Abu Zarr al-G’iforiy

Ilk musulmonlardan bo‘lgan Abu Zarr Bani G‘ifor qabilasidan bo‘lib, tug‘ilgan sanasi ma’lum emas. Asl ismi Jundub ibn Janoda ibn Qays. Islom tarixida ismidan ko‘ra kunyasi ancha mashhur. Laqabi – “Masihul Islom”. Bu laqabni unga shaxsan Rasululloh (s.a.v.)ning o‘zlari berganlar. Abu Zarrning qabilasi johiliyat davrida asosan karvonlarni talash va talonchilik bilan shug‘ullanar, uning o‘zi esa jasur va botirligi bilan shuhrat qozongandi.

Navqiron yoshdagi Abu Zarr kunlarning birida odatlari va kasbidan voz kechib keskin o‘zgardi. Islomdan oldin, haniflardan biri bo‘lgan. U atrofidagilarga “Allohdan o‘zgaga ibodat qilmang. Butlarga sig‘inmang. Ulardan narsa so‘ramang”, deyishni boshladi. U musulmon bo‘lmasdan oldinoq Allohga ibodat qilishni boshlagandi.

Abu Zarr Islomni qabul qilishining o‘z tarixi bor. Kunlarning birida Bani G‘ifordan bo‘lgan bir kishi Makkadan qaytib, Abu Zarrning oldiga keldi va Makkada bir kishi chiqib, o‘zini payg‘ambar e’lon etgani va yangi dinga da’vat qilayotganini aytdi. Qabiladoshining so‘zlarini diqqat bilan tinglagach: “Alloh bilan qasam ichaman, bu zot odamlarga yaxshilik qilishni o‘rganishlari va yomonliklardan saqlanishlari uchun nasihat aytmoqda”, dedi.

Bu suhbatdan bir necha kun o‘tib, Abu Zarr Makkaga yo‘l oldi va Rasululloh (s.a.v.) bilan uchrashishni maqsad qildi. U zot (s.a.v.)ni o‘sha payt sahobalari qattiq qo‘riqlashayotgani sabab bir necha kun qidirdi. Nihoyat Rasululloh (s.a.v.) turgan joylarini topdi va tintuvdan keyin hazrat Ali yetovida huzurlariga kirdi. Rasululloh (s.a.v.) bilan biroz suhbatdan so‘ng Abu Zarr Islomni qabul qildi. Shu kundan e’tiboran butun kuch va g‘ayratini, muhabbat va shavqini, jasorat va shijoatini muborak dinni yoyishga va o‘rgatishga safarbar qildi.

Abu Zarr tabiatan faqir, zohid kishi edi. Boylikka umuman qiziqmasdi. Shu tufayli Rasululloh (s.a.v.) unga Masihul Islom deya laqab bergandilar. Payg‘ambar (a.s.) vafotlaridan keyin butunlay zuhd va taqvoga berildi. Abu Bakr (r.a.) vafot etgach, Madinada turolmay Shomga ko‘chib ketdi. Hazrat Usmon davrlarida xastalanib, yotib qoldi. Hijriy 31–milodiy 651-652 yilda vafot etdi. Ansordan bir yigit kelib, uni kafanladi va Rabazaga dafn qilindi.

Baland bo‘yli, keng yelkali, sochlariga oq tushgan holida vafot etgan Abu Zarr o‘zidan xaroba uy, uch qo‘y va bir necha echkidan boshqa narsa qoldirmadi.

Abu Zarr sahobalar tomonidan “ilm dengizi” deya atalardi. Chunki u Rasululloh (s.a.v.)dan ko‘p savol so‘rar, imon, ehson, yaxshilik va yomonlik haqida ancha narsa bilardi. U juda qanoatli bo‘lib, oddiy yashardi. Bir o‘g‘li bo‘lib Abu Zarr hayotlik chog‘idayoq vafot etgandi. Uning oilasidan faqat xotini va qizi qoldi.

Alloh rozi bo‘lsin!

Shoakmal Shoakbar o‘g‘li tayyorladi.

“Irfon” taqvimining 2013 yil 1-sonidan olindi.

* * *



Tuproqli yer ustida, moviy samo ostida

Abu Zarchalik sodiq odam bo’lmagan.

Muhammad Rasululloh

Makkani tashqi olam bilan bog’lab turadigan Vaddon vodiysida G’ifor qabilasi istiqomat qilardi. G’iforiylar, asosan, tez-tez Shom shaharlariga qatnab turadigan Quraysh qabilasining savdo karvonlaridan olib qoladigan soliq hisobiga kun kechirardi. Agar savdogarlar vodiyliklarni rozi qilmasalar, talon-taroj uyushtirishdan ham toymasdilar.

Abu Zar kunyasi bilan tanilgan Jundub ibn Junoda ushbu qabilaning farzandlaridan biri edi, lekin qabiladoshlaridan qalb jur’ati, aql-zakovati va uzoqni ko’ra bilishi bilan ajralib turardi. Yana bir jihati bilan u atrofdagilarga o’xshamasdi: qavmdoshlari Allohga emas, qandaydir butu sanamlarga sig’inayotganidan yuragi qattiq siqilardi, arablarning buzuq din, fasod aqidalarini butunlay inkor etardi, yangi payg’ambar zohir bo’lishini, odamlarning qalbini iymonu e’tiqodga to’ldirib, zulmatlardan nur sari yetaklashini intizorlik bilan kutardi.

Makkada paydo bo’lgan yangi payg’ambar haqidagi xabar vodiyga yetib kelganida Abu Zar ukasi Anisga dedi:

— Baraka topgur, uka, Makkaga borib kel. Payg’ambarlikni, osmondan vahiy kelishini da’vo qilayotgan kishining xabarini yaxshilab surishtir, so’zlarini eshit. Hammasini menga oqizmay-tomizmay aytib berasan.


Anis Makkaga jo’nab ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan ko’rishdi, so’zlarini eshitib, vodiyga qaytdi. Abu Zar uni sabrsizlik bilan kutib oldi. Uchrashishi hamono yangi payg’ambar haqida so’radi. Anis dedi:

— U kishini ko’rdim. Olijanob axloqlarga chaqirar ekan. Aytayotgan so’zlari ham she’rga o’xshamaydi.

— Odamlar u haqida nima deyishyapti? — yana savol berdi Abu Zar.

— Uni «sehrgar, kohin, shoir» deyishar ekan.

— Bor-yo’g’i shumi? Men sendan ko’proq narsani kutgan edim. Хudo haqqi, javobingdan mutlaqo qoniqmadim. Agar bola-chaqamning holidan xabar olib tursang, Makkaga o’zim borib kelardim.

— Mayli, bora qol, ammo Makka ahlidan ehtiyot bo’l, — tayinladi Anis.

Ertasiga Abu Zar yo’lga oziq-ovqat va suv oldi. Payg’ambar bilan shaxsan o’zi uchrashib, uning xabarlaridan voqif bo’lish uchun Makka sari jo’nadi.


* * *


Abu Zar Makkaga xavotir va hadik ostida kirib keldi. Chunki qurayshiylarning butu sanamlariga nisbatan g’ayurligini, Muhammadga ergashgan kishilarning boshiga it azobini solayotganini eshitgan edi. Shuning uchun Muhammad haqida hech kimdan so’ramadi. Kim bilsin, u xayrihohlardan bo’lib chiqadimi yoki g’animlardan?


Тun kirgach, u masjidning bir burchagiga borib yonboshladi. Yonidan o’tayotgan Ali ibn Abu Тolib uning mehmon ekanini bilib:

— Birodar, yuring biznikiga, — deb uyiga taklif qildi.

Ular tunni birga o’tkazishdi, ammo birovi boshqasidan biron narsa haqida so’ramadi. Ertalab Abu Zar meshiniyu safarxaltasini ko’tarib, masjidga jo’nadi. Uzzukun quloq tutib, payg’ambarning daragini bilolmadi. Qosh qoraygach, bir chetga o’tib yotdi. Bu kecha ham Ali roziallohu anhu uni uyiga olib ketdi. Ikkinchi tun ham har qanday savol-javobdan xoli bo’lib o’tdi. Uchinchi oqshom Ali mehmoniga murojaat qildi:

— Makkaga sizni qaysi shamol uchirdi?

— Agar yordam ko’rsatishga so’z bersangiz, aytaman, — dedi Abu Zar.

Ali so’z berdi.

— Men Makkaga uzoqdan kelganman. Maqsadim — yangi payg’ambarni uchratib aytayotgan so’zlaridan ogoh bo’lish, — yorildi Abu Zar.

Alining yuzida quvonch shu’lalari porladi.

— U kishi, Хudoga qasamki, Allohning haq elchisidurlar. U kishi… u kishi… Тong otgach, bir joyga boramiz. Mendan orqaroqda yurasiz. Biron xavfni sezsam, go’yo suv quyayotganday bo’lib to’xtayman. Men qaysi eshikka kirsam, orqamdan kiring.

Shu tun Abu Zarning ko’ziga uyqu kelmadi. Payg’ambarni ko’rish, ba’zi vahiylarni eshitish ishtiyoqi nihoyatda kuchli edi.

Ertasiga saharlab Ali mehmonni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning uyiga boshladi. Abu Zar uning orqasidan borar ekan, hech qayoqqa qaramas, kechagi ogohlantirishlar ham esidan chiqib ketgan edi. Eshikdan hatlab o’tishi bilanoq:

— Assalomu alayka, sizga salom bo’lsin, ey Allohning elchisi, — deya xitob qildi.

— Senga ham Allohning salomi, rahmati va barakotlari bo’lsin, — alik oldilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam.

Shu bilan Abu Zar eng birinchi islomiy salomlashuvni joriy qilgan odam bo’lib qoldi. So’ng bu odat yoyilib, ommaviy tus oldi.


Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga yuzlanib, islomga da’vat qildilar, Qur’on oyatlaridan o’qib berdilar. Abu Zar shu onda shu makonda islomni qabul etdi. Тo’rtinchi yoki beshinchi bo’lib, yangi dinga kirdi.

Qissaning davomini Abu Zarning o’zidan eshiting: —»Shundan so’ng Makkada, Rosululloh sollallohu alayhi va sallamniig yonida turib qoldim. U kishi menga islomni o’rgatdilar, Qur’on suralaridan ta’lim berdilar. Bir kuni:

— Islomga kirganingni maxfiy tut, makkaliklarning birontasiga sezdirma, chunki ular seni o’ldirib qo’yishdan ham toyishmaydi, — deb tayinladilar.

Men “Jonim qo’lida bo’lgan zotga qasamki, to masjidga borib, Quraysh jamoasining o’rtasida Haq da’vatini e’lon qilmaguncha Makkani tark etmayman», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam indamadilar.

Men masjidga bordim. Qurayshliklar atrofda gap sotib o’tirishardi. Indamay majlisning o’rtasiga o’tdim-da, baland ovoz bilan:

— Ey Quraysh jamoasi, eshitib qo’ying, men Allohdan o’zga iloh yo’q va Muhammad Allohning haq elchisi, deb guvohlik beraman, — dedim.

So’zlarim mushriklarga yashin misol ta’sir ko’rsatdi. O’rinlaridan irg’ib turishdi. «Urlaring anavi sobi’ni» (dindan chiqqan), deb yuz-ko’zimga qaramay urib-tepishga tushishdi. Jonimga Abbos ibn Abdulmuttolib oro kirdi. U meni gavdasi bilan to’sib, ko’zi qonga to’lgan mushtum-zo’rlarga qarata qichqirdi:

— Ey sho’ring qurg’urlar, g’iforlik odamni o’ldirmoqchimisanlar? Holbuki, hammangni tijorating ularning yurtidan o’tadi-ya?!

Quraysh esini yig’ib, do’pposlashdan to’xtadi. Men o’zimga kelgach, to’g’ri Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldiga bordim. U kishi ahvolimni ko’rib:

— Aytmaganmidim, islomingni maxfiy tut, deb; — dedilar.

— Shunday qilishning xonasi kelib qolgandi-da, ,yo Rasululloh, — dedim men.

Payg’ambar alayhissalom tayinladilar:

— Yurtinga qaytib bor. Qavmdoshlaringni ko’rgan-eshitganlaringdan xabardor qil, islomga chaqir. Shoyad, Alloh taolo sen tufayli ularga manfaat yetkazsa, shu sabab ajrlanib qolarding. Qachonki zohir bo’lganimni eshitsang, yonimga kelgin.

Men vodiyga qaytib ketdim. Ko’rgan-kechirganlarimni so’ragan ukamga islomga kirganimni, Alloh va Rasulini tasdiqlagaiimni so’zlab berdim. Anisning ham qalbida islomga moyillik tug’ildi.

— Sening dining haqqa o’xshaydi. Men iymon keltirdim, — dedi.

So’ng aka-uka onamizmi islomga chaqirdik. Volidamiz ham haq dinni qabul qildi.

Shu kundan boshlab musulmon oila G’ifor qabilasi orasida Allohning diniga chaqirish ishlarini avj oldirib yubordi. Charchoq va malollik nimaligini bilmay qilingan da’vatlar natijasida ko’pchilik g’iforiylar saodat yo’liga o’tishdi, namoz jamoat bilan o’qiladigan bo’ldi.

Bir toifa odamlar:

— Hozircha o’z dinimizda qolamiz. Qachonki payg’ambar Yasribga ko’chib o’tsa, unga ergashamiz,— deyishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga hijrat qilganlaridan so’ng ular ham iymonga kelishdi. Shuning uchun Sarvari Olam:

— G’iforni Alloh mag’firat qilsin, Aslam (qabilasi) ni salomat saqlasin, — dedilar.


Abu Zar Badr, Uhud, Хandaq jihodlari bo’lib o’tguncha vodiyda turdi. So’ng Madinaga, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzuriga bordi. U kishidan doim xizmatlarida bo’lish uchun izn so’radi va ruxsat olib ham xizmat, ham suhbat sharafiga erishdi.

Payg’ambar alayhissalom xos xodimni hurmatlardilar, izzat-ikrom ko’rsatardilar. Uchrashib qolganda, qo’l berib ko’rishar, jilmayib, tabassum hadya etardilar.


Rasululloh sollallohu alayhi va sallam rafiqula’lo dargohiga rihlat qilgach, Madinai Munavvarada yashab qolishga Abu Zarning toqati yetmadi. Sayyididan judo bo’lgan shahar uning nazdida go’yo huvillab, g’ariblashib qolgapday edi. Shuning uchun sodiq sahoba Shomdagi chekka bir vohaga jo’nab ketdi. Abu Bakr Siddiq va Umar Foruqning xilofati davrini o’sha yerda o’tkazdi.

Usmon ibn Affonning xalifalik vaqtida Abu Zar Damashqqa bordi. Musulmonlarni dunyo to’plashga ruju qo’yib, rohat-farog’atga sho’ng’ib ketganlarini ko’rib, hushi boshidan uchayozdi. Bunday hayotni inkor qilib, ularni bu yo’ldan qaytarmoqchi bo’ldi. Shunda Usmon uni Madinaga chaqirib qoldi. Ammo u yerda ham odamlar dunyoga berilib ketganlari uchun ular bilan murosasi kelishmadi. Хalifa unga shaharning chetidagi «Rabza» degan qishloqqa borib turishni buyurdi. Abu Zar yangi maskanga ko’chib o’tdi. Odamlardan va ularning qo’lidagi narsalardan yiroq, Payg’ambar va uning ikki xalifasi tutgan yo’lda mustahkam, boqiy ne’matni foniy matodan afzal sanab yashadi.


Bir kun unikiga mehmon bo’lib borgan kishi uy ichiga ko’z yugurtirib, hech vaqo topolmadi va taajjub ila:

— Ey Abu Zar, jihozlaringiz qani?— deb so’radi.

— Biz barcha yaxshi jihozlarimizni u yoqdagi (ya’ni oxiratdagi) uyimizga jo’natamiz, — dedi Abu Zar.

Mehmon nazarda tutilgan ma’noni angladi, lekin bari bir hayrati yozilmadi.

— Ammo, modomiki, shu hovlida ekansiz, qandaydir matohingiz bo’lishi kerak-ku!

— Shunday-kuya, biroq hovlining egasi bizni bu yerda abadiy qoldirmaydida! — javob berdi Abu Zar.


Shom amiri hojatlariga sarflash uchun unga uch yuz dinor jo’natganda, pulni keltirgan kishiga qarab:

— Shom amiri mendan ko’ra nochorroq Allohning bandasini topolmaptimi? — dedi va hamyonni olishdan bosh tortdi.


Hijratning o’ttiz uchinchi sanasida Allohning elchisi tarafidan «Тuproqli yer ustida, moviy osmon ostida Abu Zarchalik sodiq odam bo’lmagan» degan yuksak bahoga erishgan obid va zohid inson hayot bilan vidolashdi.


Doktor Abdurahmon Ra’fat al-Boshoning  «Sodiq sahobalar qissasi» (Toshkent, “O’zbekiston”, 1997) kitobidan olindi.


ABU ZARR al-G’iforiy, to‘liq ismi Jundub ibn Junoda ibn Sufyon ibn Ubayd al-G’iforiy (? — 652/53) — sahobalarning ulug‘laridan. G’ifor qabilasidan. Islomga juda erta kirgan zotlardan.

Xalifalikda Ali avlodlari hukmron bo‘lishi kerak degan g‘oyani ilgari surgan. Abu Zarr G’iforiyning bu g‘oyalari shialikdagi imomat ta’limotiga asos bo‘lgan. Abu Zarr G’iforiy o‘zining taqvosi va sodda hayot tarzi bilan mashhur bo‘lgan.

Payg‘ambar (sav) vafotidan so‘ng Shom sahrosida yashagan. Usmon (ra) xalifaligi davrida Damashqda yashagan. Uning huzuriga ko‘plab kambag’al va bechoralar kelib turgan. Abu Zarr G’iforiy ularga Payg‘ambar (sav)ning shariatga itoat qilmaydigan, ziqna boylarni mazammat qiladirgan hadislarini rivoyat qilib bergan.

Abu Zarr G’iforiy kambag‘allarning boylar mulkida haqlari borligini targ‘ib qilgan. Muoviyanshg shikoyati asosida Usmon (ra) uni Madinaga chaqirtirib olgan. Lekin kambag‘allarni boylarga qarshi qo‘zg‘atgani uchun ar-Rabda qishlog‘iga jo‘natilgan va shu yerda vafot etgan. 281 ta hadis rivoyat qilgan.

Islom ensiklopediyasidan
Abu Zar G’iforiy r. anhu


Ilk musulmon bo’lgan zotlardan. Ismlari Jundab ibni Junoda. Musulmon bo’lmasdan oldingi kunyalari Abu Mamla. Musulmon bo’lganlaridan keyin unga Rosulalloh s.a.v Abu Zar kunyasini berdilar. Laqablari Masihul Islomdir. Bani G’ifor qabilasidanlar. Tug’ilgan yillari noma’lum bo’lib hijriy 32 da Madina atrofidagi Rabaza deyilgan joyda vafot etganlar.


Qovmi orasida jasurligi bilan shuhrat qozongan, kuchi va quvvati bilan u yerlarda mashhur bo’lganlar. Faqat u bularning hammasidan hech bir lazzat olmas, insonlarning o’zlari qo’llari bilan yasab olgan butlariga sig’inishlariga hech chiday olmasdi. Nihoyat bir kun butun koinotning yaratuvchisi borligini anglab yetib insonlardan alohida hayot kechirishga kirishdi. 3 yil shunday davom etdi. Abu Zar G’iforiy hidoyatda odim odim ildamlab turgan bir paytda Janobi Haq Rosul Akramga vahiy yubordi. Insonlar sekin asta musulmon bo’lishni boshlagan. Atrofda turli tuman gap ko’paygan bir payt. Kunlarning birida Makka tarafdan kelgan bir inson Abu Zarning La ilaha illalloh deyayotgani eshitib unga Makka tarafda ham bir inson chiqib Allohdan o’zga iloh yo’q ham U Allohnng elchisiligini e’tirof etmoqda dedi.


Bu xabarni eshitar eshitmas Abu Zar u zotning qaysi qabiladan ekanligini so’radi. Qurayshtan degan javobni olishi bilan ukasi Unaysni Makkaga jo’natdi. Unays Makkada Sarvari Koinot Rosul Akram s.a.v haqlarida ma’lumot olib keldi. Shundan keyin Abu Zar bir oz ozuqa olib Makkaga keldi. Makka borib hech kimga o’zi to’g’risida gapirmadi. Ka’baning oldiga kelib Rosul Akram s.a.v ni ko’rmoqlik uchun bir qulay fursat kelishini kutib o’tirdi. U vaqtlarda Rosulallohning qayerda ekanliklari begonalardan sir tutular edi. Shu bois Abu Zar hech qanday ma’lumot bila olmadi. Oqshmga yaqin Hz Ali Abu Zarni Ka’baning oldida ko’rib g’arib bir ahvolda ekanliklarini bilib o’z uylariga olib ketdilar. Abu Zar o’z sirini Hz. Aliga bildirmadi. Ertalab yana Makka ko’chalarini aylanib kechgacha Rosul Akram to’g’rilarida hech qanday ma’lumotga ega bo’lmadi. Oqshomga yaqin Hz Alini Abu Zarni ko’rib yana uylariga olib ketdilar.


Uning bu yerlarda nima qilib yurganini so’radilar. Abu Zar : Agar menga to’g’ri ma’lumot berishlikka ont ichsangiz aytaman- dedi. Hz. Ali rost ma’lumot berishlikka va’da berdilar. Shundan keyin Abu Zar nima maqsadda kelganliklarini Hz. Aliga aytdilar. Hz Ali u zotni Koinotning Sarvari Xotamal Anibiyo bo’lgan Rosul Akram s.a.v ning oldilariga olib bordilar. Shu tariqa Islom ne’matidan bahramand bo’ldilar. Iymon keltirishlari bilan Ka’baga borib bor ovozlari bilan Allohdan o’zga iloh yo’q va Muhammad s.a.v uning elchisidir dedilar. Buni eshitgan mushriklari hamon u zotning ustilariga kelib rosa do’pposladilar. Ularni qo’lidan Hz. Abbos r.anhu qutqarib qoldilar. Hijratga qadar Abu Zar r.anhu Rosul Akram o’z qavmini Islomga da’vat qilishlikka buyurdilar.


Madinaga hijrat qilgan Abu Zar r.anhuni Payg’ambarimiz s.a.v yana o’z qabilasiga Islomni yoyishlik uchun jo’natdilar. Abu Zar r.anhu Handaq urushidan keyin Madinaga joylashtilar.shundan keyin Rosul Akramning yonlaridan ayrilmadi. Butun vaqtini ilm o’rganishlikka sarfladi. Hamma narsani Rosul Akramdan so’rar edi.


Tabuk urushiga ketilayotganda qo’shindan orqada qolgan Abu Zarni ko’rib Rosul Akram shunday dedilar: Alloh taolo yolg’iz yurgan va yolg’iz vafot etadigan va yolg’iz ko’miladigan Abu Zar’ni rahmat qilsin.


Abu Zar G’iforiy Hz. Usmon r.anhu zamonlarida Madina yaqinidagi Rabaza degan joyda vafot etdilar.


Abu Zar r.anhu ba’zi rivoyatlarga ko’ra Rosul Akramdan 281 hadis sharif rivoyat qilganliklari bildirilmoqda.