Sharafiddin Ali Yazdiy Markaziy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlarining XIV va XV asr boshlaridagi tarixidan bahs yurituvchi mashhur “Zafarnoma” asarining muallifi sifatida tarix zarvaraklarida mangu muhrlangan muarrixlardan boʻlib, uning hayoti va faoliyati asosan XV asrning birinchi yarmiga toʻgʻri keladi.
Sharafiddin Ali Yazdiy Eronning Yazd shahriga qarashli Taft mavzeida (Taft-i-Yazd deb ham atalgan), taxminan XG/ asrning oxirgi choragida tugʻilgan. Uning tarjimai holi haqidagi maʼlumotlar oʻz asarlari va zamondoshlarining asarlarida keltirilgan dalillardan iborat. Uning otasi – Shayx Hoji oʻz davrining yirik olimlaridan sanalib, tariqat ahli – soʻfiylar bilan hamfikr boʻlgan. Manbalarda aytilishicha, Sharafiddin Ali ham yoshligida Yazd soʻfiylari bilan yaqin aloqada boʻlgan.
Sharafiddin Ali Yazdiyning bundan keyingi faoliyati haqidagi maʼlumotlar, uning Sherozda Temuriylar saroyida xizmatda boʻlganligi bilan bogʻliq. Shohruxning oʻgʻli Mirzo Ibrohim Sulton 1414 yili otasi tomonidan Eronning Fors viloyatiga (markazi Sheroz) hokim qilib tayinlanadi. 1435 yilgacha Sharafiddin Ali ana shu shahzodaning saroyida xizmat qiladi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Sharafiddin Alidan qolgan ilmiy adabiy meros adabiyot va til uslubi, sheʼriyat nazariyasi, ilmi nujum, falsafa, tasavvufning nazariy masalalari boʻyicha yozilgan asarlardir. “Sharaf” taxallusi bilan sheʼrlar yozganligi ham maʼlum.
Yazdiyning 1446 yili Hirotga kelgani, bu yerdan Samarqandga, Ulugʻbek huzuriga borganligini ham taxmin qilish mumkin boʻlsada, biroq bu uzoq vaqt davom etgan emas. Aftidan, Shohrux vafotidan (1447) keyin tez orada Sharafiddin Ali oʻz vatani Taftga qaytib keladi va bu yerda xonaqohga joylashib, umrining oxirigacha shunday yashaydi. U hijriy 858 (1454) yili vafot etadi, shu xonaqohga dafn etiladi.
Sharafiddin Ali Yazdiy qalamiga mansub ilmi nujum, sheʼriyat va tariqat nazariyasiga oid bir qancha asarlar borki, ularni birma-bir sanab oʻtishni lozim topdik:
1. “Hulal-i mutarraz dar muammo va lugʻaz” (“Muammo va topishmoqlar borasida bezakli joma”).
2. “Muntaxab-i Hulal” (Mazkur asarning qisqartirilgan bayoni).
3. “Mavotin yo manozir dar muammo” (“Muammo fanida turar joy va manzaralar”).
4. “Qunh uz-zod dar ilm-i vaqf-i aʼdod” (“Adadlar muvofiqligi ilmida haqiqat choʻqqisi”).
5. “Al-Kitob fi ilm-i usturlob” (“Usturlob ilmi boʻyicha kitob”).
6. “Devon-i Sharaf-i Yazdiy” (“Sharafi Yazdiyning sheʼrlar toʻplami”).
7. “Haqoyiq at-tahlil” (“Tahlil, yaʼni “Lo iloha illalloh” ning haqiqatlari”).
10. “Tuhfat ul-faqir va hadyat ul-hakir” (“Faqirning tuhfasiyu haqirning hadyasi”).
11. “Munshaot” (“Xatlar toʻplami”).
12. Maxsus nomga ega boʻlmagan, ammo Amir Temurning tarixini sheʼriy bayon etilgan asar.
Ushbu asar nomlaridan koʻrinib turibdiki, Sharafiddin Ali Yazdiy oʻz davrining anchagina bilimlari boʻyicha ozmi koʻpmi maʼlumotga ega boʻlgan. Shuning uchun ham u Temuriy shahzodalar saroyida xizmatga taklif etilib, zamondoshlari orasida maʼlum darajada shuhrat qozongan. Uning tarixnavislik fani namoyandalari qatoridan oʻrin egallashiga sabab boʻlgan “Zafarnoma” asarining bitilish tarixi ham muallifning oʻz davrining yetakchi muarrixlaridan biri boʻlganligini koʻrsatib turibdi.
“Zafarnoma” asari – “Fathnomayi sohibqiron”, “Tarixi jahonkushoyi Temuriy” degan nomlar bilan ham ataladi, lekin tarix fanida u koʻproq “Zafarnoma” nomi bilan mashhur. Asar tuzilishi jihatidan ikki qismga: Temurdan oldingi davr tarixidan umumiy tarzda soʻzlovchi “Muqaddima” va bevosita Temur davri tarixini yorituvchi asosiy qismga boʻlinadi. Har bir qism uchun alohida-alohida yozilgan, koʻp jihatdan mushtaraklikka ega boʻlgan soʻzboshilarda muallif mazkur qismlarning yozilish tarixini yoritib beradi. U har ikki kism ham Shohruxning oʻgʻyai Ibrohim Suyatonning tashabbusi bilan yozildi, deb koʻrsatadi.
Muallifning taʼkidlashicha, Ibrohim Sulton oʻz bobosi Amir Temur haqida maxsus kitob yozilishini niyat qilgan va hijriy 822 (1419–20) yilda oʻz vaqtida baxshiy va munshiylar tomonidan Temur haqida turkiy, forsiy tillarda yozib qoddirilgan mavjud maʼlumotlarni yigʻib keltirish haqida farmon chiqargan. Bu ish amalga oshgandan soʻng mazkur maʼlumot-hujjatlarni oʻrganishga kirishilgan.
“Muqaddima”da bu hol quyidagicha bayon etilgan: Toʻplanilgan maʼlumotlar voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan kishilar hikoyasi bilan taqqoslab boʻlingach, bu maʼlumotlar bilan Sharafiddin Ali tanishib chiqib, Ibrohim Sultonga axborot berishi lozim boʻlgan. Ibrohim Sulton maʼqullagandan keyin esa Yazdiy “Muqaddima”ni tuzishga kirishgan.
Temur davridan bahs etuvchi qism – “Zafarnoma”ning bosh soʻzboshidan quyidagilarni bilib olamiz: Podshohlikning barcha tomonlaridan Temur haqidagi turkiy va forsiy tillarda bayon qilingan hikoyalarning hamma sheʼriy va nasriy nusxalari toʻplanib boʻlingach, maʼlumotlar bilan tanishish uchun uchta guruh tuzilgan. Turkiy va forsiy tillarning bilimdonlari ikki guruhni, voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrganlar esa bir guruhni tashkil etganlar. Dastlab Temur haqidagi har bir hikoya oʻqilgan, agar uning mazmuni voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan kishining talqiniga toʻgʻri kelmay qolsa, Ibrohim Sulton haqiqatni tiklash uchun turli shaharlarga choparlar yuborib, mazkur voqeani Temurning yana boshqa zamondoshlaridan surishtirgan yoki qoʻshimcha maʼlumotlar toʻplagan. Ana shu qoʻshimcha guvohlar hikoyatlarini ham tinglagach, Ibrohim Sulton aytib turgan va kotiblar yozib borgan. Shu tarzda asarning dastlabki xomaki nusxasi tuzib chiqilgan. Soʻng ana shu xomaki nusxa asosida Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarini yozgan. Ibrohim Sultonning qatʼiy buyrugʻiga asosan kitobni yozish vaqgida sanalar, joy nomlari, ular orasidagi masofa oʻlchovlari haqidagi barcha maʼlumotlar juda sinchiklab tekshirilishi lozim boʻlgan. Sharafiddin Ali Yazdiydan esa asarni jonli til bilan tushunarli qilib yozish talab etilgan va shuningdek, hujjatlarga qatʼiy rioya qilishi, Ibrohim Sultonning bevosita shaxsiy nazorati ostida tuzilgan dastlabki xomaki yozuvdan aslo chetga chiqmasligi hamda hech narsani boʻyab koʻrsatmasligi shart qilib qoʻyilgan.
“Zafarnoma” asarini oʻqir ekanmiz, Sharafiddin Ali Yazdiy daliliy maʼlumotlarni keltirish borasida haqiqatan ham Ibrohim Sulton qoʻygan shartlarga rioya qilganligini koʻramiz. Biroq bu shartni asarning til uslubi, ayrim shaxslarning sifatlarini haddan ziyod tavsiflash hollariga nisbatan rioya qilingan deb boʻlmaydi. Asar til uslubi jihatidan fors tilining oʻsha XV asr adabiy uslubini mukammal bilgan savodxon uchun moʻljallangan, hatto uni oʻz davri uchun tarixiy voqealar asosida yozilgan badiiy asar sifatida ham qabul qilish mumkin.
Asarning “Muqaddima” qismini Sharafiddin Ali Yazdiyning oʻzi “Tarixi jahongir” deb nomlagan, lekin fanda “Muqaddima” nomi bilan mashhur va “Zafarnoma”ning ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bilan birga, hajmi katta boʻlganligi tufayli boʻlsa kerak, qoʻlyozma nusxalari alohida mustaqil asar sifatida ham tarqalgan. U soʻzboshi, ikki fasl va xotimadan iborat.
“Muqaddima”dan koʻzda tutilgan maqsad Temur shajarasini bayon etish va uning oʻzidan oldin oʻtgan hukmdorlardan davlat arbobi va lashkarboshi sifatidagi ustunligini isbotlab berishdan iboratdir. Shu munosabat bilan muallif turkiy qabilalarning kelib chiqish tarixi va Chingizxonning toʻrt ulus tarixini, XIV asr birinchi yarmida Markaziy Osiyo va unga qoʻshni mamlakatlardagi siyosiy vaziyatni bayon etadi, tarqoqlik va oʻzaro urushlarning kuchayishini va bu hol Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzgan Temurning tarix maydonida paydo boʻlishiga bir qadar shart-sharoit yaratilganligini koʻrsatib beradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”ga Temur davri tarixidan tashqari, undan oddingi asrlardagi tarixni ham (garchi umumiy tarzda boʻlsa ham) kiritishi tasodifiy emas.
“Zafarnoma” asarining asosiy qismi esa muallifning dastlabki rejasiga koʻra, uchta maqoladan iborat boʻlmogʻi lozim boʻlgan. Birinchi maqola Temurga, ikkinchisi, uning oʻgʻli Shohruxga va uchinchisi, Shohruxning oʻgʻli va Sharafiddin Ali Yazdiyning homiysi Ibrohim Sultonga bagʻishlanishi koʻzda tutilgan. Binobarin, “Zafarnoma” asari faqat Temurnigina emas, balki Temuriy shahozadalar Shohrux (1405–1447) va Ibrohim Sulton (1414–1435) lar hukmronlik davri tarixini ham yoritishi kerak boʻlgan. Biroq “Zafarnoma”ning hozirda, fanda maʼlum boʻlgan qoʻlyozma nusxalarida keyingi ikki maqola yoʻq, ular yozilmagan yoki bizgacha yetib kelmagan.
Sharq tarixnavisligining eng nodir yodgorliklaridan biri va Amir Temur davri tarixining birlamchi manbalaridan boʻlgan “Zafarnoma” uzoq vaqtdan buyon sharqshunos tadqiqotchilar diqqatini oʻziga jalb etib kelmoqda. Daliliy maʼlumotlarning toʻliqligi hamda ishonchliligi tufayli u oʻsha davr manbalari orasida hanuzgacha muhim oʻrin egallaydi.
XV va XVI asrlarda “Zafarnoma” qahramonlik qissasi janrida ikki marta sheʼriy yoʻl bilan oʻzbek tilida Lutfiy, fors tilida Abdurahmon Jomiyning jiyani Hotifiy (vafoti – 1521) tomonidan kuylangan edi. XVI asr boshlarida Shayboniylarning dastlabki vakillaridan Kuchkunchixon (1510–1530) topshirigʻiga muvofiq Muhammad Ali ibn Darvesh Ali Buxoriy tomonidan “Zafarnoma” oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Adabiyotlarda Hofiz muhammad ibn Ahmad al-Ajamiy tomonidan asarning turk tiliga tarjima qilinganligi haqida ham maʼlumot bor. Bulardan tashqari “Zafarnoma” 1822–1823 yillarda Xivada Xudoyberdi ibn Qoʻshmuhammad Soʻfi al-Xivoqiy tomonidan oʻzbek tiliga qisqartirib tarjima qilinganligi ham maʼlum.
XVIII asrdan boshlab “Zafarnoma”ning ayrim qismlari fransuz (Peti de la Kroa, 1713), ingliz (J. Darbi, 1723) va rus tiliga ham tarjima qilingan. Asarning forscha matni esa 1887–88 yillarda Kalkuttada (Hindiston), 1958 yili Tehronda (Eron) chop etilgan. Biroq bu nashrlarda asarning “Muqaddima” qismi hamda zaruriy koʻrsatkichlar berilmagan. 1972 yili Toshkentda asarning har ikki qismini qamragan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 4472-raqamli qoʻlyozmaning maksimal nashri amalga oshirildi. Bunda tarixiy manbalar ilmiy nashri uchun zaruriy boʻlgan soʻzboshi va turli koʻrsatkichlar bilan birga asar matnining har xil nusxalari va nashrlari orasidagi farklar ham qayd etildi.
Keyingi yillarda Sharqshunoslik institutida “Zafarnoma”ni hozirgi oʻzbek tilida ilmiy izohli tarjimasini nashrga tayyorlash ustida ishlar olib borilmoqda. Asarning kichik bir qismi sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi oldidan, 1994 yilda chop etildi.