Hozirgi zamon oʻzbek nasri taraqqiyotida yozuvchi Xayriddin Sultonov ijodining munosib hissasi, fayzli oʻrni bor.
U 1956 yil 18 yanvarda Toshkent viloyati Qibray tumanining Tuzel qishlogʻida dunyoga keldi. 1963–1973 yillarda Parkent qishlogʻidagi 42-maktabni muvaffaqiyatli tugatgach, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi (1973–1978). Mehnat faoliyatini “Guliston” (1974–1980) jurnalida boshlab, keyin “Yoshlik” (1982–1985) jurnalida, Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida (1980–1982,1985–1990) faoliyat koʻrsatdi.
1993 yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida masʼul vazifada ishlab keladi.
Xayriddin Sultonovning ijodi oʻtgan asrning 70-yillari ikkinchi yarmidan adabiy jamoatchilik eʼtiboriga tushdi. Adibning “Quyosh barchaga barobar” (1980), “Bir oqshom ertagi” (1983), “Onamning yurti” (1987), “Umr esa oʻtmoqda” (1988), “Boburning tushlari” (1992), “Boburiynoma” (1997) maʼrifiy romani, “Toʻqchilik va yoʻqchilik” (2002), “Saodat sohili” (2005), ruscha “Trista shestdesyat chetiʼre dnya” (2013) kabi nasriy kitoblari nashr etildi. Shuningdek, u “Changak”, “Moziydan bir sahifa”, “Mehrobdan chayon” kabi videofilmlar, “Tushlarimda koʻrib yigʻlayman”, “Yolgʻiz yodgorim” kabi badiiy va hujjatli filmlar ssenariylari muallifidir. “Sarhovuzning boʻylarida” (1992) dramasi Samarqand viloyat drama teatrida sahnalashtirgan.
Isteʼdodli adib Xayriddin Sultonov mohir tarjimon sifatida A. Sent-Ekzyuperi, Yu. Nagibin, V. Shukshin, V. Rasputin, A. Yakuban, S. Svigun, O. Ipatova kabi adiblarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Adib “Vatan tuygʻusi” oʻquv qoʻllanmasining hammuallifidir.
Xayriddin Sultonov 1992 yili Oʻzbekiston Respublikasi “Faxriy yorligʻi”, 1996 yili “Shuhrat” medali, 2003 yili “Mehnat shuhrati” ordeni, 2006 yili “Oʻzbekiston respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” unvoni bilan mukofotlangan.
Adib 2016 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.