Abu Ayyub Ansoriy

Madinalik peshqadam musulmonlardan Abu Ayyub Xolid ibn Zayd Ansoriy an-Najjoriy Hazraj qabilasining Bani Najjor avlodiga mansub bo‘lib, onasi – Zahro binti Sa’d. Bobolari Abdulmuttalibning onasi tomonidan Rasululloh (s.a.v.)ga qarindosh. Abu Ayyub ikkinchi Aqaba bay’atida qatnashib, islomni qabul qilgan.

Musulmonlar Madinaga hijratni boshlaganida Abu Ayyub Rasululloh (s.a.v.)ning yo‘llarini poylab, bir necha bor shahar tashqarisiga chiqib keldi. U zot (s.a.v.) ko‘ringach, butun najjoriylarni to‘plab, istiqbollariga chopdi. Har bir madinalik o‘z uyida Rasululloh (s.a.v.)ning mehmon bo‘lishlarini istardi. Lekin u zot (s.a.v.) tuyalarini erkin qo‘yib, qaysi xonadonda to‘xtashni jonivorga qo‘yib berdilar. Tuya Abu Ayyubning uyi oldida to‘xtab, o‘sha yerda cho‘kdi. Bundan esa, tabiiyki, Abu Ayyub oilasining boshi ko‘kka yetdi.

Abu Ayyub uylarida bo‘lgan bir voqeani shunday hikoya qiladi: «Rasuli Akram (s.a.v.) uyimizning pastki qavatiga joylashgan edilar. Bir kuni yuqorida ozgina suv to‘kilib ketdi. Tomchilab, Rasululloh (s.a.v.)ni bezovta qilmasligi uchun suvni bo‘z parchasiga shimdirib olishga urindik. Keyin oldilariga tushib: «Yo Rasululloh, siz turgan joyning tepasida bo‘lish bizga yarashmaydi. Yuqoridagi xonaga chiqmaysizmi?» – dedim. O‘sha kuni u zot (s.a.v.) yuqori xonaga chiqdilar».

Payg‘ambar (s.a.v.) Abu Ayyubning xonadonida o‘zlariga atalgan manzil bitgunicha – yetti oy istiqomat qildilar. Madinaga ko‘chib kelganlaridan so‘ng Abu Ayyubni Mus’ab ibn Umayr bilan qiyomatli do‘st qilib tutintirdilar.

Badrdan tortib barcha g‘azotlarda Rasululloh (s.a.v.)ning yonlarida ishtirok etgan Abu Ayyub, ul zotning vafotlaridan keyin ham hamma janglarda qatnashdi. Hazrat Ali (k.v.)ning yonlarida turib xorijiylarga qarshi kurashdi.

Rasululloh (s.a.v.) Istanbul fathi haqida bashorat qilib: «Istanbul (Qustantiniya), albatta, fath qilinadi. Uni fath qilgan qo‘mondon naqadar baxtli qo‘mondon, uni fath qilgan askarlar naqadar baxtli askarlardir», deganlar. Hijriy 52 yilda Yazid ibn Muoviya boshliq musulmon qo‘shini Istanbulni qamal qildi. Yuqoridagi hadisdan boxabar Abu Ayyub ham yoshi bir joyga borib qolganiga qaramay, safarga otlangan edi. Lekin yo‘lda tobi qochdi. U Yazidga mabodo vafot etsa, qo‘shin bora olgan eng uzoq manzilga ko‘mishlarini vasiyat qildi. O‘sha yerga dafn qilingan Abu Ayyub al-Ansoriy musulmonlarning Istanbuldagi o‘ziga xos jasorat va iroda timsoli bo‘lib qoldi.

Shoakmal Akbarzoda tayyorladi

«Irfon taqvimi»dan