta xavf tug‘dirgan kuchga aylandi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Ikrima ibn Abu Jahl lashkarini o‘sha Najd tarafdagi, Yamomadagi Musaylama al-Kazzobga yubordi. Uning ortidan madad uchun Shurhabiyl ibn Hasanani yana bir lashkar bilan jo‘natdi.

Ikrima Shurhabiyl ibn Hasanani kutib turmasdan, o‘zi ishni bitirmoqchi bo‘lib, shoshilib Musaylamaning askari bilan to‘qnashdi va yengildi. Abu Bakrning undan achchig‘i chiqdi va Madinaga qaytib kelmasdan Yamanga borib, Huzayfa va Arjafaga qo‘shilishga, ular bilan birga Mahar ahliga qarshi urush qilishga amr qildi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Xolid ibn Validga odam yuborib, uni Musaylama tomon yurishga amr qildi. Unga muhojir va ansorlardan iborat katta lashkarni madadga yubordi. Shurhabiyl ibn Hasanaga odam yuborib, Xolidni kutib turishga amr qildi. Musaylamaning qirq ming kishilik lashkari bor edi.

Musaylama va Bani haniyfaliklar Xolidning kelayotganini eshitib, Yamomaning chetiga askargoh qilib, odam to‘pladilar. Ularga juda ko‘p odam qo‘shildi.

Xolid ham yaqinlashib kelardi. Uning lashkari oldida Shurhabiyl ibn Hasana borardi. Bani Haniyfaning askargohiga bir kechalik yo‘l qolganda ularning Omirdan o‘ch olib kelayotgan bir jangchi guruhini uchratdi. Bu guruhga Bani Haniyfaning ulug‘laridan Majo’a ibn Marora boshliq edi. Xolid amr qilib, boshliqlaridan boshqasini qatl etdirdi.

So‘ngra Xolid borib, murtadlar lashkari ila to‘qnashdi. Ikki tomon qattiq jang qildi. Dastlab musulmonlarning ishi yurishmadi. Murtadlar Xolidning chodirigacha yetib keldilar va uning xotinini asir olmoqchi bo‘ldilar. Ularni Majo’a bu ishdan qaytardi.

Baro ibn Molik roziyallohu anhu otliq mujohidlarga qo‘mondon edilar. O‘sha kuni bosh qo‘mondon Xolid ibn Valid roziyallohu anhu otliqlarga Usoma ibn Zayd roziyallohu anhuni qo‘mondon qilib qo‘ygan edilar. Musulmonlar og‘ir ahvolga tushib, otliqlar tum-taraqay bo‘lib ketgandan so‘ng odamlar Xolid ibn Valid roziyallohu anhuga:

«Baro ibn Molik al-Ansoriyni qo‘mondon qil», dedilar. Shunda Xolid ibn Valid roziyallohu anhu:

«Ey Baro, otliqlarga qo‘mondonlik qil!» dedilar.

«Meni o‘zing bo‘shatgan eding. Endi otlar tarqalib ketgandan keyin, otliqlarga qo‘mondonlik qil, deysanmi?!» dedi Baro ibn Molik roziyallohu anhu.

«Ey erkak! Hozir itob vaqti emas. Otliqlarga qo‘mondonlik qil!» dedi bosh qo‘mondon.

Baro ibn Molik roziyallohu anhu o‘zlarini ayamay dushmanga qarshi shiddat ila jang qilar edilar. U kishi bosh qo‘mondon amrini eshitib, musulmonlarning iztirobga tushganlarini, saflari buzilganini ko‘rganda baland ovoz ila:

«Ey musulmonlar! Qayoqqa ketmoqdasizlar?! Men Baro ibn Molikman! Men tomon kelinglar!» deb qichqirdilar.

So‘ngra musulmonlar birlashdilar va Alloh ularga o‘z sakinasini nozil qildi.

Bani haniyfaliklar achchiqlanib, shiddat-la jang qildilar. Xolid urush Musaylamaning ziddiga bo‘layotganini angladi. Uni yakkama-yakka olishuvga chaqirdi. U olishuvga chiqdi va ishi og‘irlashib qolganda qochdi. Uning odamlari ham qochishga turdi. Xolid musulmonlarga nido qildi. Ular birdan hamla qilib, murtadlarni sharmandalarcha mag‘lub etdilar.

Murtadlarning qolganlari Musaylamaning Hadiyqatur Rohman nomli bog‘iga kirib olishdi. U qo‘rg‘onga kirish musulmonlar uchun qiyin bo‘ldi.

Shunda Baro ibn Molik meni bog‘ning ichiga otinglar, dedi. Sheriklari uni o‘sha bog‘ning ichiga uloqtirdilar. Uning yolg‘iz o‘zi dushman bilan jang qila turib eshikni ochdi. Musulmonlar undan kirib, ko‘plab dushmanni qatl qildilar.

Qatl etilganlar ichida Musaylama ham bor edi. Uni Hamza ibn Abdulmuttalibning qotili Vahshiy bilan yana bir ansoriy o‘ldirdilar. O‘sha vaqtda Musaylama yuz ellik yoshda edi.

«Al-Isoba fiy tamyizi sahoba» kitobida Baro ibn Molik roziyallohu anhudan quyidagilar rivoyat qilingan:

«Musaylama kuni bir odamni uchratdim. Uni Yamomaning eshagi deyilar edi. O‘ta jussador, katta odam edi. Uning qo‘lida oq qilich bor edi. Men unga chap berib turib, ikki oyog‘iga zarba bergan edim, past tarafi kesilib ketdi. U chalqanchasiga yiqildi. Men uning qilichini oldim. O‘z qilichimni qiniga solib qo‘ydim. O‘sha qilich sinib ketguncha dushman bilan jang qildim».

O‘sha kuni Baro ibn Molik roziyallohu anhu saksondan ortiq jarohat oldilar. Deyarli u kishining badanining har bir joyiga yoki qilich, yoki nayza tekkan edi. U kishi tuzalib ketguncha o‘tgan bir oy muddatda Xolid ibn Valid roziyallohu anhuning o‘zlari shaxsan bemorga qaradilar.

Bu janglarda sahobai kiromlardan yetmish kishi shahid bo‘ldilar. Shahidlar ichida Abu Huzayfa ibn Utba, Solim mavlo Abu Huzayfa, Shujo’ ibn Vahb, Zayd ibn Xattob, Abdulloh ibn Sahl, Molik ibn Amr, Tufayl ibn Amr ad-Davsiy, Yazid ibn Qays, Omir ibn Bukayr, Abdulloh ibn Maxrama, Soib ibn Usmon ibn Maz’un, Ubbod ibn Bishr va boshqa katta sahobai kiromlar bor edi. Bu hodisalar o‘n birinchi hijriy sanada bo‘lib o‘tdi.

MISLSIZ JASORAT

Baro ibn Molik roziyallohu anhu o‘z davrlarida ko‘p qiyinchiliklarni matonat bilan yengib o‘tgan bahodir shaxs edilar. U kishining jasoratlariga hamma tan berar edi.

Baro ibn Molik roziyallohu anhu ishtirok etgan janglarda u kishining ukalari Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu ham ishtirok etar edilar. Baro ibn Molik roziyallohu anhu janglarning birida ukalari Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhuni o‘limdan saqlab qolganlari tillarda doston bo‘lib ketgan edi. Aslida voqea bundoq bo‘lgan edi.

Musulmonlar dushman qo‘rg‘onini qamal qilgan edilar. Mujohidlar ichida Baro ibn Molik roziyallohu anhu va Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhular ham bor edilar. Dushman yuqoridan qizitilgan zanjir sirtmoq tashlab odamlarni ilintirib o‘zlariga tortib olar edi.

Ittifoqo, o‘sha sirtmoqlardan biriga Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu ilinib qoladilar. Dushman askarlari u kishini o‘zlari tomon torta boshlaydilar. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu bor imkonlarini ishga solib, jon-jahdlari bilan sirtmoqdan chiqishga intiladilar. Lekin imkoni bo‘lmaydi. Dushmanlar u kishini asta-sekin o‘zlari tomon tortib boraveradilar.

Baro ibn Molik roziyallohu anhuga ukalari Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhuning dushmanning qizitilgan zanjir sirtmog‘iga tushib qolgani haqidagi xabar yetib boradi. U kishi yeldek uchib yetib keladilar. Qarasalar, ukalari Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhuning hollari chatoq. Baro ibn Molik roziyallohu anhu sakrab devorga chiqadilar va qizitilgan zanjirni ushlab o‘zlari tomon torta boshlaydilar. Ikki tomon tortishmachoqni ancha vaqtgacha davom ettiradilar. Baro ibn Molik roziyallohu anhuning qo‘llari kuyib borar edi. Ammo u kishi qizigan zanjirni qo‘yib yuborishni xayollariga ham keltirmas edilar. Zanjirni qo‘yib yuborish u kishi uchun jonajon ukalarini o‘limga topshirish bilan barobar edi.

Bu hayot-mamot tortishuvi oxiri zanjirning uzilib ketishi va Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhuning ozod bo‘lishlari bilan tugadi. Baro ibn Molik roziyallohu anhu nafaslarini rostlab, qo‘llariga qarasalar, eti bitta qolmay kuyib suyagi chiqib qolibdi.

HAZRATI UMAR DAVRLARIDA

Baro ibn Molik roziyallohu anhu hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida ham fath ishlarida faol qatnashishni davom ettirdilar.

U kishining bahraynlik Mirzabon bilan tushgan yakkama-yakka olishuvlari tarix sahifalariga alohida ta’kid ila yozilib qolgan.

Fors tilida podshohdan keyingi o‘rinda turadigan harbiy kishini Mirzabon deyilar edi. Baro ibn Molik roziyallohu anhuga qarshi olishuvga chiqqan shaxsni Zora Mirzaboni deyilar edi. Zora esa Bahrayndagi joylardan birining nomi edi. U juda ham boy odam edi. O‘sha paytlarda jangchi kimni qatl qilsa, uning bor molu mulkini ham olar edi. Baro ibn Molik roziyallohu anhu Zora Mirzaboni bilan olishuvga chiqib, uni qatl qilganlaridan keyin uning molu mulkini oldilar. U molu mulk juda ham ko‘p, o‘ttiz ming edi. Shunda Umar roziyallohu anhu Baro ibn Molik roziyallohu anhuga tekkan narsa ko‘p bo‘lib ketibdi, beshdan birini olaylik, deganlar.

Baro ibn Molik roziyallohu anhuning haddan tashqari shijoatli ekanliklari hazrati Umar roziyallohu anhuni doimo ehtiyot bo‘lishga chorlab turar edi. U kishi askarboshilarga yozgan maktublarida Baro ibn Molikni qo‘mondon qilmanglar, u halokatlardan bir halokatdir, odamlarni boshlab ketib qoladi, der edilar.

Baro ibn Molik roziyallohu anhu o‘zlarini jangchi bo‘lib tug‘ilgan va jangda o‘ladigan odamlardan deb hisoblar edilar. U kishining bu gapga qanchalar ishonishlarini imom al-Hokim va boshqalar o‘z kitoblarida keltirgan quyidagi gaplardan ham bilib olsak bo‘ladi.

Bir kuni Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu o‘z akasi Baro ibn Molik roziyallohu anhunikiga kirsa, u chalqancha yotib, oyog‘ini chalishtirib olib she’rni qo‘shiq qilib aytayotgan ekan. Shunda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu o‘z akasiga tanbeh berib:

«Ey aka! She’rni qo‘shiq qilib aytasanmi?! Alloh senga uning o‘rniga undan yaxshi narsani, Qur’onni berib qo‘yibdi-ku!» dedi.

«Meni to‘shagimda o‘lib qoladi, deb qo‘rqyapsanmi? Mening yolg‘iz o‘zim yuztasini o‘ldirganman. Boshqalar bilan sherik bo‘lganim ko‘p! Men Alloh meni bu holga tushirmasligini orzu qilaman», dedi.

SHARQIY JABHADAGI O‘ZGARISHLAR

O‘sha paytda sharqiy jabhada o‘zgarishlar yuz berdi. Basra amiri Utba ibn G‘azvon roziyallohu anhu vafot etdi. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu u kishining o‘rinlariga avval Mug‘iyra ibn Sho‘‘ba roziyallohu anhuni qo‘ydilar. So‘ngra u kishini Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhu bilan almashtirdilar.

O‘sha vaqtda Forsning podshosi Yazdajir o‘z odamlarini mulkni qayta tiklashga da’vat qilar edi. Ular Ahvozga maktub yo‘llab, ularni ham musulmonlarga qarshi chiqishga unday boshladilar.

Bu xabar Umar ibn Xattob roziyallohu anhuga yetganda u kishi ham Basraning amiriga, ham Kufaning amiriga o‘sha tomonga katta lashkar yuborishga buyruq berdilar. Ular borib, Romhurmuzni fath qildilar.

Hurmuzon Tistrga qochib ketdi. Basra askari Ahvozga yetganda bu xabarni eshitib, yo‘lni Tistr tomon burdi. Hammalari Tistr atrofida uchrashib, uni qamal qilishni boshladilar.

Qamal kuchayganda shahar aholisidan bir kishi omonlik so‘rab chiqdi va yo‘l ko‘rsatib berishni va’da qildi. U shahar ichiga olib kiradigan yer osti yo‘li borligini aytdi.

Shunda musulmon fotihlarning qo‘mondoni Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhu Baro ibn Molik roziyallohu anhuni chaqirib:

«Bizga shaharning ichiga olib chiqadigan yer osti yo‘li dalolat qilindi. O‘zing bilan birga boradigan odamlarni tanlab ol», dedi.

Baro ibn Molik roziyallohu anhu bu amrni olganlaridan keyin Mujz’a ibn Savrni chaqirib:

«O‘z qavmingdan hushyor va baquvvat bir kishining nomini ayt», dedilar.

«Nima uchun, ey Baro?» dedi.

«Bir ish bor», dedilar.

«O‘sha odam menman!» dedi.

«Yer osti yo‘liga dalolat qilindik. O‘shanga kirmoqchimiz», dedilar.

«Men sen bilan birgaman!» dedi.

Ular mazkur yo‘l bilan shahar ichiga kirib ketdilar. Ular bilan bir qancha fotihlar ham ketdilar. Musulmonlar ularning takbir aytishlarini kutib turdilar. Nihoyat ichkaridan eshiklar ochilib, takbir aytildi. Hamma shaharni fath qilishga oshiqdi.

Baro ibn Molik roziyallohu anhuning sheriklari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning u kishi haqlaridagi:

«Qanchadan-qancha sochi to‘zigan, g‘ubor bosgan, ikki jandani kiygan borki, gar Allohga qasam ichsa, uni bajo qilur. Baro ibn Molik o‘shalardandir», degan hadisi shariflarini yaxshi bilar edilar. Ular qachon ishlari yurishmay qolsalar, ey Baro, Robbingga qasam ich, deb iltimos qilishar edi.

Ibn Asir o‘zlarining «Usudul G‘oba» kitoblarida quyidagilarni rivoyat qiladilar:

«Fors yurtlaridagi Tistr kuni bo‘lganida odamlar qiyin ahvolda qoldilar. Musulmonlar Baro ibn Molik roziyallohu anhuga:

«Ey Baro, Robbingga qasam ich!» dedilar.

«Ey Robbim, Senga qasam ichamanki, ularning kiftlarini bizga tutib ber va meni O‘z Nabiyingga erishtir!» dedi Baro ibn Molik roziyallohu anhu va dushman tomon hamla qildi. Odamlar u bilan hamla qildilar. Forslar yengildi. Baro qatl qilindi. Uni Hurmuzon qatl qildi. Bu hijratning yigirmanchi sanasida bo‘ldi».

Hurmuzon shahar qal’asiga berkinib olib, hazrati Umar roziyallohu anhuning hukmlariga tushishni talab qildi.

Fathlar tamom bo‘lgandan keyin Hurmuzon ila hazrati Umar roziyallohu anhuning oldilariga boradigan hay’at tuzildi. Ularning ichida Anas ibn Molik roziyallohu anhu va Ahnaf ibn Qayslar ham bor edi.

Madinai Munavvaraga yetib kelishganda odamlari Hurmuzonga debojdan bo‘lgan kiyimlarini, yoqutli tojini va boshqa zebu ziynatlarini kiydirdilar. So‘ngra Umar ibn Xattob roziyallohu anhu tomon yurib ketdilar.

Ular yetib borganlarida Umar roziyallohu anhu qo‘llarida darralari bilan masjidda uxlab qolgan ekanlar.

Hurmuzon: «Umar qani?» dedi.

Ular: «Ana u», dedilar.

Hurmuzon: «Uning qo‘riqchilari va eshik begilari qani?» dedi.

Ular: «Uning qo‘riqchisi ham, eshikbegisi ham yo‘q», dedilar.

Hurmuzon: «Undoq bo‘lsa, u nabiy bo‘lishi kerak», dedi.

Ular: «Anbiyolarning amalini qiladi, xolos», dedilar.

Shu payt Umar uyg‘ondi. Unga Hurmuzonning xabari berildi. U unga nazar solib turib:

«Buni va bunga o‘xshaganlarni Islom ila xor qilgan Allohga hamd bo‘lsin», dedi.

So‘ngra uning ustidagilarni yechib, oddiy kiyim kiygizishga amr qildi va unga:

«Aldamchilikning oqibati qandoq bo‘lishini va Allohning amrining oqibati qandoq bo‘lishini ko‘rdingmi?» dedi.

U: «Ey Umar! Johiliyat vaqtida siz bilan bizning oramizni Alloh tek qo‘yib qo‘yganda biz sizga g‘olib kelgan edik. Endi esa sizlar bizga g‘olib keldingiz», dedi.

Umar: «Johiliyatda sizlar bizga g‘olib kelishingiz sizning birligingiz va bizning tarqoqligimiz ila bo‘lgan. Birin-ketin ahdni buzishingga nima hujjating va uzring bor?» dedi.

U: «Senga buning xabarini berishimdan oldin qatl qilishingdan qo‘rqaman», dedi.

Umar: «Undan qo‘rqma», dedi.

U suv so‘radi. Unga qo‘pol qadahda suv berildi.

U: «Agar chanqoqdan o‘lsam ham, bunga o‘xshash narsadan icha olmayman», dedi.

Unga o‘zi rozi bo‘lgan idishda suv berildi.

U: «Ichishimdan oldin o‘ldirib qo‘yasanmi, deb qo‘rqaman», dedi.

Umar: «Ichib bo‘lguningcha senga hech narsa bo‘lmas», dedi.

U oxirigacha ichdi.

Umar: «Unga yana beringlar. Unga o‘lim bilan chanqoqlikni jamlamanglar», dedi.

U: «Mening suvga hojatim yo‘q. Men bu bilan jon saqlamoqchi bo‘ldim, xolos», dedi.

Umar: «Endi, seni qatl qilaman», dedi.

U: «Sen menga omonlik bergansan», dedi.

Umar: «Yolg‘on aytding», dedi.

Anas ibn Molik: «Rost aytdi. Ey mo‘minlarning amiri, unga omonlik berdingiz», dedi.

Umar: «Ey Anas, men Baro ibn Molik va Majza’a ibn Savrlarning qotiliga omonlik berar ekanmanmi?! Allohga qasamki, yoki yo‘l top, yoki seni iqobga olaman», dedi.

Anas: «O‘zingiz, xabarini berguningcha senga hech narsa bo‘lmas, ichib bo‘lguningcha senga hech narsa bo‘lmas, dedingiz-ku», dedi.

Uning atrofidagilar ham shunga o‘xshash gap aytdilar. Shunda Umar roziyallohu anhu Hurmuzonga qarab:

«Meni aldading. Allohga qasamki, men faqat musulmondangina aldanaman», dedi.

U musulmon bo‘ldi. U yaxshilik ila tobe’in bo‘ldi. Umar unga ikki ming nafaqa tayin qildi. Ikkovlari orasida Mug‘iyra ibn Sho‘‘ba tarjimonlik qilar edi.

Alloh taolo Baro ibn Molik roziyallohu anhudan rozi bo‘lsin!

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf