Sakkokiy (XIV asr oxiri – XV asr oʻrtasi)

Oʻzbek mumtoz adabiyotida yorqin iz qoddirgan, betakror gʻazallar va qasidalar yaratgan yetuk isteʼdod egasi, lirik shoirlardan biri Sakkokiydir.

Sakkokiyning hayoti va faoliyati haqida bizgacha juda kam maʼlumot yetib kelgan. Uning tarjimai holi toʻgʻrisida oʻzining devoni va Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” va “Xutbai davovin” asarlaridan bazi bir maʼlumotlarni bilib olishimiz mumkin. Bundan tashqari, shoir Yaqiniynining “Oʻq va yoy” asarida Sakkokiy turk (oʻzbek) shoirlarining mujtahili (gʻayratlisi) deb taʼriflanishi, uning oʻz zamonasining zabardast shoirlaridan biri ekanligini bildiradi. Sakkokiy movarounnahrlik boʻlib, u Temuriylar saltanatining poytaxti Samarqandda umrguzaronlik qilib ijod etgan.

Sakkokiy – shoirning taxallusi boʻlib, uning asl nomi maʼlum emas. “Sakkok” (pichoqchi) soʻzidan, shoir hunarmand oilada tugʻilgan degan fikrni taxmin qilish mumkin. Sakkokiy XIV asrning ikkinchi yarmida yoki XIV asrning oxirgi choragida tugʻilganini esa hijriy 810 (1407–08) yilda Amir Temurning nabirasi Xalil Sultonga bagʻishlagan qasidasidagi:

Tarixqa sakkiz yuz dogʻi oʻn erdiyu qadr axshomi,

Bir oy tugʻuddi dunyoda kim mamalakatda xon erur.

– misrasidan taxminan bilib olish mumkin. Chunki shoir bu qasidasini ancha ijodiy tajribaga ega boʻlgandan keyin, taxminan 30 yoshlarida yozgan boʻlishi kerak.

Sakkokiy ijodining gullagan davri Ulugʻbek hukmronlik qilgan davrlarga (1409–1449) toʻgʻri keladi. Tarixdan maʼlumki, buyuk munajjim va yetuk davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek maʼrifatparvar podshoh boʻlish bilan birga ilm-fan, sanʼat va adabiyot ahlining homiysi ham edi. Ana shu fikrdan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Sakkokiy Ulugʻbekdan panoh topgan allomalar sirasiga kirib, uning ijodiy faoliyati odil podshoh bilan bogʻliqdir. Sakkokiy oʻz homiysiga atab qasida bitadi va unda Ulugʻbekni koʻklarga koʻtarib maqtaydi va uning dushmanlariga qarshi oʻz soʻzlari bilan zarba beradi. Shoir Ulugʻbekka baho berar ekan, shunday maʼrifatparvar podshoh bilan zamondosh boʻlganidan faxr hissini tuyadi va:

Falak yillar kerak sayr etsayu keltirsa ilkiga,

Meningdek shoiri turku seningdek shohi dononi,

– degan misralarni darj etadi.

Sakkokiy oʻz devonida Mirzo Ulugʻbek, Xalil Sultondan tashqari, Xoja Muhammad Porsoga, Arslonxoja tarxonga ham kasidalar bittan. Bu qasidalardan tashqari devonga bir qator lirik gʻazallar ham kiritilganki, bu gʻazallarning koʻpchiligi bizgacha yetib kelmagan. Sakkokiyning oʻzi tuzgan devonining bir necha qoʻlyozma nusxalari maʼlum boʻlsada, bu nusxalarning birortasi ham toʻla va mukammal nusxa emas. Jumladan, Londonda, Britaniya muzeyida devonning taxminan XVI asr oʻrtalarida koʻchirilgan bir nusxasi va Toshkentda, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik intstitutida 1937 yilda Shoislom ismli kotib tomonidan kaysidir manbadan koʻchirilgan nusxasi saqlanadi.

Sakkokiy XV asr oʻrtalarida vafot etganligini Navoiyning Samarqandda boʻlgan yillarida (1465–1469) Sakkokiy muxlislari bilan uchrashgani va suhbatlashgani bilan izohlash mumkin. Nimagaki, Sakkokiy bu davrda hayot boʻlmagan, agar hayot boʻlganida Navoiy uning oʻzi bilan uchrashgan boʻlardi.

Sakkokiyning qasidachilik borasidagi mahoratini nazarda tutadigan boʻlsak, shak-shubhasiz, uni oʻzbek qasidachiligining asoschisi desak yanglishmagan boʻlamiz. U ulugʻ shoir Lutfiy bilan bellasha oladigan shoir darajasida boʻlgan. Bu haqda Alisher Navoiy “Xutbai davovin” asarida shunday jumlalarni keltiradi: “Uygʻur iborati fusaxosindin va turkiy alfozining bulagʻosindin Mavlono Sakkokiy ham Lutfiylarkim, birining shirin abyotining ishtihori Turkistonda bagʻoyat va birining latif gʻazaliyotining intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdurur va devonlari mavjud boʻlgay”. Bundan koʻrinadiki, Sakkokiy Turkiston, yaʼni Movarounnahrda oʻz ijodi bilan juda katta obroʻga ega boʻlganki, uning goʻzal qasidalari, sevgini vasf etuvchi betakror gʻazallari Samarqand ilm ahlining koʻnglidan mustahkam joy olgan.

Sakkokiy lirikasining asosiy tematikasi koʻpgina shoirlarnikidek asosan sevgi muhabbatni sharaflashdan iborat. U insonni insonga boʻlgan muhabbatini kuylarkan, sevgini hayotga, uning zavq-shavqi, tabiat manzarasi va insoniy ezgu xislatlarga boʻlgan mehr-muhabbat bilan uzviy holatda tarannum etadi. U oʻz sheʼrlarining maʼno va shakliga katta eʼtibor bergan. Sakkokiy oʻz gʻazallarida zamondoshlari kabi ajoyib soʻz oʻyinlaridan ustalik bilan foydalanadi. Tasvirlanayotgan maʼshuqaning gʻamzasini taʼriflar ekan:

Qochonkim gʻamzasi koʻzlab oʻqin kirpiki kezlosa,

Qora qoshlaridan paydo boʻlur ushshoqning yosi,

– deydi.

Sakkokiy gʻazallarida keltirilgan koʻpgina badiiy tasvirlar va oʻxshatmalarni Alisher Navoiy, Bobur va boshqa shoirlarning gʻazallarida ham uchratish mumkin.

Sakkokiy faqat lirik sheʼrlar yozish bilan cheklanib qolmay, yuqorida aytganimizdek, goʻzal qasidalar yozdi va bu qasidalar u yashagan va ijod etgan davrdagi ijtimoiy hayot bilan chambarchas bogʻlanib ketgan.

Sakkokiy Ulugʻbekka atab yozgan qasidasidagi yana bir misraga eʼtiborni qaratsak, foydadan xoli boʻlmas:

Raiyat qoʻy erur, Sulton anga choʻpon yo boʻri,

Boʻri oʻlgayu qoʻy tingʻay, chu Musotek shubon keldi,

– deb yozadi.

Bu bilan Sakkokiy oʻsha davrdagi hukmdorlar haqida fikr yuritadi va adolatli hukmdorlarni choʻponga, adolatsiz hukmdorlarni boʻriga oʻxshatadi.

Ulugʻbek davlat tepasiga kelishi voqeasini shoir quyidagicha ifodalaydi:

Jahondin ketti tashvishu mabodoyi amon keldi,

Xaloyiq aysh eting bu kun, sururi jovidon keldi.

Tan erdi bu ulus barcha, aningtek joni bor yo yoʻq,

Bihamdilloh, oʻgʻon fazli bila ul tanga jon keldi.

Ulugʻbekka bagʻishlab yozilgan qasidada xalq, ulus, raiyat, omonlik, surur, adolat soʻzlari koʻp uchraydi. Bundan koʻrinib turibdiki, zamonasining ilgʻor fikrli kishisi sifatida buyuk shoir Sakkokiy xalq ahvolini oʻylagan hodda, Ulugʻbekdek maʼrifatli hukmdorni davlat tepasiga kelishi xalq uchun yaxshi ish boʻlganligidan mamnun ekanligini izhor etgan.

Shunday qilib, hazrat Alisher Navoiy aytganlaridek, Mavlono Sakkokiy ajoyib lirik sheʼrlar va betakror qasidalar ijod etgan hamda oʻzbek mumtoz adabiyotining ravnaq topib, gullab yashnashiga maʼlum hissa qoʻshgan buyuk shoirlardan biri sifatida tarihda muhrlandi.