Latif Mahmudov (1933)

Bolalar va oʻsmirlar adabiyotining taniqli vakillaridan biri Latif Mahmudovdir. U 1933 yilning 1 iyulida Toshkent shahar Mirobod mahallasida tugʻildi. Oʻrta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning filologiya fakulteti jurnalistika boʻlimida tahsil oldi (1951–1956). Mehnat faoliyatini Respublika radiosida muharrirlikdan boshlab, keyinchalik Bolalar va oʻsmirlar uchun eshittirishlar Bosh tahririyati Bosh muharriri vazifasida (1958–1978) xizmat qildi. 1979 yildan esa “Yosh gvardiya” (hozirgi “Yangi asr avlodi”) nashriyotida bolalar boʻlimi mudiri vazifasida xizmat qildi.
Ijodiy faoliyati 1956 yillardan boshlangan Latif Mahmudov “Qadrdon koʻzlar” (1961), “Vafo” (1963), “Chinor” (1964), “Qirgʻiy” (1965), “Shoʻx daryoning siri” (1966), “Bolalar shodligi” (1968), “Ikki dangasa sarguzashti” (1970), “Jasur bolalar” (1971), “Sirli xat” (1974), “Qopga yashiringan odam” (1979), “Eski dutor sirlari” (1980), “Sevgi desam” (2005) kabi oʻttizdan ortiq roman, qissa, hikoya va esselar kitoblari nashr etildi.
Latif Mahmudov dramaturg sifatida “Qirgʻiy olib qochgan bola”, “Ali-Vali”, “Muhim topshiriq”, “Sirli xat” kabi qator pyesalar yaratdi. Ular Yosh tomoshabinlar teatrlari sahnalarida hamon oʻynalib kelinadi. Shuningdek, bolalar va oʻsmirlar hayotidan olib yozilgan asarlari asosida kinofilmlar yaratildi.
Yozuvchining bir qator asarlari rus, ukrain, belorus, latish, eston, gruzin, ozarbayjon, qozoq, qirgʻiz, turkman, tojik tillariga tarjima qilingan.
Latif Mahmudovning “Togʻdagi lolalar” kitobi 1984 yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi mukofotga sazovor boʻldi. 1977 yilda u “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoni, 2000 yilda “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.